Toshkent viloyati va poytaxt chegarasidagi bahsli yer masalasini maxsus ishchi guruh o‘rganadi - Kadastr agentligi

Jamiyat 20:25 / 23.11.2020 3474

20 noyabr kuni Kun.uz saytida «Toshkent viloyati va poytaxt o‘rtasida 1,1 gektar yer «talash» bo‘lyapti. Sud soxta hujjatga asosan qaror chiqargan» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Maqolada Toshkent halqa aylanma yo‘li bo‘yida joylashgan 1,1 gektar yer maydonining Toshkent viloyati yoki poytaxtga kirishi masalasi ochiq qolayotgani, Toshkent shahar ma'muriy sudi Kadastr agentligi nomidan jo‘natilgan soxta xatga asosan ushbu hududni Toshkent viloyati Zangiota tumaniga qarashli deb topgani haqida so‘z yuritilgan edi.

Kadastr agentligining ma'lum qilishicha, agentlik direktorining 13 noyabrdagi buyrug‘i bilan yuqoridagi ziddiyatli holatni atroflicha o‘rganish bo‘yicha agentlik qoshida maxsus ishchi guruh tuzilgan.

«Hozirda ishchi guruh tomonidan har bir holatni har tomonlama va xolisona, mavjud hujjatlar asosida o‘rganish hamda chegaralarni mavjud topografik xaritalar va koordinata sistemasiga bog‘lagan holda aniqlash ishlari amalga oshirilmoqda.

O‘rganish ishlari yakuniga yetkazilgandan so‘ng ushbu [holat] yuzasidan qo‘shimcha axborot berilishini ma'lum qilamiz», – deyiladi Kadastr agentligi axborotida.

Ko‘proq yangiliklar: