Davlat amaldorlari uchun qanday avtomobil sotib olinishi mumkinligi aniq belgilab qo‘yiladi - moliya vaziri

O‘zbekiston 13:30 / 18.11.2020 39070

Majlis davomida deputat Rasul Kusherbayev mahalliy budjetlarda orttirilgan mablag‘ hisobidan jamoatchilik fikrini hisobga olgan holda kamida 10 foizini sohalarga yo‘naltirilishi kerakligi, lekin so‘nggi vaqtlarda orttirilgan mablag‘ hisobidan hokimlar, boshqa tashkilotlar qimmat avtomobillar olishga zo‘r berib ketishayotganini ta'kidlab o‘tdi.

«Bu yerda jamoatchilik fikri qanchalik hisobga olinyapti? Yoki jamoatchilik hokimlarimiz qimmat mashina olsin, degan taklifni beryaptimi?» – deya so‘radi Kusherbayev.

Bunga javoban moliya vaziri Timur Ishmetov so‘z oldi.

«Mahalliy budjetlarning ortib bajargan qismining 10 foizini fuqarolar fikrini eshitgan holda ishlatilishi tartibi belgilangan. Buning uchun Moliya vazirligi Ochiq budjet portalini ham ishga tushirgan. Ish boshlangan, bizning fikrimizcha, afsuski, biz kutgan darajada ijobiy natija bergani yo‘q. Hali bu bo‘yicha ko‘p o‘zgarishlar qilish kerak.

Bu yil bo‘yicha aytadigan bo‘lsak, yaqinda ikkinchi chorak yakunini tahlil qildik (uchinchi chorakni endi tahlil qilmoqchimiz). Ikkinchi chorakni tahlil qilganda, orttirib bajarilgan mahalliy budjetlarga qolgan qismining 10 foizini, o‘zida qolgani 200 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil qilgan bo‘lsa, 20 mlrd so‘mini fuqarolar bilan fikrlashib, ularning fikrini olib, ishlatishi kerak bo‘lgan. Aslida buning yarmini, 10 mlrd so‘mini shu tarzda ishlatgan.

Buni, pandemiya natijasida hokimliklar mablag‘larning bir qismini pandemiyaga qarshi kurashish tadbirlariga ishlatgani (dori-darmon olib bergan, oziq-ovqat, boshqa yo‘nalishlar) bilan izohlash mumkin», – dedi Timur Ishmetov.

Vazir pandemiya paytida mahalliy hokimliklarning qimmat avtomobillar xarid qilishiga tanqid nazari bilan qarashini ta'kidladi. Shu bilan birga, budjet mablag‘larini idora qilishda nomarkazlashtirish siyosati davom ettirilishini qayd etdi.

«Bunday inqiroz, pandemiya paytida mahalliy hokimliklar, barcha davlat idoralari xarajatlarini nafaqat qonuniy nuqtayi nazaridan, balki mantiq, fuqarolarning hayot tarzidan kelib chiqqan holda ham amalga oshirsa, to‘g‘ri bo‘lardi, deb hisoblayman. Bunga juda ham tanqid bilan qaraymiz.

Siz ko‘targan masalalar – ochiqlik siyosatining mahsuli. Fikrimizcha, borgan sari mahalliy budjetlarga, vazirliklarga budjet xarajatlarini amalga oshirish bo‘yicha mustaqillik berib boramiz. Bitta vazirlik buni nazorat qilishining imkoni yo‘q. Har bir so‘mni, qayerga va qancha ishlatish mumkinligini yozib chiqish – bu orqaga qaytish bo‘ladi. Budjet xarajatlarini bitta vazirlik hal qilishi tariximizda salbiy oqibatlarga olib kelgan.

Mening fikrimcha, eng to‘g‘ri yo‘li – mahalliy hokimiyatlarga, boshqa vazirliklarga budjet mablag‘larini idora etish bo‘yicha ko‘proq mustaqillik berish, ammo shu bilan birga oshkoralikni ta'minlash. Jamoat buni o‘z fikri bilan... Jamoatchilik ham faollashib boryapti. OAVning ham faolligi, sifati oshib borayotganini ko‘rib turibmiz. Ana shu jamoatchilik nazorati o‘zi hammasini joyiga solib qo‘yadi. Jamoatchilik faolligi hukumat, kerak bo‘lsa parlamentga tegishli qaror qabul qilishga turtki bo‘ladi.

Aynan mana shu avtomobillar misolida keladigan bo‘lsak, biz hukumatdan topshiriq oldik. Bundan buyog‘iga davlat idoralari rahbar xodimlari qanday avtomobil sotib olishini aniq ko‘rsatib qo‘yiladi. Hozir Moliya vazirligi tomonidan bu loyiha ishlab chiqilmoqda. Nasib qilsa, haftaning oxirigacha ishlab chiqish niyatimiz bor, hukumatga kiritamiz. Bu yerda har bir lavozimni qo‘yib, qaysi lavozimga qanday mashina sotib olish mumkinligini aniq ko‘rsatib qo‘yamiz.

Agar turli vazirlik, hokimliklar jamoatchilikda shunday fikr paydo bo‘lishiga olib kelayotgan bo‘lsa, aniq ko‘rsatib qo‘yishga majbur bo‘lamiz. O‘ylaymanki, davlat mablag‘larining samarali ishlatilishining yakka-yu yagona yo‘li – biz tomondan ochiqlikni ta'minlab borish, jamoatchilik, parlamentdan ularning fikrlarini eshitib, keyin reaksiya qilish», – dedi Timur Ishmetov.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgan.

Loyihada davlat tashkilotlarining xizmat avtotransportlari xatlovdan o‘tkazilishi va normativlardan ortiqcha bo‘lganlari auksionda sotilishi belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: