«Muammoning ildizi – fiskal siyosatda». Markaziy bankning pul-kredit siyosati amalga oshadimi?

Iqtisodiyot 18:57 / 29.10.2020 12235

Markaziy bank oldiga narxlar barqarorligini ta'minlash bo‘yicha qo‘yilgan maqsadlar hamda pul-kredit siyosatini inflyatsion targetlash standartlariga muvofiqlashtirish, inflatsiyaning 2021 yilda 10 foizdan past va 2023 yilda 5 foizlik target ko‘rsatkichiga erishish bo‘yicha vazifalardan kelib chiqib, pul-kredit siyosatining 2021 yil va 2022-2023 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqdi.

Hech kimga sir emaski, 2020 yil dunyo mamlakatlari iqtisodiyotiga kutil(ma)gan zarbalarni berishda davom etmoqda. Mazkur noaniqliklar darajasi va ta'sir kanallari xususiyatlarini inobatga olib, Markaziy bank makroiqtisodiy rivojlanish prognozlarini 3 xil – asosiy, tezkor iqtisodiy tiklanishga (optimistik) va tashqi iqtisodiy xatarlar kuchayishiga (xatarli) asoslangan muqobil ssenariylar asosida ishlab chiqdi.

Asosiy ssenariy. Unga ko‘ra, pandemiya bilan bog‘liq vaziyat bosqichma-bosqich yaxshilanib borishi bo‘yicha kutilmalar, aholi va biznes vakillari o‘z faoliyatlarini pandemiya va undan keyingi sharoitlarga moslashgan holda davom ettirishlari asosiy shartlardan qilib olingan hamda tashqi savdo hamkorlar iqtisodiyotining bir maromda tiklanishi hisobiga tashqi talab 2022 yil ikkinchi yarim yilligidan inqirozdan oldingi darajasiga yetadi. O‘zbekistonda iqtisodiy faollik va yalpi talab 2021 yil oxirida inqirozdan oldingi ko‘rsatkichlarga yaqinlashadi.

Budjet daromadlari tiklanib borib, 2023 yilda yig‘ma budjet defitsiti (O‘zbekiston Taraqqiyot va tiklanish jamg‘armasini hisobga olmaganda) 2,5 foizgacha pasayishi prognoz qilinmoqda.

Asosiy ssenariyga muvofiq, pul-kredit siyosatining joriy «nisbatan qat'iy» sharoitlari 2021 yil oxirigacha saqlanib qolinadi.

Optimistik ssenariy. Pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning nisbatan tez sur'atlarda yaxshilanishi, kelgusida karantin choralari joriy etilmasligi hamda jahonda virusga qarshi vaksina va dorilar 2021 yilning ikkinchi yarmidan keng tatbiq qilinishi sharoitlarini o‘z ichiga oladi. Unda tashqi talab 2021 yil ikkinchi yarim yilligida inqirozdan oldingi darajasiga yetishi va jahon iqtisodiyoti tiklanib borgani sari oltin narxi pasayib borishi prognoz qilinmoqda.

Ushbu ssenariy sharoitlarida ichki iqtisodiy faollik va yalpi talab 2021 yil o‘rtasida inqirozdan oldingi darajaga yaqinlashishi, iqtisodiyot o‘zining potensialiga 2022 yilning oxirida yetishi kutilmoqda. Bunda, asosiy ssenariydan farqli ravishda transport, xizmatlar va turizm sohalarida ham o‘sish sur'atlari jonlanadi. Ayni paytda, tartibga solinadigan narxlar erkinlashtirilishi jarayonining 2022-2023 yillarda mantiqiy yakuniga yetkazilishi va ushbu sohalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi iqtisodiy o‘sishning asosiy omillaridan qilib olingan.

Xatarli ssenariy. Ushbu ssenariy jahonda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashib borishi va «global yopilish» 2021-2022 yillarda ham davom etishi ehtimollarini ko‘zda tutadi. Xatarli ssenariyda ichki iqtisodiy faollik va yalpi talab faqatgina 2022 yil oxiriga borib inqirozdan oldingi darajaga yaqinlashishi, iqtisodiyot o‘zining potensiali darajasiga 2023 yil oxiriga borib yetishi va budjet xarajatlari yuqoriligicha saqlanib qolishi sharoitida yig‘ma budjet defitsiti 6-7 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Ushbu ssenariyda talab omillari tomonidan inflatsiyaga bosim pasayadi, inflatsiyaning prognoz trayektoriyasidan pasayish tomonga og‘ishi pul-kredit sharoitlarini biroz yumshatish imkoniyatini yaratadi.

Uchala ssenariy sharoitida ham Markaziy bank inflatsiyaning 2023 yil oxirida 5 foizlik target doirasida bo‘lishi hamda bank va to‘lov tizimlari barqarorligini ta'minlash bo‘yicha doimiy maqsadlari o‘zgarishsiz qoladi.

Barcha ssenariylarni ishlab chiqishda o‘rta muddatli istiqbolda makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur'atlariga erishishning asosiy sharti sifatida tarkibiy islohotlarning samarali olib borilishi, transformatsiya jarayonlari hamda ichki va tashqi xususiy investitsiyalar jalb etilishi jadallashtirilishi kabi omillar olingan.

Markaziy bank taklif etayotgan asosiy va optimistik ssenariyda ham monetar siyosatning «nisbatan qat'iy» sharoitlari saqlanib qolinishi, ya'ni foiz stavkalari yuqoriroq bo‘lishi ta'kidlangan.

Tvitterda «the_MacroBS» nikida fikr qoldirgan iqtisodchi mana shunday monetar-fiskal siyosat shakllanishiga hukumatning samarasiz fiskal xarajatlari turtki bo‘lmoqda, deb hisoblaydi.

«Negaki, hukumat cheklangan resurslarga xususiy sektor bilan teng sharoitda (crowding out) kurash olib bormaydi. Fiskal xarajatlarni amalga oshirishda ko‘pincha turli imtiyozlar taqdim etiladi. Monetar siyosat bo‘yicha belgilangan maqsadga erishishda fiskal xarajatlar qanchalik samarali ishlatilayotganini baholash va samarasiz xarajatlarni keskin kamaytirish talab etiladi.

Boshqacha aytganda, O‘zbekiston sharoitida monetar siyosat fiskal siyosat bilan hamohang olib borilmasa, inflatsiya bo‘yicha qo‘yilgan maqsadga erishib bo‘lmaydi. Agar budjet xarajatlaridagi samarasiz xarajatlar kamaysa, monetar siyosatning «nisbatan qat'iy» pozitsiyasidan qochish mumkin bo‘ladi», — deydi u.

2021 yilda konsolidatsiyalangan budjet xarajatlari 203,8 trillion so‘mni tashkil etdi. 2020 yil davlat budjetida jami konsolidatsiyalangan xarajatlar 162,4 trillion so‘m edi, ya'ni kelasi yili budjet xarajatlari o‘tgan mos davrga nisbatan 25,5 foizga o‘smoqda.

Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, konsolidatsiyalashgan taqchillik 37,4 trillion so‘mni tashkil etsa, so‘mning qadrsizlanishini inobatga olganda ham bu juda katta raqam.

«O‘zbekiston iqtisodiyoti hozir real retsessiya, rasman esa turg‘unlik holatida bunday gigant xarajatlarni ko‘tarishga qanchalar qodir, bilmayman. Yuz berayotgan va yuz berishi mumkin bo‘lgan voqeliklar ta'sirida Makroiqtisodiy rivojlanishning xatarli ssenariy prognozlari asosiyga aylanishi ehtimoli balandroqdek ko‘rinadi», — deb yozadi u.

Markaziy bankning «Pul-kredit siyosatining 2021 yil va 2022-2023 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari» loyihasi bilan ushbu havolaga o‘tib, o‘qish mumkin.

Alisher Ro‘zioxunov

Ko‘proq yangiliklar: