Dunyodagi vaziyat: Fransiyalik vazirning uyidagi tintuv, Baydenning atrofidagilardan virus chiqmoqda

Jahon 00:00 / 16.10.2020 18286

BBC shu va shu kabi koronavirusga oid kunning boshqa xabarlari dayjestini keltirgan. Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab koronavirusdan zararlanganlar soni 38,5 milliondan oshgan, qariyb 1,1 mln kishi vafot etgan.

Britaniya hukumati London shahrini epidemiologik vaziyat nisbatan yomon bo‘lgan hududlar kiruvchi toifaga o‘tkazdi - yaqinda mamlakatda joriy etilgan uch darajali tizimga ko‘ra, ikkinchi toifaga «kasallanish xavfi oshgan hudud»lar kiritiladi.

Shanba kunidan e'tiboran bir uyda yashamaydigan londonliklar uyda, pablar va restoranlarda uchrashmasligi kerak. Ochiq kenglikda muloqot qilish mumkin, ammo bir joyda 6 nafardan ortiq kishi yig‘ilishi mumkin emas.

Mamlakatning turli hududlaridagi yana olti shahar va Esseks grafligi to‘liq ikkinchi toifaga o‘tkazilgan. Bungacha Manchester va Liverpul ushbu toifada edi.

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II epidemiya boshlanganidan buyon ilk marta qirollik qarorgohidan tashqaridagi marosimda ishtirok etdi.

Unga nabirasi, shahzoda Uilyam hamrohlik qildi, qirolicha koronavirusga qarshi kurashning turli metodlarini ishlab chiqishda faollik ko‘rsatgan olimlar guruhi bilan uchrashgan. Bundan tashqari, ular Sergey Skripal va uning qizi 2018 yilda Solsberida «Novichok»dan zaharlanishi bilan bog‘liq tekshiruvlarda ishlagan jamoa bilan tanishishgan.

Qirolicha ham, shahzoda ham tibbiy niqobda bo‘lishmagan. Ammo uchrashuvga taklif qilingan 48 kishining barchasi Covid-19ni aniqlash testidan o‘tgandi. Bukingem saroyidagilarning ishonch bildirishicha, qirolicha xavfsizligini ta'minlash uchun barcha zarur choralar ko‘rilgan.

Dunyodagi vaziyat
Fransiya politsiyasi hukumatning yuqori martabali amaldorlarining pandemiyaga qarshi kurash harakatlarini tekshirish doirasida ularning uylarida tintuv o‘tkazmoqda. Jumladan, uyiga huquq-tartibot organlari vakillari tashrif buyurganlar orasida sog‘liqni saqlash vaziri Olive Veran va Fransiya Milliy jamoat salomatligi agentligi rahbari Jyerom Salomon ham bor.

Rasmiylarga nisbatan tekshiruv mamlakatda kasallik avj olganida sud qarori chiqarilib boshlangandi. Bunga Fransiya shifoxonalarida individual himoya vositalari taqchilligi yuzaga kelgani, shuningdek, o‘z vaqtida zarur qarorlar qabul qilinmagani asos bo‘lgandi. Shifokorlar va Covid-19 qurboniga aylangan fuqarolarning yaqinlaridan ko‘plab shikoyatlar kelib tushgan.

Jons Hopkins universiteti ma'lumotiga ko‘ra, Fransiya Yevropada kasallanish holatlari soni bo‘yicha 10-o‘rinda - jami 820,3 ming holat, 33 ming kishi kasallikdan vafot etgan. Prezident Emmanuel Makronning so‘zlariga ko‘ra, infeksiya mamlakatning barcha hududlari bo‘ylab tarqalgan.

Chorshanba kuni mamlakatdagi eng yirik shaharlarda - Parij, Marsel, Lill, Lion, Ruan, Sent-Eten, Tuluza, Grenobl va Monpeleda komendantlik soati joriy etildi. Bu qat'iy choralar jami 22 mln kishiga ta'sir qiladi.

Kamala Harris jamoasida Covid-19
AQSh vitse-prezidentligiga nomzod bo‘lmish Kamala Harris shtabida kommunikatsiya masalalari bo‘yicha direktor hisoblangan xodimga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, Harrisga xizmat ko‘rsatgan samolyot ekipaji a'zolaridan virus chiqqan.

Demokratlarning saylovoldi shtabi bergan rasmiy ma'lumotga ko‘ra, Kamala Harris kasallik aniqlanganlarning hech biri bilan so‘nggi ikki kun davomida yaqin aloqada bo‘lmagan. Bu esa unga karantinga ketmaslik imkonini beradi.

«Ammo ehtiyotkorlik yuzasidan va kampaniyamiz ichki tartibiga ko‘ra, biz senator Harrisning mamlakat bo‘ylab safarlarini 18 oktyabrgacha bekor qilamiz», - deyiladi Jo Baydenning saylovoldi shtabi bayonotida. AQShda prezidentlik saylovlari 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tishi belgilangan.

Yevrokomissiya rahbari YeI sammitini tark etdi
Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen Bryusselda YeI davlatlari yetakchilari ishtirokida boshlangan ikki kunlik sammitni bir soat o‘tib tark etdi. Ma'lum bo‘lishicha, u shu kunlarda Covid-19 tashuvchisi bilan aloqada bo‘lgan. U topshirgan test natijasi manfiy chiqqan bo‘lsada, tadbirni tark etishga va boshqalarni xavfga qo‘ymaslikka qaror qilgan.

Lekin bu ma'lumot unga yetkazilgunicha u sammitda nutq so‘zlashga ulgurgandi, xususan, Yevroittifoqning barcha davlatlari karantin qoidalariga amal qilishi kerakligi, mintaqadagi vaziyat kundan kunga dahshatli tus olayotganini aytib o‘tgan.

Yangi tashxis - «uzoq muddatli Covid-19»
Britaniya jamoat salomatligi tadqiqotlari milliy instituti olimlari e'lon qilgan hisobotga ko‘ra, ayrim holatlarda kasallikka chalinganlarda koronavirus alomatlari avval aytilganidan uzoqroq vaqt davomida qoladi.

Shu vaqtgacha koronavirus yengil kechganda alomatlar ikki haftada yo‘qolishi, jiddiyroq holatlarda esa kasallik uch hafta davom etishi haqida tushuncha mavjud edi. Natijada, bu muddatdan keyin ham alomatlar saqlanib qolgan bemorlar yoki bu ma'lumotlarga ishonishmas yoki o‘zlarida umuman boshqa kasallik bor, degan fikrga kelishardi. Hisobotda aytilishicha, bunday holatlar haqida xabar bergan bemorlar soni minglab bo‘lgan.

Simptomlar davomiyligi Covid-19ning o‘zi va yana koronavirus kasalligidan kelib chiquvchi uch sabab bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin:

  • O‘pka va yurak faoliyatidagi surunkali muammolar
  • Intensiv terapiya asoratlari
  • Koronavirusdan keyingi doimiy charchoq sindromi

Shu tariqa, olimlarning aytishicha, Covid-19 ma'lum muddat davomida davolash mumkin bo‘lgan kasallik emas, u uzoq vaqt saqlanib qoluvchi kasallik darajasiga o‘tmoqda, natijada, tashxis va terapiyada yangicha yondashuvlar talab etiladi.

Oksfordda yangicha test ishlab chiqildi
Payshanba kuni Oksford universiteti olimlari inson organizmidagi koronavirus infeksiyasini besh daqiqada aniqlaydigan ekspress-test ishlab chiqishgani haqida ma'lum qilishdi.

Universitet testning tajribaviy namunasi 2021 yil boshlarida ishlab chiqarilishi, yana olti oydan keyin esa tasdiqlangan modeli taqdim etilishiga umid qilishmoqda.

Qayd etilishicha, yangi test virusni aniqlashda yuqori aniqlikka ega, bundan tashqari, u mazkur virusni boshqa kasalliklardan farqlay oladi.

Olimlarning fikricha, bunday ekspress-testlar dunyo iqtisodiyotini tiklash garovi bo‘ladi, aeroportlar, maktablar, oliy ta'lim muassasalari va odam to‘planuvchi boshqa joylarda bunday testlarni tezkorlik bilan o‘tkazish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: