«O‘zbekneftgaz» AJ Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida yirik investitsion loyihani ishga tushirdi

O‘zbekiston 16:28 / 30.10.2020 10493

Investitsion loyiha doirasida Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidagi mavjud uchta propan-butan aralashmasini olish qurilmasi modernizatsiya qilindi.

Kecha, 29 oktabr kuni Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida loyihaning ishga tushirilishi munosabati bilan tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda qatnashgan «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning so‘zlariga ko‘ra, yangi loyihani ishga tushirishdan asosiy maqsad – tabiiy gaz va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish quvvatini yanada oshirishdan iborat.

«Ushbu loyihamiz ham xalqimiz kuz-qish mavsumida hech qanday qiyinchilik sezmasligi, tabiiy gaz yetib bormagan hududlarda yashovchi aholini suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyojini qondirish borasida tizimda olib borilgan amaliy harakatlar natijasidir», – dedi Mehriddin Abdullayev.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 9 yanvardagi PQ–4563-sonli «2020–2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan «Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida mavjud uchta propan-butan aralashmasini olish qurilmasini (UPPBS-3/1,2,5) modernizatsiya qilish» investitsiya loyihasini amalga oshirish vazifasi belgilangan edi.

Buni amalga oshirish uchun xorijiy hamkorlar bilan zaruriy shartnomalar imzolangan edi. Ammo kutilmaganda yuz bergan pandemiya tufayli davlatlar chegaralari yopilib qoldi.

Pandemiya va karantin sharoitiga qaramay, loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida «O‘zbekneftgaz» AJ boshqarma va korxonalardagi ichki imkoniyatlar ishga solindi, barcha kuchlar safarbar qilindi.

«Bir so‘z bilan aytganda, pandemiya bizni tobladi, mustaqil ishlashga, mustaqil qarorlar qabul qilishga majbur qildi. O‘zimizga bo‘lgan ishonchni mustahkamladi», – dedi Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi direktori Shokir Jabborov.

Qurilmani modernizatsiya qilish hisobiga yiliga qo‘shimcha 61 ming tonnagacha propan-butan aralashmasi ishlab chiqarishga va buning asosida ichki bozorda ushbu mahsulotga oshib borayotgan talabni qondirishga erishildi.

Modernizatsiya ishlarida zavodni import uskunalar bilan ta’minlash maqsadida Ukrainaning «Sumskoye NPO», Rossiyaning «KMPO», «NIPI NG PeTON», «Elektrostandart-pribor», Shveytsariyaning «Endress+Hauser» va boshqa chet el zavodlaridan qiymati 19,7 mln dollarlik siquv kompressori va uning ichki almashinuvchi qismlari, boshqaruv klapanlari (ZRA), o‘lchov va avtomatika moslamalari (KIPiA), po‘lat quvurlar, NK-16 ST turidagi gaz turbini dvigateli, kolonnalar ichki aloqa qismlari kabi uskunalar va material-texnik resurslar xarid qilingan.

Ushbu loyiha doirasida Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidagi gaz haydash agregatlarining va siquv kompressori stansiyasiga Ukrainaning «Sumskoye NPO» zavodida ishlab chiqarilgan 8 dona SPCh ichki qismlarini yangi va zamonaviylariga almashtirish ishlari olib borildi. 2 dona S-1N va S-2N separatorlari montaj qilinib, K-1 deetanizator kolonnasiga Rossiyaning «NIPI NG PeTON» kompaniyasining ichki qismlari to‘liq o‘rnatildi. Tovar parki maydonida 7 ta 200 kub metr sig‘im uning xizmat ko‘rsatish maydonchasi montaj qilindi. Laboratoriya uskunalarining montaj ishlari amalga oshirildi va «Fortek» XK tomonidan Sho‘rtan NGQCh boshqarmasi xodimlariga amaliy-o‘quv ishlari olib borildi.

Qurilish ishlari esa bosh pudratchi – «Muborakneftgazmontaj» MChJ tomonidan bajarildi.

«Qo‘shimcha propan-butan qurilmasining ishga tushirilishi nafaqat gazni qayta ishlashning birinchi bosqichi, balki gazni chuqur qayta ishlashni rivojlantirish uchun zamin hisoblanadi.

Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi konlarida qazib chiqarilgan gaz «Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasiga jo‘natiladi.

Ushbu majmuada gazdan metan, propan, butan, kondensatlar ajratib olinadi. Shu bilan birga, etandan etilen, polietilen ishlab chiqariladi.

Mamlakatimizda barpo etilayotgan GTL zavodi ishga tushirilgach esa yuqori sifatli yoqilg‘i mahsulotlari – dizel, kerosin, nafta xomashyolari ishlab chiqariladi.

Shuningdek, qo‘shimcha ishlov berish natijasida etilen, propilen ham olinadi. Ulardan esa O‘zbekistonda yo‘q bo‘lgan, import orqali kirib kelayotgan yangi turdagi polietilen va polipropilenlar ishlab chiqariladi.

Natijada gazni qazib olishdan tortib, to qayta ishlash natijasida tayyor mahsulot olishgacha bo‘lgan barcha bosqichlar to‘liq bitta joyda – «Sho‘rtan» guruh konlari bazasida amalga oshiriladi», – deydi «O‘zbekneftgaz» AJ Gazni qayta ishlash va gaz-kimyo departamenti boshlig‘i Alisher Bahodirov.

Tantanali marosimda «O‘zbekneftgaz»AJ tomonidan pandemiya va karantin sharoitlariga qaramay, amalga oshirilgan investitsion loyihada astoydil mehnat qilgan soha xodimlari taqdirlandi.

Jarayonda ishtirok etgan boshqa faol xodimlar ham qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.

Shuningdek, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi 1980 yil 29 oktabr kuni tashkil etilgan bo‘lib, o‘sha kuni boshqarmaning tashkil etilganiga ham 40 yil to‘lgan ekan.

Ushbu sana munosabati bilan boshqarmada yangi muzey ochildi. Muzeyda boshqarma faoliyatiga doir ma’lumotlar, qilingan ishlar, erishilgan yutuqlar haqida ma’lumotlar jamlangan.

Shuningdek, boshqarmada yangi destpetcherlik xizmati ham ishga tushirilib, tizim to‘liq avtomatlashtirildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: