Qarshi shahri hokimligi tadbirkorni 5 yil «yugurtirdi». Endi nimani kutyapti?

Jamiyat 11:15 / 24.11.2020 7972

Masala shundaki, Qarshi shahar hokimligi O.To‘xtayevga tegishli «Sanoat oziq-ovqat va qurilish materiallari ta'minoti» korxonasiga qarashli 640 kvadrat metrli ikki qavatli savdo majmuasini buzgach, tadbirkordan 1 mlrd 20 mln so‘m qarz bo‘lib qolgan.

Darvoqe, tadbirkor bundan oldin ham aynan shu muammo bilan Kun.uz’ga murojaat qilgan va o‘tgan yilning kuzida maqola e'lon qilingandi. Shundan bir muddat o‘tib, ming chig‘iriqdan o‘tgan holda tovon pulining yarmi (503 mln so‘m) tadbirkorning plastik kartasiga o‘tkazib berilgan.

Tadbirkorning ma'lum qilishicha, o‘ziga tegishli obektda 40 kishini ish bilan ta'minlab turgan. 7ta do‘kondan iborat majmua o‘rniga hozirgi vaqtda istirohat bog‘i qurilgan.

«Mayli, mulkim davlat ehtiyoji, xalqimizga qulaylik yaratish uchun buzilgan ekan, roziman. Ammo har bir harakat qonun doirasida bo‘lgani ma'qul emasmi? Men shundoq ham tadbirkorligimni to‘xtatib, katta zarar ko‘rdim. Issiq joyimiz sovidi. Bir necha yil sudma-sud, idorama-idora yurdim, kasallik orttirdim, chidadim. Barcha jarayonlarda bizning foydamizga hal bo‘lgan ishni nega cho‘zishayotganiga tushunmayman. Fuqaro davlatdan qarzdor bo‘lib qolsa, o‘sha kunning o‘zidayoq tegishli tashkilotlar qarzni undirishga tushadi. Aksincha, davlat qarzdor bo‘lib qolsa, birovning ishi ham yo‘q. Bu vaqtga kelib men haqdor bo‘lgan summa inflatsiya hisobiga shu qadar qadrsizlanganki, endilikda olinadigan pulga na yer olib bo‘ladi, na do‘kon qurib bo‘ladi», — deydi Oston To‘xtayev.

Tadbirkor 2019 yilning 30 aprelida MIB Qashqadaryo viloyati boshqarmasiga sudning qarori ijro etilmayotgani yuzasidan murojaat qiladi. MIB o‘z navbatida Qarshi shahar hokimligidan «Sanoat oziq-ovqat va qurilish materiallari ta'minoti» korxonasi foydasiga 1 mlrd 20 mln 711 ming so‘m undirish haqidagi ijro hujjati byuroning shahar bo‘limi ish yurituviga 2016 yilning aprel oyida (!) kelib tushganini ma'lum qiladi.

E'tibor qiling, MIB tomonidan qarzdorning balansida 5 dona avtotransport vositasi borligi aniqlanib, 2017 yilning mart oyida taqiq qo‘yiladi. Qarzdorning QIDIRIB TOPILGAN «Neksiya-2» va «Neksiya-3» avtomashinalari 84,6 mln so‘mga baholanadi. O‘sha mashinalarning elektron savdo maydonchasida onlayn-auksionlar orqali realizatsiya qilish choralari ko‘rilayotgani aytiladi.

Shuningdek, MIBning Qarshi shahar bo‘limi ish yurituvida shahar hokimligiga nisbatan 94ta ijro hujjati bo‘yicha 3 mlrd 550 mln 304 ming so‘mlik ijro ishi mavjudligi ma'lum qilinadi. Viloyat prokuraturasidan ham shu mazmunda javob xati olingan.

Qiziq, mulki buzilgan tadbirkor bu xatlarni o‘qib, tovon pulini olish haqida umid ham qilmasa kerak. Qarshi shahar hokimligiga rahmi kelsa ham ajabmas.

Ammo, muammo shundaki, bizda hozircha hokimliklar tadbirkorning mulkini buzayotganda o‘z g‘aznasiga bir qarab qo‘ymasligiga Uzun tumani misolida ham guvoh bo‘lgandik.

Uzundagi mantiqsiz «snos»lar: g‘aznada mablag‘ bo‘lmay turib, yuzdan ortiq obekt buzilgan

Qarshi shahar hokimligidan ham «kutilgan» javob olindi.

Shahar hokimligining bosh yurist-konsulti Zufar Ismoilov Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 dekabrda qabul qilingan «Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘armalar mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida»gi qaroridan kelib chiqib, tadbirkorning kompensatsiyasi bevosita shahar hokimligining budjet mablag‘lari hisobidan qoplanmasligini bildirdi. Yuqoridagi nizomga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘armalar tashkil qilingani, shu tartibda kompensatsiya uchun mablag‘ ajratilsa, tadbirkorga to‘lab berilishini ma'lum qildi.

Huquqshunos tadbirkor O.To‘xtayevning mulki Qarshi shahar hokimligi tomonidan buzilgani va u kompensatsiya pulini besh yildan buyon ololmay yurgani haqidagi taqdimnoma mas'ul idoralarga yetkazilgan-yetkazilmagani to‘g‘risidagi savolga javob berolmadi.

Oydinlashadiki, tadbirkorning mulki haqiqatan ham davlat va jamiyat ehtiyoji uchun buzilgan. Va u o‘zi haq bo‘la turib ham bir necha yildirki Qarshi shahar hokimligi bilan kurashmoqda.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: