Rafael Nadal Roland Garros’ning 13 karra g‘olibi bo‘ldi 

Sport 22:47 / 11.10.2020 3518

Nadal musobaqaning hal qiluvchi uchrashuvida jahonning birinchi raqamli tennischisi, serbiyalik Novak Jokovichni 6:0, 6:2, 7:5 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuv 2 soat 43 daqiqa davom etgan.

Ta'kidlab o‘tish joiz, Nadal va Jokovich Parijdagi musobaqa finalida uchinchi marta uchrashishdi, biroq har safar ispaniyalik tennischining qo‘li baland kelgan.

Ispaniyalik tennischi bejiz “tuproqli kortlar qiroli” deb atalmaydi: Parijning tuproqli kortlarida o‘tuvchi turnirni buncha ko‘p marta hali hech bir tennischi yutmagan. U bungacha Roland Garros’da 2005, 2006, 2007, 2008, 2010, 2011, 2012, 2013, 2014, 2017, 2018 va 2019 yillarda g‘alaba qozongan.

Yana bir e'tiborli jihati, Nadalning finaldagi g‘alabasi uning Fransiya ochiq chempionati uchrashuvlaridagi 100-g‘alabasi bo‘ldi. Bundan tashqari, ispaniyalik sportchi “Katta dubulg‘a” seriyasiga kiruvchi 20-musobaqasida g‘alaba qozondi va bu natija bilan shveysariyalik tennischi Rojyer Federer rekordini takrorladi.

Ayollar o‘rtasida esa 19 yoshli polshalik Iga Shventek zafar quchdi. Bu g‘alaba yosh tennischining ushbu musobaqadagi birinchi g‘alabasi hisoblanadi. Shventek final uchrashuvida amerikalik Sofiya Keninni mag‘lubiyatga uchrata olgan.

Roland Garros 2020 yilgi “Katta dubulg‘a” musobaqalariga yakun yasadi. Joriy yilda ushbu seriyaga kiruvchi Uimbldon turniri pandemiya sababli o‘tkazilmadi.

Ko‘proq yangiliklar: