Qibrayda YPX inspektori mashinada hushidan ketgan qizchaning hayotini saqlab qoldi

Jamiyat 21:08 / 25.09.2020 5400

Qibray tumanida xizmat vazifasini o‘tayotgan YPX katta inspektori Davron Mavlonov «Yuqori Chirchiq – Toshkent» yo‘lida turgan «Spark» avtomobilida farzandining ahvoli yomonlashib qolgan ayolga yordam ko‘rsatdi.

Ma'lum qilinishicha, inspektor yo‘lda hushsiz qizchasi bilan qolib ketgan onani mashinasida tuman tibbiyot birlashmasiga olib borgan. Shifokorlar tomonidan o‘z vaqtida ko‘rsatilgan tibbiy yordam va muolajalar natijasida qizchaning hayoti saqlab qolingan.

«Bola o‘z vaqtida olib kelingani ham dardni yengillashtirishda muhim bo‘ldi. Hozir uning ahvoli o‘nglangan. U shifokorlar nazoratida. Xavf ortda qoldi», deydi tuman tibbiyot birlashmasining bolalar bo‘limi mudiri Rahimboy Ro‘zmetov.

«Qizim va o‘g‘lim bilan yo‘lda ketayotgan edik. Qizim birdan hushini yo‘qota boshladi. Qanday yordam berishni bilmay qoldim. Ovozimni hech kim eshitmadi. Shu payt YPX xodimlari o‘tib ketishayotgan edi. Ularni to‘xtatdik. Mashinaga chiqarib, shifoxonaga olib borishdi. Hozir bolamning ahvoli yaxshi. Bizga yordam berganlarga ming rahmat», deydi qizning onasi.

Ko‘proq yangiliklar: