Singapur o‘tgan asrning 50-yillarida Afrikadagi qashshoq davlatlar qatorida e’tirof etilardi. Ammo mamlakat bir qancha omillardan unumli foydalanish evaziga qisqa vaqt ichida dunyoning eng yirik moliya va savdo markazlaridan biriga aylandi. Kun.uz “Tarixdan hikoyalar” ruknida bu gal Singapur mo‘jizasi me’mori, liberal statusiga ega diktator Li Kuan Yuning hayot yo‘li bilan tanishtiradi.
O‘tgan asrning 50-yillari o‘rtalaridan boshlab, britaniyaliklar o‘z mustamlakasi bo‘lgan Singapur boshqaruvidan asta-sekin chekina boshlagan. Qayta shakllanadigan mahalliy hukumatga o‘ta zaif qonunchilik bazasi, savodsiz aholi, past maoshlar, noshaffof iqtisodiyot va har yerda hozir-u nozir korrupsiya meros bo‘lib qoladi. Odamlar umidsiz, chuqur qayg‘uga botgan, kelajak haqida ijobiy kutilmalari ham yo‘q edi. Ammo mamlakat bir qancha omillardan unumli foydalanish evaziga favqulodda jadal o‘sish sur’atlariga erishdi.
Xo‘sh, qanday qilib tabiiy resurslari yo‘q, Osiyoning eng qashshoq davlatlaridan biri qisqa muddat ichida mintaqadagi eng yirik moliya va savdo markazlaridan biriga aylandi? Bularning barchasi qiyin kunlarda hukumat tepasiga kelgan jamoaning olib borgan to‘g‘ri va qat’iyatli siyosati bilan bevosita bog‘liq edi. Kun.uz “Tarixdan hikoyalar” ruknida bu gal Singapur mo‘jizasi me’mori Li Kuan Yuning hayot yo‘li bilan tanishtiradi.
Sharq madaniyati va G‘arb ta’limi uyg‘unlashuvi
Li Kuan Yu 1923 yil Singapurda, xitoylik muhojirlar oilasida tug‘ilgan. O‘sha yillarda mamlakat Britaniya mustamlakasi edi. Bo‘lajak siyosatchining ona-onasi ingliz madaniyatiga juda qiziqar, shu sababli yoshligidan o‘g‘lining bu tilni o‘rganishiga jiddiy e’tibor qarata boshlaydi. Hattoki, unga Harri Li degan inglizcha ism ham qo‘yishgan.
Dastlab Li mustamlakachi amaldorlarning farzandlari bilan birga ingliz maktabida o‘qiy boshlaydi, ammo II Jahon urushida Singapurni Yaponiya bosib olgani sababli ta’limini o‘qishini to‘xtatishga majbur bo‘ladi. Bo‘lajak bosh vazirning e’tirof etishicha, u ingliz tilini o‘z ona tili – xitoy tilidan ham yaxshiroq bilgan. Shu sabab yaponlar hukumatining tashviqot bo‘limiga ishga kiradi. Bir necha oy ichida yapon tilini ham noldan o‘zlashtirib oladi.
Urushdan keyin Li Britaniyada, avval London iqtisodiyot maktabida, keyin esa Kembrijda tahsil oladi. Universitetni iqtisodiyot va huquqshunoslik bo‘yicha ikkita imtiyozli diplom bilan tugatadi.
Siyosiy kareraning boshlanishi
Li Kuan Yu universitetni tamomlab, vataniga qaytgach, huquqshunos bo‘lib ishlay boshlaydi. Urushdan keyin Singapurda tanazzul hukm surardi: mamlakatda ishsizlik yuqori, infratuzilma vayron, kunda-kunora ish tashlashlar bo‘lishi odatiy hol edi. Mustamlakachilikka qarshi kayfiyatning kuchayib borayotgani fonida huquqshunos Li 1954 yilda demokratik sotsializm tamoyillarini ilgari suruvchi Xalq harakati partiyasini tuzadi. Oradan 5 yil o‘tib, 1959 yilda partiya saylovlarda g‘alaba qozonib, parlamentdagi ko‘pchilik o‘rinlarni qo‘lga kiritadi. Bu paytga kelib, Singapur de-fakto mustaqillikka erishgan, Britaniya imperiyasi tarkibida o‘zini o‘zi boshqaradigan davlatga aylangandi. Shu tariqa, Li Kuan Yu 35 yoshida bosh vazir lavozimiga keladi va uning 31 yillik hukmronligi boshlanadi.
1963 yilda Li Singapurni Malayziya bilan birlashtirish to‘g‘risida shartnoma imzolaydi, biroq ittifoq uzoq davom etmadi. Mafkuraviy qarama-qarshiliklar va etnik guruhlar o‘rtasidagi bir qator shiddatli to‘qnashuvlar Singapurning federatsiya tarkibidan chiqishi va to‘liq mustaqillik e’lon qilishi bilan tugaydi.
Korrupsiyaga qarshi kurash
Mustaqillikka erishgan Singapurda amaldorlarning aksariyati korrupsiyaga ruju qo‘ygan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishga qodir emasdi.
Shu boisdan ham Li Kuan Yu jamoasi ishni korrupsiyani yo‘q qilish va aholining davlatga bo‘lgan ishonchini oshirishdan boshlaydi.
“Agar biz boshqarayotgan davlat hokimiyati ko‘pchilikning hayotini yaxshilash emas, kamchilikning cho‘ntagini qappaytirish payida bo‘lsa, ahvolimiz chatoq bo‘ladi”, degandi u.
1960 yilda qabul qilingan qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasi tasdiqlanadi, Korrupsiyani tergov qilish byurosiga (KTB) esa maxsus vakolatlar berilib, tashkilot to‘g‘ridan to‘g‘ri bosh vazirga hisob beradigan tuzilmaga aylantiriladi.
Parallel ravishda barcha amaldorlar va ularning oila a’zolari daxlsizlikdan mosuvo etildi. KTB agentlari nafaqat amaldorlar, shuningdek, ularning bolalari, turmush o‘rtoqlari, qarindoshlari va hattoki do‘stlariga tegishli bank hisobraqamlari va mol-mulklarni tekshirish huquqiga ega bo‘lishdi. Agar amaldor va uning oilasi topadigan pulidan ko‘proq xarajat qilayotgani aniqlansa, byuro avtomatik ravishda tepadan buyruq kutmasdan tergovni boshlardi.
Kichik miqyosdagi korrupsiya bilan kurashda esa qaror qabul qilish jarayonlarining soddalashtirilishi, qator faoliyat turlari uchun ruxsatnoma olish talabining bekor qilinishi kabi choralarga tayanildi. Bir vaqtning o‘zida korrupsiya harakatlari uchun jinoiy jazo kuchaytirildi, sud tizimi mustaqilligi ta’minlandi, sudyalarning maoshlari keskin oshirildi. Pora berganlik yoki korrupsiyaga qarshi tergovda ishtirok etishdan bo‘yin tovlaganlik uchun sezilarli iqtisodiy jazo joriy etildi. 1989 yilda korrupsion xatti-harakat uchun maksimal jarima miqdori 10 mingdan 100 ming Singapur dollarigacha ko‘tariladi. KTBga yolg‘on guvohlik berish yoki tergovni chalg‘itish qamoq jazosi va 10 ming dollar jarima bilan jazolanadigan bo‘ldi.
Oyliklarning oshirilishi esa davlat sektoriga eng yaxshi mutaxassislar kelishiga zamin yaratdi. Mamlakatda shiddatli iqtisodiy o‘sish kuzatila boshlanganida, amaldorlarning maoshlari xususiy sektor daromadlariga mutanosib ravishda o‘sa boshladi. Keyinchalik Li Kuan Yu oylik to‘lash tizimini yangilaydi. Unga ko‘ra, vazirlar, sudyalar va oliy martabali davlat xizmatchilarining maoshlari xususiy sektor tomonidan to‘lanayotgan soliqlarning miqdoriga bog‘lab qo‘yildi.
Singapur yetakchisining “korrupsiya ustidan g‘alaba qozonishni istagan inson o‘z qarindoshlari va yaqin do‘stlarini ham qamashga tayyor bo‘lishi kerak” degan mashhur iborasi mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash ayovsiz bo‘lganidan dalolat beradi. Xususan, shaxsan Li Kuan Yu va uning oila a’zolari ham KTB tomonidan bir necha bor tekshirilgan. Tekshiruvlarda bosh vazirning korrupsiyaga aloqadorligi aniqlanmagan. Shunday bo‘lsa-da, uning eng yaqin do‘stlaridan biri, atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri lavozimida ishlagan Vi Tun Bun uy-joy qurayotgan pudratchi tashkilotdan pora olganlikda ayblanib, qamaladi.
“Oldimda ikkita yo‘l bor edi. Birinchisi: o‘g‘irlash va do‘stlarim hamda qarindoshlarimni “Forbs” reytinglariga kiritish, shu bilan birga xalqimni och-yalang‘och holda qoldirish. Ikkinchi yo‘l: xalqimga xizmat qilish va yurtimni eng yaxshi mamlakatlar o‘ntaligiga olib kirish. Men ikkinchi yo‘lni tanladim”, – degandi Li Kuan Yu o‘z intervyularidan birida.
Ma’lumot o‘rnida, Transparency International tomonidan 2023 yil uchun e’lon qilingan reytingda Singapur korrupsiyani qabul qilish eng past ko‘rsatkichli mamlakatlardan biri sifatida dunyo miqyosida 5-pog‘onada qayd etilgan.
Pragmatik siyosatchi
Li Kuan Yu o‘ta pragmatik siyosatchi edi. U mamlakatni rivojlantirishi mumkin bo‘lgan istalgan tomon bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildiradi. Shu jihatdan rivojlanayotgan mamlakatlarning ko‘plab rahbarlari qo‘rqqan transmilliy korporatsiyalarga qaramlikdan qo‘rqmadi. Chunki shahar-davlat bo‘lmish Singapurda talon-toroj qilinadigan tabiiy resurslar va sanoatning o‘zi yo‘q edi.
Mitti va qashshoq davlatga xorijdan pul jalb qilish uchun investorlarga qator imtiyozlar berildi. Dastlabki bosqichda chet elliklar uchun mulkka to‘liq egalik qilish hamda topilgan foydani to‘liq olib ketish uchun imkoniyatlar yaratiladi. Biznes sohasida qonunchilik soddalashtirildi, qonunlar qabul qilishda manfaatdor tomonlarning fikrlarini o‘rganish yo‘lga qo‘yildi. Natijada ko‘pgina xalqaro transmilliy kompaniyalar Singapurda keng ko‘lamli yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish uchun poydevor qurdi.
Zamonaviy portlar, aeroportlar va transport tarmoqlari barpo etilishi ortidan Singapur Janubiy-Sharqiy Osiyoning savdo markaziga aylanadi. Mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining eng muhim omillaridan yana biri sifatida qulay geografik hududda joylashganini ham ko‘rsatish mumkin. Malakka bo‘g‘ozi ostonasida joylashgan bu hududdan jahon dengiz savdo-sotig‘ining 40 foizi kesib o‘tadi.
Li Kuan Yu hukumat tepasiga kelganda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad 428 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 1990 yilga kelib bu ko‘rsatkich qariyb 28 barobarga oshib, 12 900 dollargacha ko‘tariladi.
Ijtimoiy islohotlar
Ko‘pchilik Malayziya tarkibidan ajralib chiqqan mitti mamlakat tez orada demografik tanglikka duch kelishini prognoz qilgandi. Chunki Singapur aholisining asosini xitoyliklar va malayziyaliklar tashkil etadi. Shuningdek, mamlakatda katta miqdorda hind diasporasi ham bor edi. Mutaxassislar 3 ta katta sivilizatsiya vakillaridan tarkib topgan mamlakat tez orada etnik nizolar o‘chog‘iga aylanib qolishini taxmin qilishadi. Hukumat esa turli millat vakillari tinch-totuv yashashi uchun choralar ko‘rdi. Totuvlikka hissa qo‘shganlar uchun ba’zi imtiyozlar belgilandi. Masalan, malayyalik va xitoylik turmush qursa, ularga kollej ta’limi kafolatlanadi. Bundan tashqari, bu oilalarga hukumat tomonidan ma’lum miqdorda yordam ham beriladigan bo‘ldi, ya’ni turli millatga mansub singapurliklarni bir-biri bilan aralashtirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqildi.
Boshlang‘ich iqtisodiy rejada kam daromadli odamlarga qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish orqali ishsizlik muammosini hal qilishga e’tibor berildi. Kambag‘allar uchun uy-joy qurish loyihasi qabul qilindi.
1966 yildan ikki tilli maktablar joriy etildi: ya’ni bolalar o‘z ona tili bilan birga, ingliz tilida ham ta’lim ola boshladi. Keyinchalik esa bu tizim kengayib, to‘rt tilli maktablar ham paydo bo‘ldi.
Ta’lim sohasidagi ekspertlarning fikricha, Singapur iqtisodiy taraqqiyot va turmush darajasini yuksaltirishni ta’lim bilan bevosita bog‘lagan. Buning uchun katta mablag‘ sarflanadi. Ayniqsa, eng yaxshi o‘qituvchilarni jalb etish va ularning nufuzini oshirishga avvalboshidanoq alohida e’tibor qaratilgan. Hozir ham Singapurda o‘qituvchilarni jahonning eng nufuzli ta’lim muassasalari bitiruvchilari orasidan yollash an’anasi saqlab qolingan.
Li Kuan Yuni “iqtidorlarning rahnamosi” deyishardi. U iqtidorli fuqarolarni mas’uliyatli lavozimlarga qo‘yish va ularga yaxshi maosh tayinlashga ikkilanmagan. Shu bilan birga, mansabni suiiste’mol qilganlik uchun jazo qattiq va muqarrar qilib qo‘yilgan.
“Manipulyativ diktator”
Li va uning partiyasi ketma-ket yetti marta saylovlarda g‘alaba qozonib, 1959 yildan 1990 yilgacha – 31 yil mamlakatni boshqardi. Iste’foga chiqqanidan keyin ham u o‘z vorisi Go Chok Tong hukumatida katta vazir lavozimini egallab, mamlakatning tashqi va ichki siyosatida ishtirok etishda davom etdi. Norasmiy tarzda Singapur xalqining otasi sifatida e’tirof etiladigan Li Kuan Yu 2015 yilda, 92 yoshida vafot etdi.
Li davridagi Singapurning siyosiy rejimi "yumshoq avtoritarizm" deb ham ta’riflanadi. Bu atama birinchi marta mashhur olim Frensis Fukuyama tomonidan ishlatilgan. Chunki mamlakatda de-fakto bir partiyaviy tizim o‘rnatiladi. Jiddiy tashqi tahdidlar bo‘lmasa-da, “Ichki xavfsizlik to‘g‘risida”gi qonunni qo‘llash davom ettiriladi. Bu qonun gumondorni cheksiz muddat davomida hibsga olishga ruxsat berardi.
Sergey Guriyev va Daniyel Treysman qalamiga mansub “Manipulyativ diktatorlar: XXI asrda tiraniyaning o‘zgaruvchan qiyofasi” asarida Li Kuan Yu zamonaviy diktaturaning kashshofi deya ta’riflanadi. Mualliflar 1956 yilda Singapurda o‘tkazilgan hukumatga qarshi talabalar namoyishiga e’tibor qaratadi. O‘shanda hukumat namoyishni kuch bilan bostirib, unda ishtirok etganlarga nisbatan repressiya uyushtiradi. Aynan shu voqeadan keyin yosh Li haqiqiy jangda g‘alaba qozonish uchun odamlarning qalbi va ongini nazorat qilish kerak, degan xulosaga keladi. Siyosiy faoliyati davomida ham ochiq repressiyalarsiz, jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanishga erishish va muxolifatni chetga surib qo‘yish tamoyiliga amal qiladi.
Shunday bo‘lsa-da, muxolifatni boshqacha ko‘rinishda ta’qib qilish davom ettiriladi. Birinchi navbatda, dissidentlar siyosiy bo‘lmagan jinoyatlar uchun hibsga olinadi. Mualliflarning ta’kidlashicha, mish-mishlarga asoslangan jinsiy huquqbuzarliklar bilan bog‘liq ayblovlardan keng foydalanilgan. Chunki bu holat tashqaridan qaraganda siyosiy ma’no kasb etmasdi. Siyosatga qarshi mahbus ozod etilishi bilanoq, unga nisbatan yangi ayblov soxtalashtiriladi. Yangi ayblov, masalan, soliq firibgarligi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Muxolifatni jarimalar bilan bankrot qilish yana bir samarali vositalardan biri bo‘lgan. Jinoiy ish ochilmaydi, ammo fuqarolik va ma’muriy tartib-qoidalar, takroriy jarimalar bilan erkin ommaviy axborot vositalari va muxolifat partiyalarining budjetiga qattiq zarbalar beriladi. Bir nechta xususiy OAV shu tarzda yopilib ketadi.
Shuningdek, muxolifatni tish-tirnog‘igacha qurollangan maxsus politsiya kuchlariga qarshi kuch ishlatishda ayblash ham yaxshi yechimlardan biri sifatida ishlatilgani ham keltirilgan. Umuman olganda, asarda Li Kuan Yuga nisbatan qo‘rquvning o‘rniga manipulyatsiyani “moda”ga aylantirgan diktator ta’rifi ko‘p ishlatiladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Li Kuan Yu boshqaruvi davrida qashshoq Singapur jahonning beqiyos qazilma boyliklariga ega ko‘plab mamlakatlarni bir qancha sohalarda ortda qoldirdi. O‘z fuqarolari uchun farovon hayot taqdim qildi. Halollik prinsiplari asosida yuqori salohiyatli odamlar davlat idoralariga rahbar bo‘lishdi va keng ko‘lamli ishbilarmonlik muhiti yaratildi. Shu sababdan ham Li Kuan Yuning diktatorlik sifatidan ko‘ra ko‘proq iqtisodiy taraqqiyotda erishgan yutuqlari e’tirof etiladi.
Doston Ahrorov tayyorladi