«Hududlarda oqsoch ayollar, uy xizmatchilari tayyorlash markazlari ochish, ularning huquqini himoya qilish borasida taklifim turlicha talqin qilindi. Shuni bilishingizni xohlardimki, bu gapni avvalo aziz ayollarimiz himoyasi uchun aytdim.
Bu sohada tartib o‘rnatish, uy xizmatchilarining huquqini himoya qilish millatimizning sha'nini tushirmaydi, aksincha yuksaltiradi. Ularni o‘qitadigan markazlarni ochishning yomon tomoni yo‘q. Taklifim shundan iboratki, shundoq ham mavjud bo‘lgan xizmat turini qonuniylashtirish kerak. Ular o‘z huquqlarini talab qila olishlari yaxshi-ku», deya viloyat hokimining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Erkinjon Turdimov 8 oktabr kuni prezident rahbarligidagi videoselektor yig‘ilishida ayollarni uy xizmatchisi, oqsochlik va enagalik kasblariga tayyorlash bo‘yicha taklif bergandi. Uning bu taklifi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi.
Keyinchalik Samarqand viloyat hokimligi bu borada munosabat bildirib, Turdimov aslida nima demoqchi bo‘lganini tushuntirdi.