Qirg‘iziston prezidenti iste'foga chiqdi 

Jahon 13:16 / 15.10.2020 84052

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bugun, 15 oktabr kuni, qirg‘iz xalqiga mamlakatdagi mavjud ijtimoiy-siyosiy vaziyat tufayli murojaat bilan chiqdi

«Aziz vatandoshlar! Mamlakatimiz poytaxti Bishkek shahrida ijtimoiy-siyosiy vaziyat keskinligicha qolmoqda. Kecha Jo‘qorg‘i Kengesh hukumat tarkibini tasdiqladi, men Qirg‘iziston Respublikasi prezidentining tegishli lavozimlarga tayinlash to‘g‘risidagi farmonlarini imzoladim. Ammo, bu keskinlikni yumshata olmadi.

Men uchun Qirg‘izistonda tinchlik, mamlakat yaxlitligi, xalqimizning birligi va jamiyatdagi osoyishtalik hamma narsadan ustundir. Men uchun har bir vatandoshimning hayotidan azizroq narsa yo‘q. Men hokimiyatda intilmayman. Qirg‘iziston tarixida o‘z xalqiga o‘q otgan va qon to‘kkan prezident sifatida qolishni istamayman. Shu sababli iste'foga chiqishga qaror qildim. Men Japarovni va boshqa siyosatchilarni poytaxtdan o‘z tarafdorlarini olib chiqib, Bishkek aholisiga tinch hayotni qaytarishga chaqiraman. Hech qanday hokimiyat mamlakatimiz bir butunligi va jamiyatdagi totuvlikdan ustun emas», deyiladi prezident saytida joylashtirilgan bayonotda.

Shu kunlarda Jeenbekov yangi bosh vazirning iste'fo to‘g‘risidagi talabini rad etgandi.

Chorshanba kuni tongda u Japarovni hukumat rahbari etib tayinlagandi. Bu ikkinchi urinishda ro‘y berdi. Parlamentning birinchi tayinlovi prezident tomonidan rad etilgan, u buni bosh vazirni tayinlash uchun o‘tkazilgan yig‘ilishda parlamentda yetarli miqdorda deputatlar ishtirok etmagani bilan izohlagandi.

Prezident Japarovni bosh vazirlikka tayinlashi bilan u prezidentning iste'fosini talab qila boshladi.

«Prezidentning iste'fosi - xalq talabi. Bugun men prezidentning oldiga kiraman, biz bu masalani hal qilamiz», - degandi Japarov jurnalistlarga.

Bu vaqtda hukumat binosi oldida Japarovning tarafdorlari yig‘ilgan va prezident iste'fosini talab qilib miting boshlagandi.

Prezident bilan uchrashuvda yangi bosh vazir yana bir bor undan zudlik bilan iste'foga chiqishni talab qilgan. Bu haqda prezident matbuot xizmati ham xabar bergan. Chorshanba kungi uchrashuv vaqtida prezident bu talabni bajarishdan bosh tortgandi.

«Prezident 9 oktabr kuni bayon qilingan pozitsiyasida qat'iy turibdi: u mamlakatni huquqiy yo‘lga qaytargach — parlament saylovi o‘tkazilganidan va prezidentlik saylovi e'lon qilinganidan keyin iste'foga chiqadi», degandi prezident matbuot kotibi Tolgonay Stamaliyeva.

«Sooronbay Jeenbekov yana bir bor hozirda prezident lavozimini tark etishga haqli emasligini ta'kidlab o‘tdi, chunki bu davlatga zarar keltiradigan voqealar rivojiga olib kelishi mumkin», - deyilgan uning bayonotida.

Jeenbekov iste'fo haqidagi bayonotida yana bir bor o‘ylab ko‘rganini aytib o‘tgan: «Afsuski, tajovuz susaymayapti, zudlik bilan iste'foga chiqishim haqida talab davom etmoqda. Hozirgi vaziyat ikki tomonlama ziddiyatga yaqin. Bir tomondan - namoyishchilar, boshqa tomondan - huquqni muhofaza qilish idoralari. Harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish idoralari davlat qarorgohini himoya qilish uchun qurol ishlatishi shart hisoblanadi. Bunday holda, qon to‘kiladi, bu muqarrar. Ikkala tomonni ham fitnalarga berilmaslikka chaqiraman».

Chorshanba kuni Japarovning tarafdorlari prezident iste'foga chiqishdan bosh tortganidan norozi bo‘lib, komendantlik soati amal qilayotganiga qaramay, «Ala-Archa»dagi prezident qarorgohiga borish niyatlarini bildirishdi.

Japarov kechqurun o‘z tarafdorlari oldiga keldi va ertagacha tarqalishni so‘radi. Bishkek IIBB ham aksiya ishtirokchilaridan komendantlik soati choralariga amal qilib, tarqalishni so‘radi. Biroz vaqt o‘tib namoyishchilarning bir qismi avtobuslarga o‘tirishdi va «Oq-Kema» mehmonxonasiga yo‘l olishdi, ular so‘nggi kunlarni shu yerda o‘tkazishmoqda, bir qismi esa qarorgoh tomon yo‘l olgan.

Payshanba kuni Japarovning tarafdorlari qarorgohga yaqin joyda to‘planayotgani ma'lum bo‘ldi. «Interfaks» muxbiri bu yerga mingga yaqin kishi kelganini xabar qilgan, TASS agentligi xabarida «Ala-Archa»ga bir necha avtobus va harbiy yuk mashinalarida militsiya xodimlari va harbiy xizmatchilar keltirilgani aytilgan.

Jeenbekovni uch yil muqaddam - 2017 yilning 15 oktyabrida prezident etib saylashgandi. Sputnik Qirg‘iziston ma'lumotida qayd etilishicha, ushbu mamlakatning barcha prezidentlari 61 yoshida iste'fo bergan, Jeenbekov beshinchisi bo‘ldi.

Japarov 51 yoshda, u ikki marta Qirg‘iziston parlamenti deputatligiga saylangan, u xuddi Jeenbekov kabi shimoldagi Issiqko‘l oblastida tug‘ilgan. 2017 yil avgustida Bishkek sudi uni davlat amaldorini garovga olishda aybdor deb topib, 11,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etgandi. Bu ish 2013 yilda «Qumtor» konini milliylashtirish talabi bilan o‘tkazilgan mitingdan keyin ochilgandi. O‘shanda Japarov boshliq namoyishchilar Qorako‘lda Issiqko‘lning o‘sha vaqtdagi gubernatori Emilbek Kaptagayevni garovga olishgandi.

Shu yilning 6 oktyabriga o‘tar kechasi Bishkekdagi tartibsizliklar vaqtida namoyishchilar bo‘lajak bosh vazirni ozod qilishdi. Bu namoyishlar 4 oktabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlaridan keyin boshlangandi, saylovda muxolifatchi partiyalarning birortasi parlamentda o‘rin ololmagandi.

Shundan so‘ng, namoyishchilar parlament binosiga bostirib kirishdi, MSK saylov natijalarini bekor qildi, ko‘p o‘tmay parlament deputatlarining bir qismi Japarovni bosh vazir lavozimiga tasdiqlashdi.

Tartibsizliklar vaqtida Japarov bilan birga mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev ham ozod etilgandi. U korrupsiya va jinoiy to‘daboshining noqonuniy qo‘yib yuborilishi bilan bog‘liq ishlar tufayli 11 yilga qamalgandi. Atamboyevning tarafdorlari uni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi qamoqxonasidan ozod etishgandi. Ammo u 9 oktabr kuni yana qo‘lga olindi.

Ko‘proq yangiliklar: