Toshkent shahri hokimligi chorrahalardagi kameralarning litsenziyasi tugaganini ma'lum qildi. IIV buni rad etdi

O‘zbekiston 20:49 / 28.10.2020 18319

Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti rahbari o‘rinbosari Aleksey Xen 27 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining yigirma beshinchi sessiyasida Toshkent shahridagi 114ta chorraha va boshqa joylarda kameralarning litsenziyasi tugaganini aytib, mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalaridan maxsus avtomatlashtirilgan foto va videofiksatsiya tizimi loyihasini moliyalashtirishni so‘ragan.

«Shahardagi yo‘llar harakat xavfsizligini ta'minlash maqsadida 2017 yilning 15 martida Shveytsariyaning AGT International kompaniyasi bilan hamkorlikda 114ta chorrahaga videokuzatuv kameralari, shu bilan birga, tezlik va yo‘l chiziqlari bilan bog‘liq qoidabuzarliklarni aniqlovchi qurilmalar o‘rnatilgan edi. Afsuski, ushbu kameralarning litsenziyasi tugagan. Bu kameralar yana ishlashi uchun quyidagi yechimni taklif qilyapmiz.

Demak, «ABL-SOFT» deb nomlangan mahalliy kompaniya bor. U anchagina mashhur. Ushbu kompaniya bu boradagi ishlanmalarini 2017 yilda Mirzo Ulug‘bek tumaniga tashrif chog‘ida O‘zbekiston prezidentiga taqdim etgan. Ular AutoCon deb nomlanuvchi avtomashinalarning davlat raqamini aniqlash, tezlikni o‘lchash va qoidabuzarliklarni qayd etish tizimini ishlab chiqishgan. Bu tizim ayni paytda butun respublikada joriy qilinmoqda.

Biz ular bilan gaplashdik. Bizga tijorat taklifini taqdim etishdi. Taklifga ko‘ra, mazkur tizimning narxi 1,1 mlrd so‘mni tashkil etadi. Agar biz bu tizimni o‘rnatadigan bo‘lsak, unga sarflangan pulni ikki oyda qoplash mumkin bo‘ladi. Chunki bitta kompleks oyiga taxminan 300 mln so‘mlik qoidabuzarlikni qayd etadi», – degan Aleksey Xen sessiyadagi chiqishida.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan videoda sessiyada ma'ruzachiga deputatlar tomonidan savol berilgani, u bu savollarga javob berilgani tezlashtirilgan kadrlarda namoyish etilgan. Shu sababli ma'ruzachidan nimalar so‘ralgani va u bu savollarga qanday javob bergani noma'lumligicha qolgan.

Shuningdek, sessiya bo‘yicha taqdim etilgan axborotda Shveytsariya kompaniyasi bilan kelishuv necha yilga mo‘ljallangani, nima uchun ularning dasturiy ta'minotidan voz kechilayotgani, Toshkent chorrahalaridagi kameralarning litsenziyasi aynan qaysi sanadan boshlab tugagani, agar litsenziya muddati o‘tib ketgan bo‘lsa, ayni paytda kameralar qaysi asosga ko‘ra qoidabuzarliklarni aniqlayotganiga oydinlik kiritilmagan.

Kun.uz mazkur savollarga javob olish maqsadida IIV Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Shuhrat Murodov bilan bog‘landi. IVV vakili Aleksey Xenning chorrahalarga o‘rnatilgan videokuzatuv moslamalarining litsenziyasi tugagani haqidagi so‘zlarini rad etdi.

«Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash, sodir etilishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish, qoidabuzarliklar sonini kamaytirish maqsadida Toshkent shahridagi ko‘chalar va chorrahalarga o‘rnatilgan videokuzatuv kameralarining litsenziyasi tugamagan. Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining yigirma beshinchi sessiyasining videosini men ham ko‘rdim. Ma'ruzachi so‘zni noto‘g‘ri qo‘llagan, hozir qanday uskuna sotib olsangiz, litsenziya 1-2 yilgamas, umrbod beriladi.  

Ayni paytda qoidabuzarliklarni aniqlovchi videokuzatuv tizimi modernizatsiya qilinmoqda. Vaqtida bu kameralarni sotib olganmiz, endi ularni tashlab yubormaymiz-ku! Deylik, uch yil oldin kompyuter sotib olgansiz. O‘shanda unga Windows 10 operatsion tizimi o‘rnatilgan. Oradan uch-to‘rt yil o‘tgach, uni tashlab yubormaysiz-ku, to‘g‘rimi? Operatsion tizimini yangilaysiz, qayta o‘rnatasiz. Xuddi shunday, kameralarning ham dasturiy ta'minotini yangilayapmiz.

Aslida, men Raqamli rivojlanish departamenti rahbari o‘rinbosarining so‘zlariga izoh berayotganimdan xijolatdaman. Agar sessiyada YHXBB vakili qatnashganda aslida jarayon qanday kechayotgani, nimalar o‘zgarishi, nimalar o‘z holicha qolishi haqida hech qanday savollarga o‘rin qoldirmaydigan qilib taqdimot qilgan bo‘lardi. Bu jarayonda birgina yanglish ma'lumot tufayli shuncha savol kelib chiqmoqda. Kameralar ayni paytda ishlab turibdi, litsenziya muddati tugagani yo‘q. Shunchaki oradan ikki yarim yil o‘tgani uchun ularning dasturiy ta'minoti yangilanmoqda. Har qanday dasturiy ta'minot vaqti-vaqti bilan yangilab turiladi», – deydi Shuhrat Murodov.

IVV rasmiysi yangi dasturiy ta'minot mahalliy ishlab chiqaruvchining mahsuloti ekani yo‘l harakati qoidalarini aniqlash va jarimaga tortish tizimiga hech qanday tashqi omil ta'sir ko‘rsata olmasligini aytib o‘tdi.

Shuningdek, u Shveytsariya kompaniyasi bilan kelishuv necha yilga mo‘ljallangani, hamkorlik qaysi sabablarga ko‘ra to‘xtatilgani, dasturiy ta'minotni yangilash uchun nima uchun aynan «AVL SOFT» kompaniyasi tanlab olingani bo‘yicha izoh bera olmasligini, bu xususda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti javob berishi maqsadga muvofiqligini ta'kidladi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Furqat Mahmudxo‘jayev Kun.uz’ning savollariga mas'ullar 28 oktabr kuni javob berishi mumkinligini bildirdi.

  • Eslatib o‘tamiz, 2016 yil boshida Toshkent shahridagi 39ta chorrahada kameralar sinov tariqasida ishga tushirilgandi.
  • 2017 yil 9 fevralida prezident Shavkat Mirziyoyev IIV xodimlari bilan uchrashuvida Toshkent chorrahalaridagi videokuzatuv tizimini qisqa muddatda ishga tushirish vazifasini topshirgan edi.
  • 2017 yilning 15 martida 115ta chorrahaga o‘rnatilgan kameralar yordamida Toshkentda yo‘l harakati qoidalari buzilishini qayd etish tizimi ishga tushirilgan, dastlabki kunlarda bu poytaxtning markaziy ko‘chalarida tirbandliklarga sabab bo‘lgandi.
  • Kameralar ishlay boshlagach poytaxt ko‘chalaridagi qoidabuzarliklar bir hafta ichida 4 barobarga kamaygan edi
Ko‘proq yangiliklar: