Farg‘onada qoplarga yashirilgan 200 million so‘mlik uyali telefonlar fosh etildi

Jamiyat 22:27 / 29.09.2020 5445

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida uyali telefonlarning yashirin aylanmasiga chek qo‘yildi.

Fuqaro A.X. «Tiko» rusumli avtomashinadan fuqaro M.S. boshqaruvidagi «Kobalt» rusumli avtomashinaga noma'lum qoplarni joylashtirayotgan vaqtida to‘xtatilib, avtomashinalar belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Natijada, qoplarda xorijda ishlab chiqarilgan va bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan umumiy qiymati 200 million so‘mlik 100 dona uyali aloqa vositalari borligi aniqlandi.

Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

«Ovoz kuchaytirgich» operatsiyasi chipakka chiqdi

Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan qo‘shni mamlakatdan «Sirdaryo» chegara bojxona postiga kirib kelgan fuqaro S.S. boshqaruvidagi «Mersedes benz» rusumli yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Natijada, avtomashinada tegishli yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan, xorijda ishlab chiqarilgan, umumiy qiymati 101,7 million so‘mlik, 271 dona transport vositalari uchun mo‘ljallangan ovoz kuchaytirgichlar va ovoz karnaylari borligi aniqlandi.

Shuningdek, yana bir holatda, mazkur postga kirib kelgan fuqaro Sh.B. boshqaruvidagi «MAN TGX» rusumli yuk avtotransport vositasi maxsus inspeksion ko‘rik majmuasi yordamida tekshirilganida, avtomashina tirkamasining pastki qismida joylashgan temir quti ichida yo‘l-yuk hujjatlari va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan umumiy qiymati 279,5 million so‘mlik dezinfeksiyalash vositalari konsentratlari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Jo‘natmalardagi «og‘u»lar fosh bo‘ldi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi «Boshpochtampt» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida fuqaro Sh.S. nomiga kelgan pochta jo‘natmasi ko‘zdan kechirilganida, pochta jo‘natmasida 180 dona, tarkibida «kodein fosfat» giyohvandlik vositasi bo‘lgan «Rokaset plus» nomli dori vositalari borligi aniqlandi.

Yana bir holatda esa, fuqaro A.S. nomiga kelgan pochta jo‘natmasi ko‘zdan kechirilganida, pochta jo‘natmasida 120 dona, tarkibida «brotizalam» psixotrop vositasi bo‘lgan «Bondormin» nomli dori vositalari borligi aniqlandi.

Shuningdek, mazkur postda fuqaro Yu.F. nomiga kelgan pochta jo‘natmasi ko‘zdan kechirilganida, pochta jo‘natmasining ichida 40 dona «tramadol» giyohvandlik vositasi bo‘lgan «Zaldiar» nomli dori vositalari borligi aniqlandi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

«Neksiya-3»da nimalar yashirilgan edi?

Namangan viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Pop tumani bo‘limi hamda Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazishdi.

Tadbir davomida fuqaro X.A. boshqaruvidagi «Neksiya-3» rusumli avtomashina to‘xtatilib, o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Natijada, avtomashinada qo‘shni mamlakatdan yurtimizga noqonuniy olib kirilgan, umumiy qiymati 49 million so‘mlik 20 turdagi 5268 dona dori vositalari va tibbiyot buyumlari borligi aniqlandi.

Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, X.A.ning yashash xonadoni ham ko‘zdan kechirildi.  Tekshiruv davomida xonadonda ham sifati kafolatlanmagan hamda tegishli hujjatlari bo‘lmagan 19 million so‘mlik 6 turdagi 3021 dona dori vositalari saqlanayotgani aniqlandi.

Tezkor tadbir davomida jami 68 million so‘mlik 25 turdagi 8289 dona tibbiyot buyumlari va dori-vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Sartaroshxonada marixuana yashirgan shaxs aniqlandi

Navoiy viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda Navoiy shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Tadbir davomida fuqaro G‘.J. shartli xaridorga umumiy og‘irligi 6,08 gramm «Marixuana» giyohvandlik vositasini pullayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Shundan so‘ng, tadbir davom ettirilib, fuqaro A.A. faoliyat yuritadigan sartaroshxona ko‘zdan kechirildi. Natijada sartaroshxonada umumiy og‘irligi 6,97 gramm bo‘lgan «marixuana» giyohvandlik vositasi yashirilgani aniqlandi.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: