Shahrisabz tumanida gaz yo‘q hududda gazga moslashgan namunali uylar qurilgandi, mantiqsizlik jabrini xalq chekmoqda

O‘zbekiston 10:43 / 21.11.2020 14421

Kun.uz mazkur tumanning Ravot mahallasidagi isitish muammosini yanvar oyida yoritib, mutasaddilar e'tiboriga havola etgandi. Ammo beparvolik illati oradan 10 oy o‘tib ham bu muammo o‘z holicha tashlab qo‘yilganiga sabab bo‘lgan ko‘rinadi. Bugun izg‘irindan joni hiqildog‘iga kelgan shahrisabzliklar yana tahririyatga murojaat qildi.

Gap shundaki, 521ta xo‘jalik istiqomat qilayotgan namunaviy uylarning isitish tizimi tabiiy gazga moslashgan. Ammo tabiiy gaz bu hududda yo‘q. Tabiiy gazga moslashgan individual qozonxonalarda aholi qishning sovuq kunlarida o‘tin ham, ko‘mir ham yoqib ko‘rishgan, ammo foydasiz. Hatto ayrimlar suyultirilgan gaz balloni ham ulab ko‘rgan...

Yil boshida «Modomiki tabiiy gaz berilmas ekan, boshqa turdagi yoqilg‘i bilan ishlamas ekan, hech narsaga yaramaydigan bunday qozonxonalar o‘rnatib (ehtimol, «o‘tkazib»), uylar narxini oshirish kimga kerak edi?» degan savol qo‘yilgandi. Uning javobsiz qolgani mayli-ku, bu mantiqsizlik jabrini aholi chekayotganiga achinadi odam.

Ravotliklarning bugungi murojaatida isitish tizimi ishlamayotgani yetmaganidek, elektr ta'minoti ham so‘nggi kunlarda abgor ekani aytilmoqda.

«Uylarimizni elektr bilan isitishga majbur edik, mana endi bundan ham mosuvomiz», deydi Ravot mahallasi yashovchilari.

Modomiki, yangi uylardagi qozonxonalar ishlamas, aholi elektr isitkichlarga murojaat qilayotgan ekan, fikrimizcha, yaroqsiz qozonxona o‘rnatgan quruvchilarga baho berish, hech bo‘lmaganda ishlaydigan qozonxonalar o‘rnattirish kerak. Ammo bu ishni qildira oladigan tashkilot o‘n oyki Qashqadaryoda topilmayapti.

Ko‘proq yangiliklar: