AQSh prezidentlik saylovlari dollarga qanday ta'sir o‘tkazadi?

Iqtisodiyot 10:15 / 23.10.2020 17371

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, AQShdagi o‘zgarishlar, shuningdek, Yevropada koronavirus epidemiyasining davom etishi, kasallikka chalinganlar soni ko‘payishi bilan bog‘liq xavotirlar ham investitsiyaviy pozitsiyani egallashni qiyinlashtiradi.

AQSh dollarining oltita asosiy valutaga nisbatan qiymatini o‘lchaydigan indeks shu hafta so‘nggi bir oyning eng past darajasiga tushib ketdi. Yevro/dollar pariteti (lotincha «Paritas» – tenglik. Ushbu tushuncha ba'zi parametrlarda ikki yoki undan ortiq tomonlarning munosabatlardagi tengligini ifodalaydi – tahr.) ham oyning eng yuqori ko‘rsatkichini ko‘rdi.

StoneX xalqaro moliyaviy xizmatlar kompaniyasining xalqaro bozor bo‘yicha strategi Yusuf Abbosiy Reuters axborot agentligiga bergan intervyusida dollar kursidagi zaiflik uzoq muddatli istiqbolda saqlanib qolishi mumkinligini bildirdi.

U koronavirus epidemiyasi tufayli iqtisodiyotni jonlantirishga qaratilgan moliyaviy rag‘batlantirish tartibiga oid muzokaralar to‘xtatilgani va bozor ham endilikda o‘z e'tiborini saylovlarga qarata boshlaganini aytdi.

«Rag‘batlantiruvchi paketning eng optimistik ssenariysi – bu saylovlarda Jo Baydenning g‘alaba qozonishi va Senat demokratlar qo‘liga o‘tishidir. Bu holatda 2021 yil uchun 4-5 trillion dollarlik rag‘batlantiruvchi paket e'lon qilinishi va Baydenning infratuzilma, yashil energiya sohalariga oid rejalari amalga oshirilishi mumkin», deydi Abbosiy.

AQShda koronavirus epidemiyasining iqtisodiyotga ta'sirini yumshatish maqsadida qabul qilinishi kutilayotgan ishlarda oldinga siljish kuzatilmayapti.

Senatda ko‘pchilikni tashkil qiluvchi respublikachilar yetakchisi Mitch MakKonnell ham respublikachi senatorlar bilan bo‘lgan uchrashuvda Oq uyga saylovlar oldidan rag‘batlantirish paketi to‘g‘risida muzokara olib bormaslikni maslahat berganini ma'lum qildi.

Ushbu tavsiyaning matbuotga sizdirilishi esa dollarga nisbatan bosimni kuchaytiruvchi omil sifatida ko‘rilmoqda.

Mutaxassis va tahlilchilarning ta'kidlashicha, ushbu voqeadan so‘ng valuta bozori «kut va guvoh bo‘l» pozitsiyasiga o‘tib olgan.

Saylovdan keyingi mavhumlik

Saxo Capital Markets xalqaro Makro strategi Key Van-Petersen Bloomberg televideniyesiga bergan intervyusida 3 noyabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlarni «so‘nggi o‘n yillikda bozor duch kelgan eng katta siyosiy xavf» deb ta'rifladi.

Shu bilan birga, Van-Petersen saylov natijalaridan qat'i nazar, AQSh iqtisodiyotida kelgusi davrda moliyaviy jihatdan bo‘shashish kutilayotgani, foiz stavkalari pasayishi va xarajatlar ortishi natijasida uzoq vaqt mobaynida dollar qadrsizlanishi jarayoni davom etishi kutilayotganini ta'kidladi.

Garchi strateg va ekspertlar saylovdan so‘ng yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat haqida bir-biriga o‘xshash taxminlarga ega bo‘lishsa-da, ularni eng ko‘p xavotirga soladigan narsa saylovdan keyin paydo bo‘ladigan mavhumlik ekani aytilmoqda.

AQSh valuta bozoridagi ma'lumotlarni tahlil qilishga ixtisoslashgan yetakchi kompaniyalardan biri – OANDA’da chop etilgan bir tahlilda tarixda saylov natijalarining ma'lum bo‘lishi dollarga yuqori darajada ta'sir ko‘rsatgani ta'kidlanadi.

«1980 yildan beri o‘tkazilgan 10 saylovning to‘qqiztasidan so‘ng yangi yoki amaldagi ma'muriyatning dastlabki 100 kunida dollarning qadri ortgan. Ajablanarlisi shundaki, Demokratlar partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod saylangandan keyin dollarning o‘rtacha o‘sishi 4 foizni tashkil etgan, Respublikachilar g‘alaba qozonganida esa bu ko‘rsatkich 2 foizda qolgan», deyiladi ushbu tahlilda.

Shuningdek, 2020 yilgi saylovlar dollar kursiga sezilarli darajada ta'sir ko‘rsatishi kutilayotgani va buning ikkita sababi borligi ta'kidlanmoqda.

«Ulardan birinchisi – pandemiya jarayonining davom etishi natijasida pochta orqali ovoz berish soni ortishi, shuningdek, ovozlarni sanash va g‘olib nomzodni aniqlash jarayonining 2-3 haftagacha cho‘zilish ehtimolidir.

Ikkinchisi esa Jo Bayden g‘alaba qozongan taqdirda Trampning natijalarni tan olmasligi ortidan saylovning konstitutsiyaviy bir inqirozga aylanishidir», deyiladi tahlilda.

Saylovdan so‘ng mavhumlik yuzaga kelishiga sabab bo‘luvchi yana bir xavf – AQSh kredit reytingining salbiy ta'sir ko‘rishidir.

Dunyoning yetakchi kredit reyting agentliklari hisoblanmish Fitch, Moody's va Standard & Poor's (S&P) kabi agentliklar saylov jarayonlarini AQShning kredit reytingi nuqtayi nazaridan diqqat bilan kuzatib borishayotganini ma'lum qilishdi. Shuningdek, ular agar mavhumlik darajasi ortib ketguday bo‘lsa, bu holat salbiy xavf tug‘dirishi mumkinligidan ham ogohlantirishdi.

AQSh kredit reytingi bilan bog‘liq yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar ham dollarga bosim o‘tkazuvchi omillar qatorida ko‘rilmoqda.

Fitch va Moody's ma'lumotlariga ko‘ra, AQShning kredit reytingi AAA, ya'ni eng yuqori darajada. S&P’ning fikricha, ushbu ko‘rsatkich eng yuqori ko‘rsatkichdan bir pog‘ona pastda, ya'ni AA + darajasidadir.

Ko‘proq yangiliklar: