Sentabr oyida ham inflatsiya ko‘rsatkichi 1,4 foizni tashkil etgan, ammo avgust oyiga nisbatan tezlashgani qayd etilgandi.
Qo‘mitaga ko‘ra, inflatsiya darajasi yil boshidan beri 7,8 foiz, yillik 11,5 foizni tashkil etmoqda.
2020 yilning yanvar-oktabr oylarida iste'mol bozoridagi narxlar 7,8 foizga oshgan.
«Oktabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 2,3 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlar 0,8 foizga, xizmatlar 0,7 foizga qimmatlashdi. Umumiy hisobda, 2020 yilning yanvar–oktabr oylari davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari darajasi 10,0 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlar 6,9 foiz, xizmatlar 5,2 foizga oshdi», – deyiladi Statqo‘m hisobotida.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, oktabr oyida go‘sht, parranda go‘shti va baliq narxi sentyabrga nisbatan 0,7 foizga ko‘tarilgan. Tuxum 17,7 foiz, shakar 8,6 foiz, meva-sabzavotlar 3,2 foiz qimmatlashgan.
Qayd etilishicha, shakar va go‘sht narxi yil boshidan beri baravar 15,0 foizga oshgan. Xususan, suyaksiz mol go‘shti bahosi 10 oy ichida 18,2 foizga ko‘tarilgan.
Yanvar–oktabr oylarida paxta yog‘i 24,2 foizga (oktyabrda – 13,6 foiz), kungaboqar yog‘i 23,9 foiz (oktyabrda – 11,2 foiz) , sariyog‘ 11,1 foiz (oktyabrda – 1,6 foiz), margarin 9,7 foiz (oktyabrda – 1,0 foiz)ga qimmatlashgan.
Eslatib o‘tamiz, Markaziy bank oktabr oyida 2020 yil uchun inflatsiya prognozini 11–12,5 foiz darajasida saqlab qolgan. 2021 yilgi davlat budjet to‘g‘risidagi qonun loyihasiga ko‘ra, hukumat kelasi yil inlfyatsiya darajasi 10 foiz atrofida bo‘lishini taxmin qilmoqda.