Tojikiston milliy valutasi bir kunda deyarli 10 foiz qadrsizlandi. Sabablar va oqibatlar

Iqtisodiyot 21:49 / 23.11.2020 7344

4 noyabr kuni Tojikiston milliy banki valuta kursi bo‘yicha bir martalik narx shakllantirishni amalga oshirdi. Oqibatda, milliy valuta somoni dollarga nisbatan qariyb 10 foizga qadrsizlandi va 1 dollar narxi 10,33 somonidan 11,3 somonigacha ko‘tarildi. O‘sha kuni somoni nafaqat dollarga nisbatan, balki Rossiya rubli va yevroga nisbatan ham keskin qadrsizlandi. Somonining rublga nisbatan rasmiy kursi bir sutkada 11,8 foiz (0,127 dan 0,422 somonigacha), yevroga nisbatan esa 9,2 foiz (12,04 dan 13,15 somonigacha)ga pasaydi.

Shu tariqa, joriy yil boshidan buyon Tojikiston milliy valutasi dollarga nisbatan 16,6 foizga qadrsizlandi. 2019 yilda somoni dollarga nisbatan atigi 2,8 foizga qadrsizlangan edi.

Tojikiston milliy banki yangi narx shakllantirilishini banklardagi rasmiy kurs va «qora bozor»dagi narxlar o‘rtasida mavjud bo‘lgan sezilarli farqni bartaraf etish zarurati bilan izohladi. Shuningdek, mamlakat tashqi savdo aylanmasining salbiy saldosi, pandemiya oqibatida xorijdan pul o‘tkazmalari va investitsiyalar oqimi pasayishi sabab qilib ko‘rsatildi.

Bundan tashqari, mazkur ish mamlakat bank tizimi orqali pul oqimining ko‘payishiga, chet eldan pul o‘tkazmalarini yuboruvchilar manfaatlarini himoya qilishga, pul operatsiyalarining shaffofligini ta'minlashga va dollarning bankdan tashqari aylanishini kamaytirishga imkon beradi, deb izohlandi.

Tojikiston milliy banki aslida rasmiy kursni belgilash uchun etalon sifatida «qora bozor»dagi narxlarni oladi. 4 noyabrgacha rasmiy kurs va «qora bozor» kursi o‘rtasidagi farq allaqachon 10 foizga yetgan edi. Milliy bank ana shu 10 foizlik farqni yo‘qotish uchun dollarning rasmiy kursini ko‘tarishga majbur bo‘ldi.

Yangi kurs shakllantirilganda, somonining dollarga nisbatan rasmiy va bankdan tashqari kursi o‘rtasidagi (ya'ni «qora bozor»dagi) farq 2 foizdan oshmasligi belgilab qo‘yildi.

Tojikiston milliy banki joriy yil 20 martda ham milliy valutaning AQSh dollariga nisbatan yangi narxini shakllantirgan edi. O‘shanda milliy bank tomonidan somoni sun'iy qadrsizlantirilib, rasmiy va norasmiy kurs o‘rtasidagi farqni yo‘qotish uchun dollar narxi 5 foizga oshirilgandi.

«Qora bozor»
Bugun Tojikistonda valuta ayirboshlashning «qora bozor» ko‘rinishi juda rivojlangan. Bu bozorda faoliyat olib borayotgan shaxslarning asosiy qismini 2016 yilgacha qonuniy tarzda valuta ayirboshlash shoxobchalari ochib ishlagan shaxslar tashkil etadi.

Tojikistonda 2016 yilgacha jismoniy shaxslarga ham qonuniy ruxsatnoma asosida valuta ayirboshlash faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat berilgandi. Istalgan shaxs tegishli litsenziya bilan valuta ayirboshlash shoxobchasini ochib faoliyat ko‘rsatishi mumkin edi. O‘shanda Tojikistonda qonuniy va samarali ishlagan bunday shoxobchalarning soni 1,5 mingdan ortiq bo‘lgan.

Xususiy valuta ayirboshlash shoxobchalari yopilgandan so‘ng, ishsiz qolgan valutafurushlar yashirincha ishlashga o‘tishdi. Endi ular qonunni buzib bo‘lsa-da bozorlarda, odamlar gavjum bo‘ladigan joylarda o‘z faoliyatini davom ettira boshladi. Oqibatda, davlat xususiy valuta shoxobchalari ochib ishlayotgan shaxslar to‘laydigan soliqlardan quruq qoldi. Ikkinchi tarafdan, mamlakat hududida muomalada bo‘lgan dollarning katta qismi «qora bozor» orqali aylanadigan bo‘ldi.

Bugungi kunda Tojikistonda valuta oldi-sotdi qilinadigan «qora bozor» gullab-yashnamoqda. Aksariyat «dollarfurush»lar avval qonuniy tarzda ishlagan davridagidan kam bo‘lmagan «oborot» bilan ishlamoqda. Ularning ayrimlari o‘zining valuta zaxirasini tijorat banklari xodimlari yordami bilan to‘ldirishini va xodimga «yordami uchun» foydasidan hissa ajratishini aytadi.

So‘nggi narx shakllantirilishi natijalari

Foto: Asia-Plus

4 noyabrda amalga oshirilgan narx shakllantirilishi tijorat banklaridagi somoni kursiga jiddiy ta'sir ko‘rsatdi. Masalan, Esxata bankida dollarni sotib olish va sotish kursi 11,31 – 11,33, Arvand bankida 11,32 – 11,33 Mikromoliyalashtirish bankida 11.30 – 11.33 somoni bo‘lyapti. Aksariyat banklar bugun mamlakatda valuta taqchilligi sababli faqat dollar sotib olyapti. Sotish uchun valuta yo‘q. Ayrim banklar faqat ertalab 1-2 soat cheklangan miqdorda, kishi boshiga 100 yoki 200 dollardan valuta sotmoqda. Bankdan kuniga atigi bir necha kishi dollar sotib olishi mumkin.

Tojikiston milliy banki mamlakatdagi dollar tanqisligiga izoh berar ekan, holatni pandemiya sharoitida mamlakat iqtisodiyoti orqaga ketgani, eksport ko‘rsatkichlari pasaygani va mehnat muhojirlari Tojikistonga jo‘natayotgan pullar oqimi sezilarli ravishda kamayganiga bog‘laydi. Dollar tanqisligining yana bir sababi davlat budjeti hisobidan strategik obektlarni qurish va davlat qarzlarini to‘lash uchun sarflanadigan valuta xarajatlarining o‘sishi deb baholanadi.

Tojikiston milliy banki ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda kunlik valuta defitsiti, mavsumga qarab, 8-25 million dollarni tashkil etadi. «Ushbu defitsitni qoplash manbayi – bu Tojikiston milliy bankining oltin-valuta zaxiralari, banklar tomonidan chet eldan jalb qilingan qisqa va uzoq muddatli kreditlar, aholining banklardagi depozitlari hamda jismoniy shaxslarning pul o‘tkazmalari», deyiladi milliy bank axborotida.

Joriy yilning 9 oyida valuta kursini oltin-valuta zaxiralari hisobidan barqarorlashtirish uchun Tojikiston milliy banki 104,3 million dollar ishlatgan.

Bir kunlik sukunatdan so‘ng, 5 noyabr kuni rasmiy kurs bozor kursiga tenglashtirilishi ortidan, odatda tanqislik kuzatilmaydigan «qora bozor»da dollar narxi 11,3 somonidan 11,6 somoniga oshdi. Oqibatda, aholi ehtiyojlari uchun birlamchi zarur oziq-ovqat mahsulotlarining narxi ham sezilarli darajada ko‘tarildi. Bundan tashqari, import va mahalliy mahsulotlar narxi ham oshdi.

Import mahsulotlarini sotuvchi savdogarlar dollar narxi oshgan zahoti o‘z mahsulotlarining narxini oshirishdi. Bunga izoh sifatida ular, sotadigan mahsulotlari chet el valutasiga sotib olinishini sabab qilib keltirishdi.

Undan so‘ng, meva va sabzavot sotadiganlar ham narxlarni ko‘tarishdi. Import tovarlarning narxi oshganda ular ham o‘z mahsulotlari narxini oshirishga majbur bo‘lishlarini aytishadi.

«Agar dollar ko‘tarilishi ortidan xorijdan import qilinayotgan mahsulotlar narxi oshsa, biz ham o‘zimiz sotayotgan mahsulotlar narxini oshirishga majbur bo‘lamiz. Aks holda, biz avvalgi daromad bilan birlamchi zarur ehtiyojimizni ham qondira olmaymiz», deydi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotuvchi tadbirkor.

Milliy valuta qadrsizlangan ilk kunlarda xorijdan keltirilgan mahsulotlar narxi uncha o‘zgarmasligi mumkin. Narxlar oshishini keyinroq, xorijiy mahsulotlarning yangi partiyalari kelganda ko‘rish mumkin. Tojikistonga deyarli barcha tayyor mahsulotlar chetdan keltirilishi inobatga olinsa, milliy valutaning qadrsizlanishi iste'mol tovarlar narxini oshirib, xalqning xarid qilish qobiliyatini pasaytirib boraveradi.

Mutaxassislar nima deydi?
Iqtisodiy tahlilchi Nur Safarov Tojikiston valuta bozoridagi o‘zgarishlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya rublining dollarga nisbatan kursi bilan bog‘laydi. Uning aytishicha, Tojikistondagi valuta kursi bilan bog‘liq holat Rossiyadagi jarayonlarga bog‘liq. Rossiya Tojikistonning yirik savdo hamkori, ishchi kuchi eksport bo‘ladigan muhim bozori va mos ravishda valuta keladigan asosiy mamlakat hisoblanadi.

Tahlilchi yaqinda Rossiyada rublning dollarga nisbatan qadrsizlanganini eslaydi. «Umuman olganda, zaif iqtisodiyot, uncha kuchli bo‘lmagan eksport salohiyati va importga katta bog‘liqlik doimiy ravishda somoniga valuta kursi bosimini o‘tkazadi. Oqibatda, milliy bank valuta kursini vaqti-vaqti bilan pasaytirishga majbur bo‘ladi», deydi u.

Tahlilchining ta'kidlashicha, somonining qadrsizlanishi birinchi navbatda aholining xarid qilish qobiliyati pasayishini anglatadi. Somonining qadrsizlanishi avvalo aholining eng zaif qatlamlari: pensionerlar, nafaqaxo‘rlar, o‘qituvchilar, shifokorlar va boshqa barcha davlat xizmatchilarining daromadlariga ta'sir qiladi. Tojikistonda ish haqi, pensiya, nafaqa, stipendiya va boshqa to‘lovlar milliy valutaning qadrsizlanishiga qarab oshirilmaydi.

Safarovning so‘zlariga ko‘ra, bunday hollarda tadbirkorlar vaziyatga yetarlicha tez reaksiya ko‘rsatadi, narxlarni o‘zgartiradi va valuta bozoridagi sharoitlarga moslashadi.

Iqtisodchi Saidjon Nosirjonov milliy valuta kursi mamlakat iqtisodiyotining holati bilan belgilanishini ta'kidlab, mavjud moliyaviy-iqtisodiy sharoitda milliy bank tomonidan valuta kursining shakllantirilishini tabiiy hol deb biladi. Bundan tashqari, uning fikriga ko‘ra, hozirgi sharoitda hukumat rejalashtirilgan budjetni moliyalashtirishi, shu jumladan, budjet tashkilotlarida ishlovchilarning ish haqini belgilangan vaqtda to‘lab berishni ta'minlashi juda muhim.

Moliya mutaxassisi Dilshod Sharafov esa bundan besh yil oldin amalda bo‘lgan erkin valuta ayirboshlash bozoriga qaytish va jismoniy shaxslarga litsenziya asosida valuta bozorida ishtirok etish imkoniyatini berish kerak deb hisoblaydi.

«Valuta ayirboshlashdagi turli qonunbuzarliklarning oldini olish uchun biz 2016 yilgacha mavjud bo‘lgan – erkin valuta ayirboshlash tizimiga qaytishimiz kerak. Balki, hozirgi bozor sharoitida valutalar kursi bugungi kurslardan biroz yuqoriroq bo‘lishi mumkin. Biroq ana shunda somonining turli valutalarga nisbatan haqiqiy kursi shakllanardi va valuta defitsiti degan narsa umuman bo‘lmasdi», deydi Dilshod Sharafov.

Ko‘proq yangiliklar: