Toshkentdagi kanalizatsiya suvlari qayerga quyiladi?

O‘zbekiston 15:16 / 22.10.2020 27553

Odamlar orasida kanalizatsiyadagi suvning qayerga ketishi va yana ishlatilishi bilan bog‘liq turli afsonalar yuradi, ular haqiqatga yaqinmi? Ana shu savollarga javob izlab, suv tozalash inshootlariga bordik.

Toshkent shahrida kanalizatsiyadan chiqayotgan suvni qayta ishlovchi 3 ta suv tozalash inshooti bor. Ulardan biri O‘rta Osiyoda eng yirigi hisoblanadi. Bo‘zsuv suv tozalash inshooti Toshkent viloyati Zangiota tumani hududida joylashgan bo‘lib, kuniga 600-620 ming kub suvni qayta ishlaydi. Bu yerda poytaxtning 5 ta tumanidagi kanalizatsiya suvlari qayta ishlanadi. Sergeli tumanida joylashgan Salor suv tozalash inshooti esa 6 ta tuman kanalizatsiya suvlarini tozalaydi. Yangi tashkil etilgan Yangi hayot tumani kanalizatsiya suvlari ham aynan shu inshootga yo‘naltirilishi mo‘ljallangan.

Bektemir suvni qayta ishlash inshooti esa faqat Bektemir tumani kanalizatsiya tarmoqlaridan keladigan suvni qayta ishlashga moslashgan. Suv tozalash inshootlari ichida eng yirigi – Salor hisoblanadi va u O‘rta Osiyodagi eng yirik suv tozalash inshootidir.

Inshootlarga tumanlardan kirib kelgan kanalizatsiya suvlari quyidagi bosqichlarda tozalanadi: cho‘ktirish, tindirish, loyqani olish, kislorod berish va gipoxlorid bilan zararsizlantirish. Har bir oqova suv inshootida xlor ishlab chiqarish sexlari faoliyat yuritadi. Suvni tozalab, zararsizlantirishda sexlarda tayyorlangan xlordan foydalaniladi. Shahardan kirib kelgan suvdagi chiqindilar maxsus yirik va mayda panjaralarda ajratib olinadi va fermer xo‘jaliklariga yuboriladi. Ya'ni, bu suvlardan ekinlar uchun ozuqa sifatida foydalaniladi.

Oqava suvni qayta ishlash maskanlarida bir kunda aholidan kirib kelgan 2 mln. kub atrofida suv tozalanadi. Bu yerga faqat aholidan emas, shu atrofdagi ishlab chiqarish korxonalaridan ham tozalanadigan suv kirib keladi. Mutaxassislarga ko‘ra, aholidan keladigan suvdagi ifloslanish miqdoriga qaraganda korxonalardan keladigan suvda chiqindi miqdori ko‘proq.

Davlat ekologiya qo‘mitasi tasdiqlagan me'yorlar bo‘yicha 1 litr suvda 150-200 mg.gacha muallaq moddalar (chiqindilar) bo‘lishi mumkin. Ammo ishlab chiqarish korxonalari hisobiga bu belgilangan me'yordan ortib ketadi va texnikalarning suvni tozalashga kuchi yetmasligi mumkin. Darhaqiqat, inshootda mavjud texnikalar korxonalardan chiqayotgan suvdagi rang va plastmas zarralarini ushlab qolishga mo‘ljallanmagan.

Shaharning olis nuqtalarida joylashgan bu inshootlarga butun poytaxt aholisining kanalizatsiya tarmoqlaridan suv o‘z bosimi bilan kirib keladi. Bu hududlarda suv tabiiy yo‘l bilan tozalanadi va maxsus laboratoriyada tekshiruvdan o‘tkaziladi. Qayta ishlangan suv foydalanish uchun yaroqli hisoblanadi. Uni iste'mol qilib bo‘lmasa-da, baliqchilik havzalarida, dehqonchilikda ishlatish mumkin. Tozalangan suvlar Bo‘zsuv, Salor kanallari, Chirchiq daryosi orqali shahar atrofidagi sug‘oriladigan yerlarga chiqariladi.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi
Montaj ustasi Muhammadjon G‘aniyev

Ko‘proq yangiliklar: