Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida «Yevro-4» va «Yevro-5» markali dizel yoqilg‘isi ishlab chiqariladi

Iqtisodiyot 21:08 / 05.11.2020 3796

Ochilish marosimida X.Bozorov va B.Normatov so‘zga chiqib, zavodda zamonaviy va ekologik jihatdan tozaroq dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi nafaqat viloyat, balki respublika iqtisodiyotini yuksaltirishda muhim qadam ekanini ta'kidlashdi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilariga 2020 yildan 2023 yilgacha bo‘lgan davrda FNQZni modernizatsiya qilish dasturining video-taqdimoti namoyish qilindi. «Yevro-4» va «Yevro-5» sinfidagi dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarish uchun «start» tugmasi bosildi.

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi bosh muhandisi Dilshod O‘rinboyevning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, modernizatsiya qilish investitsiya loyihasiga ko‘ra, 2020-2023 yillarda FNQZda gidrokreking va izomerizatsiya (yoqilg‘i va moy mahsulotlari olish usuli) jarayonlarini bosqichma-bosqich joriy etish hamda «Yevro-5» standartidagi AI-92 avtomobil benzini va dizel yoqilg‘isi, Jet A-1 aviayoqilg‘isi hamda II/III guruhga mansub moy mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Fransiyaning «Axens» kompaniyasi yetkazib beradigan uskuna va jihozlarning litsenziyari sifatida, Buyuk Britaniyaning «Amec Foster Wheller – WOOD» kompaniyasi esa asos loyihasini ishlab chiqaruvchi sifatida ish yuritmoqda.

Ayni paytda mazkur zavodning GDS (dizel yoqilg‘isini oltingugurt birikmalaridan tozalash) qurilmasidagi 1,3 million AQSh dollar qiymatli katalizator almashtirish yo‘li bilan birinchi bosqich ishlari amalga oshirilib, «Yevro-4» va «Yevro-5» markali dizel yoqilg‘isini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Ko‘proq yangiliklar: