Sukuk qimmatli qog‘ozlarining afzalliklari haqida ma'lumot berildi

Iqtisodiyot 17:14 / 17.11.2020 11336

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi rahbarlari ishtirokida obligatsiyalar bozorini tartibga solishni takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda so‘z olgan Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Tursunboy Mahkamov sukuk qimmatli qog‘ozlarining afzalliklari yoki kamchiliklari, bozorga ijobiy yoki salbiy ta'siri qanday bo‘lishi mumkinligi haqida gapirib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalari bo‘yicha ma'lumotlarni keltirdi. Tadqiqot natijalari bo‘yicha hisobot 25 noyabr kuni ommaviy ravishda yoritiladi.

«Qilingan tadqiqot bo‘yicha, O‘zbekistonda 27 foiz aholi yoki tadbirkorlar bank foizidan qochadi. Demak, yo depozitga qo‘ymaydi, yo kredit olmaydi. Mana shu 27 foiz aholi uchun biz tatbiq qilayotgan instrumentimiz - sukuk qimmatli qog‘ozlari juda ma'qul kelishi kerak.

Yana bir afzal tomoni sukuk qimmatli qog‘ozlarining majburiy sharti bor – pulni jalb qilayotganingizda qayerga yo‘naltirishingizni albatta aytishingiz kerak. Bu degani maqsadli yo‘naltiriladi. Qimmatli qog‘ozlarni olayotgan paytingizda, korporativ obligatsiyalarda bu doimiy holat emas. Lekin sukukda bu majburiy holat. Pulingiz qaysi shartlarda, qaysi holatda, qaysi maqsadda ishlatilishini albatta bilishingiz kerak.

Buning yana bir ijobiy tomoni – investor sifatida sukuk qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha o‘z tavakkalchilik darajangizni o‘lchamoqchi bo‘lsangiz, uni o‘lchash va tavakkalchilik darajasini kamaytirish uchun ancha ma'qul bo‘ladi», deya Tursunboy Mahkamovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari sukukning kamchiligi haqida ham gapirdi.

«Emitent tomonidan qaraganda aytishimiz mumkinki, emitent uchun tashkiliy jihatidan sal qiyinroq instrument. Uni chiqarayotgan alohida korxona ochish kerak bo‘ladi. Strukturani qilish uchun sarflanadigan xarajat yoki vaqt jihatidan korporativ obligatsiyaga nisbatan minus tomoni bo‘lishi mumkin», dedi Mahkamov.

Ko‘proq yangiliklar: