«Grin kard» uchun arizalar qabuli 7 oktyabrdan boshlanadi

Jamiyat 18:32 / 05.10.2020 62876

AQSh Davlat departamenti 2022 moliya yili uchun Turli millat vakillari dasturiga (DV-2022) arizalar qabuli 2020 yil 7 oktyabrdan boshlanishini e'lon qildi.

Arizalar 10 noyabrga qadar, dvlottery.state.gov portali orqali qabul qilinadi. Lotereyada ishtirok etish uchun ariza qoldirish mutlaqo bepul.

Natijalar 2021 yil 8 may kuni yuqoridagi saytda e'lon qilinadi.

Lotereyada g‘olib deb topilib, keyingi jarayonlardan muvaffaqiyatli o‘tganlar 2022 yilda AQShga ko‘chib o‘tishi mumkin bo‘ladi.

Bu gal ham DV dasturi orqali 55 mingtagacha immigratsiyaviy viza berilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston fuqarolaridan xorijga chiqish biometrik pasportiga ega bo‘lish va anketa to‘ldirayotganda ushbu pasport ma'lumotlarini kiritish talab etiladi.

Barcha nomzodlar eng kamida o‘rta ta'limni tamomlagan bo‘lishi yoxud so‘nggi 5 yil davomida 2 yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi lozim.

Eslatma: Har bir shaxs tomonidan yoki uning nomidan faqat bitta ariza topshirilishiga ruxsat berilgan. Ariza to‘ldirilgandan so‘ng, tasdiqlov raqami (rasmiy nomi – Arizachi Maqomini Tekshirish Funksiyasi – Entrant Status Check)ga oid ma'lumotni chop etib yoki saqlab olishingiz zarur. Bu ma'lumotni zinhor tashlab yubormang! Birovga bermang! Zero bu – dastur natijasini tekshirib ko‘rishning yagona imkoniyati. Siz uchun kimdir arizani to‘ldirib bersa, albatta bu ma'lumotni talab qiling. Yo‘qsa, sizga yutuq chiqqan taqdirda tovlamachilik qilib, sizdan pul undirish harakatiga tushib qolishi mumkin.

AQSh Davlat departamenti bittadan ortiq kiritilgan arizalarni aniqlash uchun murakkab texnologiyalardan foydalanadi. Murojaatchining bittadan ortiq topshirgan arizalari dasturdan chetlatiladi.

Ariza ingliz tilida bexato to‘ldirilishi va ilova qilinayotgan fotosurat belgilangan talablarga javob berishi kerak. Aks holda ariza lotereyaga qo‘yilmaydi.

Ma'lumot uchun, Diversity Visa dasturidan ko‘zlangan maqsad – AQShga immigratsiya ko‘rsatkichlari tarixan kam bo‘lgan davlatlar fuqarolarini Amerikaga kelishga rag‘batlantirishdan iborat. Oxirgi 5 yilda 50 mingdan ko‘p fuqarosi AQShga immigratsiya qilgan davlatlar fuqarolari dasturda qatnasha olmaydi; ular qatorida Xitoy, Kanada, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Hindiston, Pokiston, Braziliya kabi mamlakatlar bor.

Xorijga chiqish pasporti qanday olinadi?

O‘zbekistonda 2019 yil 1 yanvaridan boshlab xorijga chiqish uchun ruxsatnoma (stiker) berilishi to‘xtatilgan va uning o‘rnini xorijga chiqish biometrik pasporti egallagan. Uning amal qilish muddati – 10 yil.

Hujjatni olish uchun fuqaro doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joylardagi ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga («pasport stol»), xorijda esa O‘zbekistonning konsullik muassasalariga murojaat etishi lozim.

Pasport ariza berilganidan so‘ng 10 ish kunida, xorijda esa diplomatik pochtani jo‘natish grafigiga muvofiq belgilangan tartibda beriladi.

Bunda to‘lanadigan davlat boji O‘zbekiston fuqarolari uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1,2 baravari (267 600 so‘m), fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun 1 baravari (223 ming so‘m) etib belgilangan.

Xorijga chiqish pasportini olish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  • ariza-anketa;
  • biometrik pasport yoki ID-karta yoxud 16 yoshga to‘lmagan fuqarolar uchun tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma;
  • davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi kvitansiya;
  • harbiy guvohnomaning yoki chaqiruv uchastkasida qayd etilganligi haqidagi guvohnomaning nusxasi yoxud mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limining ma'lumotnomasi – harbiy xizmatga majburlar uchun;
  • ilgari berilgan xorijga chiqish biometrik pasporti (mavjud bo‘lgan taqdirda);
  • vakolatli organning qarori (xorijga chiqish biometrik pasporti ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilganida);
  • ota-onalar, vasiylar (homiylar)ning fuqaroning xorijga chiqishiga notarial tasdiqlangan roziligi – voyaga yetmaganlar uchun;
  • fuqaroga hamrohlik qiluvchi shaxsning notarial tasdiqlangan majburiyati – voyaga yetmaganlar uchun.
Ko‘proq yangiliklar: