Bu haqdagi yangilikni eshitgach, bu yil TDYuU bakalavriatini «Xalqaro huquq» yo‘nalishida tamomlagan Sayidkomil bilan bog‘lanib, o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob oldik.
«Prezidentimizning shu yil 29 apreldagi farmoni bilan, universitetimiz tarixida ilk bor istiqbolli bitiruvchilar va o‘qituvchilarni xorijda magistratura va doktorantura bosqichida ta'lim olish xarajatlarini qoplab berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Men universitetimizda bo‘lib o‘tgan tanlovda ishtirok etib, Buyuk Britaniyaning Glazgo shahrida joylashgan Glazgo universitetida magistratura bosqichida o‘qishni davom ettirish imkoniyatini qo‘lga kiritdim.
Tanlov ikki bosqichda bo‘lib o‘tdi: fakultet bosqichi va universitet bosqichi. Ikkala bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tdim va rektorimiz buyrug‘iga asosan, o‘qish va turar-joy bilan bog‘liq xarajatlar universitet tomonidan moliyalashtiriladigan bo‘ldi.
Bundan tashqari, o‘zim uchun eng quvonarli tarafi – Glazgo universiteti tomonidan 20 nafar talabaga beriladigan stipendiyalardan biriga ega bo‘ldim. Bu men uchun kutilmagan xushxabar bo‘ldi. Chunki boshqa tabdirlar tufayli magistratura imtihonlari uchun o‘zim xohlaganimdek tayyorgarlik ko‘ra olmagan edim», – deydi yosh huquqshunos.
– Qanday qiziqishlaringiz bor?
– Ko‘proq falsafa va adabiyotga qiziqaman. Bo‘sh vaqtlarimda ularga ko‘proq vaqt ajrataman. Orzum – yangilanayotgan O‘zbekistonda o‘zimizning renessansimizni ko‘rish. Buyuk Britaniyada o‘qishni tamomlagach, vatanga qaytib, uning rivojlanishiga o‘z hissamni qo‘shishdir.
Boshlang‘ich ta'limni o‘zbek maktabida o‘qiganman, 5-sinfga o‘tayotganimda ota-onam meni rus maktabga o‘tkazishdi. Shu tufayli o‘qish ko‘rsatkichlarim 5-sinfda tushib ketdi. O‘sha vaqtda bu bola sifatida men duch kelgan ilk qiyinchiliklardan biri edi. Lekin ustozlarim meni doim qo‘llab turishgan.
– Maqsadga erishish formulangiz bormi?
– 29 fevralda Glazgo universitetidan o‘qishga qabul qilinganligim haqida xabar keldi, lekin o‘qishning moliyaviy tomoni hali hal qilinmagan edi. Buni kafedramizdagi o‘qituvchilarimga aytganimda, ular menga to‘g‘ri maslahat berib, meni qo‘llab-quvvatlashdi. Ular: «Hech qachon taslim bo‘lma, yaxshi niyat qilib olg‘a qadam bos», deyishdi. Shundan so‘ng 29 aprelda prezidentimiz farmoni chiqdi, avgustda stipendiyaga ega bo‘ldim...
Men uchun maqsadga erishish formulasi bu – inson hamisha harakat qilishi kerak va maqsadi yo‘lida hech qachon to‘xtab qolmasligi lozim.
– Kelgusi rejalaringiz qanday?
– Shaxsiy rejalarim – magistraturani muvaffaqiyatli tugatib, o‘zimizning Toshkent davlat yuridik universitetida ta'lim berish. Xorijda egallagan bilim va ko‘nikmalarimni o‘zimizning universitetda tatbiq qilish. Universitetimizdagi ta'lim tizimini yangilash, yangi fikr va dunyoqarashlar kiritish.
Inson oldiga qo‘ygan maqsadi uchun har kuni kurash olib borishi kerak va duch keladigan qiyinchiliklarini sabr bilan yengib o‘tishi zarur.
Rahmatillo Isroilov suhbatlashdi.