Rossiyada ishlash istagidagi fuqarolarga dars berish uchun 500 nafar rus tili o‘qituvchisi jalb qilinadi

O‘zbekiston 20:28 / 26.10.2020 4785

Shuningdek, o‘qituvchilar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufidagi 25ta o‘quv markazida tashkil etilgan rus tili sinflariga ishga jalb qilinadi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabarga ko‘ra, vazirlik va Rossiya Xalqlar do‘stligi universitetining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida Rossiya Federatsiyasida ishlash istagidagi fuqarolarni rus tiliga o‘qitish va zaruriy kasblarga tayyorlash, Rossiya tarixi, qonunchiligi va rus tili bo‘yicha imtihon topshirib, sertifikatga ega bo‘lish imtiyozlarini yaratish bo‘yicha bir qator ishlar bajarildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti va “World Skills Russia” o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida uch tomonlama memorandum imzolangan edi.

Unga ko‘ra, xorijga ishlash maqsadida ketmoqchi bo‘lgan fuqarolarni 25ta yo‘nalish bo‘yicha kasbga o‘qitish ko‘zda tutilgan.

Memorandumga asosan, Rossiya Federatsiyasining Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Yekaterinburg, Qozon shaharlarida ham rus tili va kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha guruhlar tashkil etilgan.

Xabarda aytilishicha, yaqinda Novosibirsk shahridagi o‘quv markazini santexnika yo‘nalishi bo‘yicha tugatgan 14 nafar fuqaroga “World Skills Russia” sertifikatlari berilgan.

Qayd etilishicha, kelgusida Rossiyaning o‘zbekistonlik mehnat migrantlari ko‘proq yashaydigan hududlarida ham rus tili va kasbga o‘qitish markazlarini ochish rejalashtirilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: