“O‘zbekgidroenergo” AJ respublikadagi ishlab chiqaruvchi korxonalar orasida birinchi bo‘lib “Fitch Ratings” xalqaro agentligining kredit reytingiga ega bo‘ldi

O‘zbekiston 15:10 / 22.10.2020 1420

“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati “Fitch Ratings” va “Standard and Poor’s” xalqaro reyting agentliklari tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga suveren kredit reytingi bahosi tegishli tartibda “BB-” (barqaror) va “B+” (barqaror) darajalarida berildi.

“O‘zbekgidroenergo” AJning moliyaviy barqarorligini va investitsion jozibadorligini aniqlash maqsadida, joriy yilning iyun oyida Jamiyatning xalqaro kredit reytingini olish uchun jahonning yetakchi “uchlik” reyting agentliklaridan biri hisoblangan “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi bilan shartnoma imzolandi.

“Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi “O‘zbekgidroenergo” AJning nafaqat moliyaviy-iqtisodiy holatini o‘rgandi, balki uning korporativ boshqaruv tizimini, biznes strategiyasini, ichki normativ hujjatlarining yuritilishi va boshqa yo‘nalishlarni chuqur o‘rganib, tahlil qildi.

Chuqur tahlillar hamda korxonalar faoliyatining belgilangan ma'yorlar asosida baholanishi natijasida, kuni kecha “O‘zbekgidroenergo” AJ respublikada ishlab chiqaruvchi korxonalar orasida birinchi bo‘lib “Fitch Ratings” xalqaro kredit reytingining “B+” (barqaror) darajasini qo‘lga kiritdi. Mazkur reyting darajasi, “O‘zbekgidroenergo” AJni jahonning mashhur investorlar bozorlariga tanitishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Qo‘lga kiritilgan mazkur yutuq, kelgusida “O‘zbekgidroenergo” AJning iqtisodiy barqarorligini yanada oshirishga xizmat qiladi hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda xorijiy investitsiyalarni davlat kafolatisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilish imkoniyatini beradi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ ushbu yutuq bilan chegaralanib qolmaydi, kelgusi yillarda “Fitch Ratings” xalqaro agentligining tavsiyalari bo‘yicha reyting darajasini yanada oshirish hamda uni barqaror saqlab qolish yo‘lida izchil va jadal faoliyatni davom ettiradi.

"O‘zbekgidroenergo" AJ Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: