Apple korporatsiyasi o‘z gadjetlarini utillashtirish bilan shug‘ullangan GEEP Canada kompaniyasini sudga berdi. Kompaniya sobiq hamkorini utillashtirishga berilgan qurilmalarni sotganlikda ayblamoqda.
Kompaniyaning ta'kidlashicha, GEEP Canada utillashtirishga berilgan 100 mingdan ko‘proq iPhone, iPad va Apple Watch’ni sotib yuborgan.
Bu holat Apple tomonidan audit o‘tkazilganda aniqlangan. Ba'zi gadjetlar kuzatuv kameralari nigohiga tushmaydigan joylarga ko‘chirib o‘tkazilib, boshqa texnikadan alohida saqlangan. Qurilmalar seriya raqamlarining tahlili gadjetlar utillashtirishga berilganiga qaramay, 18 foizi aloqa operatorlari tarmoqlarida faol bo‘lganini ko‘rsatgan. Apple vakillarining taxmin qilishicha, sotib yuborilgan qurilmalar ko‘proq bo‘lishi mumkin, chunki tekshiruv vaqtida faqat LTE’li modellar hisobga olingan.
Ta'kidlanishicha, Apple o‘z shikoyat arizasida 2015 yildan 2017 yilgacha GEEP Canada’ga 530 mingdan ko‘proq iPhone’ni, 25 mingta iPad’ni va 19,2 mingta Apple Watch’ni utillashtirishga berganini ma'lum qilgan. O‘g‘irliklar 2017 va 2018 yillar orasida sodir etilgan. O‘shandan keyin kompaniya GEEP Canada bilan hamkorlikni to‘xtatgan. Kompaniya GEEP’dan 23 mln dollar va qurilmalarni sotishdan olingan barcha pulni talab qilmoqda.
GEEP’da ta'kidlanishicha, qurilmalarni sotish bilan uch nafar nopok xodim shug‘ullangan va pullar aynan ulardan undirilishi lozim. Biroq Apple’da ta'kidlanishicha, o‘g‘irliklarga aloqador shaxslar kompaniyada oxirgi lavozimlarni egallamagan. “GEEP’ning mansabdor shaxslari va direktorlari bunday sxema borligini bilishgan yoki buni sezgan bo‘lishlari mumkin”, deyilgan shikoyat arizasida.