Koson – mamlakatda eng ko‘p paxta yetishtiradigan tuman

O‘zbekiston 20:10 / 28.10.2020 8875

Respublikamiz va Qashqadaryo viloyatida eng ko‘p paxta yetishtiradigan va eng ko‘p paxta topshiradigan Koson tumani 2020 yil uchun paxta topshirish shartnomaviy rejasini oshig‘i bilan bajardi.

«Kosonlik zahmatkash fermerlar bu yil 63 ming 680 tonna paxta topshirdi. Joriy yilda 1120 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 21 ming 700 gektar maydonda g‘o‘zaning «Porloq», «Buxoro-6», «Buxoro-8» navlari ekilib, agrotexnik qoidalar asosida parvarishlandi. Paxtani qisqa muddatlarda sifatli qilib terib olish, terimga ish bilan band bo‘lmagan aholini ixtiyoriy jalb etish bo‘yicha barcha zaruriy choralar ko‘rildi», – deydi Koson tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Fahriddin Nomozov.

Aytish joiz, bu yil Koson tumanida terim mavsumi har yilgidek uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Hosilni yig‘ib olish ishlari uchun 259 ta terim otryadlari tuzildi. Bu otryadlarda 32 ming nafarga yaqin terimchi mehnat qildi.

Terim ishlarining dastlabki kunlaridan kosonlik fermerlar birinchi terimdanoq paxta topshirish rejasini bajara boshladi. Koson, Gulbog‘, Bobur, Andabozor, Guvalak, Beruniy, Arabxona hududlari bu borada peshqadamlikni qo‘ldan boy bermadi.

«Bu yil Koson tumanida yetishtirilgan hosilni yig‘ib olish uchun chetdan terimchi jalb qilinmadi. Mahalliy aholining daromad topishga bo‘lgan ishtiyoqi tufayli 63 ming tonnalik xirmon ko‘tarildi. Bunda fermerlarimiz, qishloq xo‘jaligi xodimlarining ham mehnati beqiyos bo‘ldi», – deydi tuman fermerlar kengashi raisi Said Donayev.

Terim ishlari boshlangandan so‘ng, Koson tumani hokimi Asrol Boykarayev tuman ahliga murojaat bilan chiqdi.

«Ayni mavsum daromadsiz qolganlar uchun qulay fursat. Ishsiz fuqarolar paxta terib pul topaman desa, barcha sharoitni yaratib beramiz. Dalaga borish uchun avtobus tashkillashtiriladi. Issiq ovqat beriladi. Terim pullari muntazam ravishda dala boshida yetkaziladi. Faqat fuqarolarimiz bu imkoniyatdan foydalanib, oq oltinimiz hisoblangan paxtani terib olishga yordam berishlari kerak. Va yana ta'kidlayman, hech kimni paxta terasan deb majburlash yo‘q. Ayniqsa, budjet tashkilotlari, maktablar, tibbiyot muassasalarining hech bir xodimini paxtaga jalb qilish aslo mumkin emas. Buning uchun javobgarlik borligini rahbarlar yaxshi bilishi kerak», – dedi hokim.

Hokimning murojaatidan so‘ng, joylarda majburiy mehnatning oldini olish borasida targ‘ibot olib borildi. Shu bilan birga, ishsiz va daromadsiz qolgan fuqarolarga paxta terib, moddiy ahvolni yaxshilash mumkinligi tushuntirildi. Bu natija ham berdi.

Kosonlik ko‘plab oilalar birinchi terimdayoq o‘z ro‘zg‘ori uchun 30 mln so‘mga yaqin mablag‘ jamg‘ardi.

«Bir kunda 1 mln 200 ming, 1 mln 300 ming pul topyapmiz, – deydi ana shunday oila boshlig‘i Azamat Jumayev. – Men, ayolim, ikki nafar o‘g‘lim, qizim va kelinim bilan jami 6 kishi terim ishlarida qatnashyapmiz. Kuniga 1 tonna, ba'zan 1 tonna 200 kg paxta tergan vaqtlarimiz ham bo‘ldi».

«Gulbog‘» mahallasida istiqomat qilayotgan mazkur oila ayni kunlarda paxta terib, 41 mln 80 ming so‘m pul ishladi.

Jumayevlar oilasi kabi ko‘plab oilalar oilaviy terim ishlarida qatnashib, daromadini oshirdi. Birgina Koson tumani terimchilari uchun shu kunga qadar 80 mlrd so‘m pul tarqatildi. Bu pul pandemiya davrida ishsiz qolgan fuqarolarning oilaviy budjetini oshirishga hissa qo‘shmay qolmaydi.

«Kosonliklar mehnatdan qochmaydi. Mehnatingizga yarasha yaxshi haq to‘lanishi esa ishingiz unumdorligini belgilaydi, – deydi «Bo‘lmas» qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Renat O‘ngboyev. ­– Ishsizman, ish yo‘q deb o‘tirgan fuqarolarimizga tavsiya etaman, paxta tering, pul toping. Bir kunda 100 kg paxta tersangiz, 120 ming so‘m topasiz. 10 kunda esa 1 mln 200 ming so‘m, bir oyda bemalol 5 mln so‘mgacha daromad olishingiz mumkin.

Yana bir muhim ma'lumot, Koson tumanida nafaqat terimchi kuchidan, balki paxta terish mashinalaridan ham foydalanildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan zamonaviy, yuqori samarali paxta terish mashinalarini ishlab chiqarish va terimni mashinada tashkil etish hisobiga ham vaqt tejalmoqda, ham ishchi kuchiga bo‘lgan talab qondirilmoqda. SE-220 rusumli paxta terish mashinalari transformer shaklida ishlab chiqarilayotgan bo‘lib, mavsumda paxta terish mashinasi sifatida qolgan davrlarda universal-haydov traktori sifatida foydalanish imkonini beradi. Terim kunlarining dastlabki kunida tumanning olis hududlariga 10 ta terim mashinalari keltirildi. Keyinchalik bu mashinalar soni 40 taga yetdi.

Sifatli paxta tolasini yetishtirishda fermerlarning ham hissasi katta bo‘ldi. Guvalak fermerlar hududida faoliyat olib borayotgan «Bo‘stondagi Nurmat bog‘i» fermer xo‘jaligi bu yil ham yaxshi natijaga erishdi.

«Fermer xo‘jaligimizning umumiy yer maydoni 190 gektarni tashkil qiladi. Bu yil shundan 108 gektariga paxta yetishtirdik. Reja 271 tonna etib belgilangan edi. Biz 299 tonna, 110 foiz paxta topshirdik. Hozirda ikkinchi va uchinchi terim ishlari dalalarimizda uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Rejani 120 foizga yetkazmoqchimiz», – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Madamin Sultonov.

Prezident Shavkat Mirziyoyev klaster tizimiga to‘xtalar ekan: «Qishloq xo‘jaligining barcha yo‘nalishlaridagi klasterlar joylarda tadbirkorlikni rivojlantirishning lokomotivi bo‘lishi kerak», «klaster tizimi – bu manfaatdorlik, sohaga ilm-fan va innovatsiyaning kirib kelishi, qishloq xo‘jaligining kelajagi va raqobatbardosh bo‘lishi demakdir», – deb alohida ta'kidlagandi.

Paxta xomashyosini yetishtirishda davlat buyurtmasi to‘liq bekor qilinib, qishloq xo‘jaligida erkin bozor tamoyillari shakllana boshladi. Koson tumanida ham paxta yetishtirishda klaster tizimining hissasi katta bo‘ldi. Tumanda tashkil qilingan «Bunyodkor» va «Baxt» klasterlari fermerlarga agrotexnik tadbirlar bajarilishi va barcha jarayonda yaqindan yordam berdi.

Ayni kunlarda tumanda birinchi terim ishlar yakunlanib, hududlarda ikkinchi terim ishlari tashkil qilinmoqda.

E'tiborlisi, dastlab Koson tumanida qo‘lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun 1200 so‘mdan haq to‘langan bo‘lsa, endilikda 1600 so‘mdan to‘lanib, 50 kilogrammdan ortiq paxta tergan terimchilarga o‘simlik yog‘i rag‘batlantirish maqsadida tarqatilmoqda.

Dalalarimizda hali hosil mo‘l. Bu esa bobodehqonlarimiz uchun yil omadli kelganidan darak beradi.

Koson tuman hokimligi axborot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: