O‘zbekistonda yig‘iladigan KIA avtomobillari Rossiyadagiga qaraganda qimmatroq bo‘lishi borasida izoh berildi

Fan-texnika 20:39 / 06.10.2020 64667

 Roodell kompaniyasining bosh direktori Doniyor Davletiyarov O‘zbekistonda KIA rusumidagi avtomobillar Rossiyadagiga qaraganda qimmatroq bo‘lishi haqida ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan xabarlarga izoh berdi.

 «Bizning narxlarimiz Rossiyadagi narxlardan farq qilishining asosiy sababi, bizda mutlaqo Rossiyaniki bo‘lmagan komplektatsiyalardir. Biz ehtiyot qismlarni Rossiyadan emas, balki Koreya Respublikasidan olib kelamiz. Bizning maqsadimiz opsional boy bo‘lgan zamonaviy mahsulot tayyorlash edi. Agar Rossiyadagi avtomobillar 1,6 litrli dvigatel va mexanik uzatmalar qutisi bilan boshlansa, O‘zbekistonda faqat variator qutisiga ega bo‘lgan 2 litrli dvigatel mavjud», - dedi Davletiyarov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avtomobillar narxining ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan ikkinchi omil transport logistikasidir.

“O‘zbekistonga mahsulotlarni dengiz orqali olib kelish uchun kamida ikkita chegarani kesib o‘tish kerak. Bizning mahsulotlarimiz dastlab Koreya portidan Rossiya Federatsiyasi portiga boradi, so‘ngra Rossiyaning butun hududidan, keyin esa Qozog‘istondan o‘tib, Toshkentda tushiriladi, yuk mashinalariga yuklanadi tushiradi va Jizzax viloyatidagi zavodga yetkaziladi. Bularning barchasi, albatta, mahsulot narxida aks etadi», - dedi u.

 Shuningdek, Roodell rahbari kompaniya mahsulotni tezda arzonlashtirishni maqsad qilib qo‘ymaganligini ta'kidladi. “Biz uchun mahsulotni O‘zbekiston bozoriga tezroq chiqarish muhim edi. Biz uchun eng asosiysi, O‘zbekistonga tayyor avtomobilni import qilgandan ko‘ra bizniki arzonroq», - deb ta'kidladi u.

 Bugungi kunda ehtiyot qismlarning lokalizatsiya darajasi taxminan 10 foizni tashkil etadi. Kompaniya 2024 yil oxiriga qadar mahalliylashtirishni 30 foizga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, kompaniya ehtiyot qismlarni lokalizatsiya qilish bo‘yicha "O‘zavtosanoat" bilan hamkorlik qilishni ko‘zda tutgan.

 UzAuto Motors bilan raqobat to‘g‘risida gapirarkan, Davletiyarov O‘zbekistonda KIA avtomobillarini ishlab chiqarish ikkala kompaniya foydasiga bo‘lishini ta'kidladi.

 "Raqobat qancha ko‘p bo‘lsa, o‘zingizni shunchalik yaxshi holatda tutasiz, rivojlanasiz, xaridorlarga yangi narsalarni taqdim etasiz... O‘ylaymanki, yaqin orada bozorning yaxshi tomonga o‘zgarishini ko‘ramiz", - dedi u.

2020 yil noyabrdan boshlab “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi ADM-Jizzakh zavodida uchta komplektatsiyadagi Seltos krossoveri va beshta komplektatsiyadagi K5 sedanini yig‘ish boshlanadi.

 

K5 narxi 249,9 million so‘mdan 369,9 million so‘mgacha, Seltos  narxi 229,million so‘mdan 279,9 million so‘mgacha bo‘ladi.

Birinchi bosqichda zavodning ishlab chiqarish quvvati yiliga 25 ming dona avtomobilni tashkil etadi, ikkinchi bosqichda, payvandlash va kuzov bo‘yash sexlari ishga tushirilgach, bu raqam 100 mingtaga yetadi.

 Poytaxtning Sergeli tumanidagi KIA avtosaloni shu yilning 7 oktyabrida ish boshlaydi va xaridorlar birinchi avtomobillarini dekabr oyida olishlari mumkin.

 Avtosalon O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan modellarni sotish bilan shug‘ullanadi. Kompaniyadagilarning qayd etishicha,  2021 yil oxiriga qadar yana 6ta yangi model paydo bo‘ladi.

 "Biz, ehtimol, avtomobillarga besh yillik kafolat (yoki 150 ming kilometr) beradigan O‘zbekistondagi birinchi kompaniya bo‘lsak kerak", - dedi Davletiyarov.  

Ko‘proq yangiliklar: