Battery Day tadbiri davomida taqdim qilingan mashina 96 km/soat tezlikka 2 soniyadan kamroq vaqt ichida erisha oladi, uning maksimal tezligi soatiga 322 kmni tashkil qiladi.
Kompaniya rahbari Ilon Maskning ma'lum qilishicha, Model S Plaid prototipi Laguna Seca trassasida sinovdan o‘tkazilgan.
Yangi modelning boshlang‘ich narxi 139990 dollarni tashkil qiladi. Kompaniyada mashina uchun buyurtmalar olina boshlangan. U 2021 yil oxiridan boshlab o‘z egalariga yetkazib berilishi kutilmoqda.
Ilon Mask Battery Day tadbirida elektromobillarga xarajatlarni qisqartirishi va 25 ming dollarga avtopilotli elektrokar chiqarishini e'lon qilgach, kompaniya aksiyalari 12 foizga arzonlashib ketgan va buning oqibatida kompaniya bozor qiymati 50 mlrd dollarga qisqargan.
Ta'kidlanishicha, investorlar tadbirda elektokarlarga bir quvvatlanishda million mil yo‘l bosishga imkon beruvchi yangi batareya taqdim qilinishini kutishgan. Biroq ularning umidlari oqlanmagan va umuman olganda, ekspertlarning ta'kidlashicha, tadbirda “biror sezilarli hodisa yuz bermagan”.