Bir sutkada kamida o‘n ming qadam yurgan fuqaroning elektron hamyoniga 3 ming so‘m o‘tkazish taklifi berildi

Jamiyat 21:57 / 06.10.2020 28944

Bir sutka davomida o‘n ming va undan ortiq qadam yurgan fuqaroning elektron hamyoniga 3 ming so‘m o‘tkaziladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi axborot xizmati rahbari Otabek Eshmamatov ma’lum qildi.

Vazirlik rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, Jismoniy tarbiya va sport, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Adliya, Sog‘liqni saqlash va Moliya vazirliklari tomonidan berilgan “Sog‘lom hayot” platformasini yaratish taklifida shu tartibda fuqarolarni rag‘batlantirish rejalashtirilgan.

Brifingda Otabek Eshmamatov ayni paytda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganini aytib o‘tdi.   

Qarorga ko‘ra, bir kunda kamida o‘n ming, bir oy davomida uch yuz ming, bir yil davomida 3,6 million qadam yurgan shaxsga barcha davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida 50 foiz imtiyoz beriladi hamda sport inshootlaridan foydalanish uchun abonement taqdim etiladi.

Bu aholini kunlik yurish va yugurishga targ‘ib qilish maqsadida yaratiladigan “Yangi nafas” platformasi orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, qarorda 2021 yildan boshlab sentabr oyining uchinchi yakshanba kuni respublika bo‘yicha “Avtomobilsiz kun” deb e’lon qilinishi va shu kuni avtomobilda harakatlanish taqiqlanishi ham belgilangan. Maxsus texnikalar, taksi va yetkazib berish hamda tibbiy tez yordam uchun xizmat ko‘rsatadigan texnikalar, jamoat transportlari, zarur hollarda foydalaniladigan shaxsiy avtomobillar bundan mustasno.

Ko‘proq yangiliklar: