“Ipoteka-bank” ATIB va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) ishonchli sheriklik munosabatlarini davom ettirib, O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasidan zarar ko‘rgan kichik va o‘rta biznes korxonalarning ishbilarmonlik faoliyatini rag‘batlantirib kelmoqdalar.
2020 yil 30 sentabr kuni “Ipoteka-bank” ATIBning Bosh ofisida Ipoteka-bank va YeTTB o‘rtasida 40 mln AQSh dollari miqdoridagi shartnomalarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur imzolash marosimida YeTTB Moliya institutlari departamenti Markaziy Osiyo bo‘yicha biznes-yetakchisi, Markaziy Osiyo va Rossiya bo‘yicha katta bankir Jaxan Shamsiyev va “Ipoteka-bank” ATIB Boshqaruvi Raisining birinchi o‘rinbosari Elyor Inomjonov boshchiligidagi vakillar ishtirok etishdi.
Imzolangan hujjatlar to‘plami o‘z ichiga ikkita shartnomani olib, u quyidagilardan iborat.
Birinchi – bu kichik va o‘rta biznes vakillarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan 30 mln AQSh dollarlik shartnoma bo‘lib, 2017 yildan buyon YeTTB tomonidan ajratilgan uchinchisi hisoblanadi. Bu bilan kichik va o‘rta biznesni uzoq muddatli moliyaviy qo‘llab quvvatlash loyihasi doirasida YeTTB tomonidan Ipoteka-bankka ajratilgan jami moliyaviy mablag‘lar miqdori 75 mln AQSh dollariga yetdi.
Ikkinchi – bu YeTTB ning “Tadbirkor ayol” dasturi doirasida imzolangan 10 mln AQSh dollarlik shartnoma bo‘lib, mazkur moliyaviy mablag‘lar mamlakatimizda tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi ayollarni qo‘llab quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Ta'kidlash joizki, YeTTB ning “Tadbirkor ayol” dasturi O‘zbekistonda ilk bor amalga oshirilmoqda va “Ipoteka-bank” ATIB birinchi bo‘lib ushbu dasturning ishtirokchisiga aylandi.
Kelishuvni imzolash davomida YeTTB vakili Jaxan Shamsiyevning ta'kidlashicha, “Kichik va o‘rta biznes vakillari hamda tadbirkor ayollar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. O‘z navbatida, YeTTB faoliyatida ham kichik va o‘rta biznes vakillari faoliyatini hamda ayollar tadbirkorligini moliyalashtirishni qo‘llab-quvvatlash muhim o‘rin tutadi. YeTBB va Ipoteka-bank o‘rtasidagi samarali va har tomonlama hamkorlik O‘zbekiston moliya sektori uchun uzoq muddatli foyda keltiradi”.
Shuningdek, “Ipoteka-bank” ATIB Boshqaruvi Raisining birinchi o‘rinbosari E.Inomjonov: “Ipoteka-bank O‘zbekiston moliya bozorida eng yirik banklardan biri hisoblanib, biznes sohasida ayollarni o‘qitish va ularning faoliyatini moliyalashtirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solib, shu orqali ularning mamlakat iqtisodiyotining barcha jabhalarida faol qatnashishiga ko‘mak berib kelmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, xotin-qizlarning kelajakka ishonch bilan boqishlariga imkon beradi. Bugun imzolangan shartnoma doirasida ayollar tadbirkorligi uchun ajratiladigan moliyaviy mablag‘lar Jahon banki tomonidan boshqarilayotgan “Tadbirkor ayollarni moliyalashtirish tashabbusi” tomonidan taqdim etiladigan granti bilan ham qo‘llab-quvvatlanadi, bu esa tadbirkor ayollarga kasbiy ta'lim olishda ko‘maklashadi va keyingi qadamni tashlashga bilim va ishonch beradi”, – deya o‘z fikrlarini bildirdi.
“Ipoteka-bank” ATIB Matbuot xizmati