Harbiy tavsiyanomasi tasdiqlanmay qolgan abituriyentlarning 600dan ortig‘i talaba bo‘ldi – DTM

O‘zbekiston 10:39 / 26.10.2020 8954

DTMning xabar berishicha, bu yil harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega jami 13 107 nafar abituriyent OTMning bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan.  Mas'ul vakolatli organlar tomonidan dastlabki tekshirish natijalariga ko‘ra, 1 828 nafar abituriyentning harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasi tasdiqlanmagan.

“Qayta tekshirish natijalariga ko‘ra, 1 828 nafar abituriyentdan 1 516 nafari harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega ekanligi, 172 nafari safarbarlik chaqiruv rezervida xizmat qilganligi, 85 nafari harbiy xizmatni o‘tamaganligi va 55 nafari muddatli harbiy xizmatni o‘taganligi, lekin harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega emasligi aniqlandi.

Davlat test markazi tomonidan tavsiyanomasi tasdiqlangan abituriyentlarning test sinovida to‘plagan ballari asosida tanlov natijalari (har bir ta'lim shakli va oliy ta'lim muassasasi kesimida) hisoblanganda 1 516 nafar abituriyentdan 128 nafari davlat grantiga, 478 nafari to‘lov-kontraktga o‘tish ballariga teng yoki undan yuqori ball to‘plaganligi ma'lum bo‘ldi”, – deb yozmoqda Davlat test markazi.

Qayd etilishicha, Ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 6-son bayoni bilan bu abituriyentlarning 128 nafari davlat granti asosida, 478 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan.

“Hozir talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarning qaydnomasi oliy ta'lim muassasalariga taqdim etilmoqda. Talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar o‘z natijalarini shaxsiy kabinetlari orqali ko‘rishlari mumkin”, – deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, tavsiyanomasi tasdiqlanmay qolgan abituriyentlar bir necha marta DTM binosi yoniga to‘planishdi, Vazirlar Mahkamasiga borishdi.

Avvalroq DTM direktori Majid Karimov Qabul komissiyasiga asoslanib, tavsiyanomasi muammo bo‘lgan abituriyent talaba bo‘lishini aytgan edi

Ko‘proq yangiliklar: