Azon News'ning «Savol-javob» loyihasida «Islom moliyasi va halol tijorat» mavzusida suhbat tashkil etildi. Unda «Islom moliyasi» loyihasi mualliflari – Xondamir Nusratxo‘jayev va Muzaffar Husniddinovlar islom moliyasiga oid ko‘plab savollarga javob berishdi.
– O‘zbekistonda islom banklari ochilishi nima sababdan ortga surilyapti? Islom banklaridan shartnoma bilan mablag‘ olish mumkinmi, agar iloji bo‘lsa, qanday shartlarda?
Muzaffar Husniddinov:
– O‘zbekistonda islom banki ochilishi uchun hali qonuniy asos mavjud emas. Lekin bu sohada ish ketyapti deb bilamiz. Ya'ni ikki yil oldin bu sohada prezident qarori loyihasi ham muhokamaga qo‘yilgandi, lekin qaror qabul qilinmadi. Yaqinda Markaziy bank raisi 8ta bankda islom darchalari ochish bo‘yicha ish olib borilayotgani haqida aytib o‘tdi.
Lekin bularning barchasi islom bankining to‘liq faoliyati uchun hali yetarli emas. Islom banki faoliyat boshlashi uchun qonuniy asos mavjud bo‘lishi kerak. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan bu qonunlar yaratilsa, nazorat qiluvchi organ tayin qilinsa (bu Markaziy bank bo‘ladimi, muayyan funksiyalar Moliya vazirligiga topshiriladimi), soliq masalalari ko‘rib chiqilganidan keyin islom banklari faoliyat boshlashi mumkin bo‘ladi.
Hozirda amaliy jarayonlardan biri – Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan Islom taraqqiyot banki ko‘magida Islom qimmatli qog‘ozlarini O‘zbekistonda chiqarish bo‘yicha qonuniy asos ishlab chiqilyapti, degan xabarlar mavjud.
O‘zbekistondagi tijoratchilar qanday qilib Islom bankining mablag‘lariga murojaat qilishlari mumkin, degan savolga javob tariqasida shuni aytamizki, tadbirkorlar yoki korxonalar Islom taraqqiyot bankiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qila olmaydi. Chunki bu taraqqiyot banki hamda mazkur bank davlatlar, hukumatlar bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi.
Lekin ushbu bank tizimidagi boshqa tashkilotlar – Xususiy sektorni rivojlantirish islom korporatsiyasi, Xalqaro savdoni rivojlantirish islom tashkiloti bor. Mana shu tashkilotlar O‘zbekistonning tijorat banklariga muayyan moliyaviy resurs ajratadi. Bizning banklar u tashkilotlarning vakili sifatida mablag‘larni kimlar olishi mumkinligi, ularning biznes rejasi, moliyaviy tahlilini amalga oshirib, Islom taraqqiyot bankining ushbu tashkilotlariga taqdim etadi. Mana shu banklarning resurslari mavjud.
Hozirda aynan qaysi banklarda mavjudligini bilmaymiz, lekin bizning islommoliyasi.uz saytimizdagi yangiliklar kuzatib borilsa, qaysi banklar bilan faoliyat olib borilgani ma'lum bo‘ladi.
Xususan, o‘tgan yili Turon bank, Asia alliance bank, Trastbank, yana bir qancha boshqa banklarda mana shu korporatsiyalarning resurslari mavjud edi. Hozirgi kundagi ma'lumotlardan xabarim yo‘q. Lekin mana shu banklarga murojaat qilish mumkin.
– Islom moliyasida qimmatli qog‘ozlar va aksiya masalasi qanday hal qilinadi?
Muzaffar Husniddinov:
– Islom moliyasida qimmatli qog‘ozlar va aksiya masalasi o‘zbekistonlik o‘quvchilarimiz tomonidan eng ko‘p berilayotgan savollardan biri. Islom moliyasida qimmatli qog‘ozlar, aksiyalar bilan oldi-sotdi qilish ruxsat etilgan, joiz amaliyotlardan. Sababi, aksiyalar – korxonalardagi ulushni belgilaydigan hujjat hisoblanadi. Lekin hamma korxonalarning ham aksiyalarini oldi-sotdi qilish mumkin emas.
Birinchi tamoyil bu – korxona faoliyati islom talablariga javob berishi kerak. Ya'ni spirtli ichimliklar, qurol-yarog‘ ishlab chiqarish yoki buzuq o‘yin-kulgu sohalari bo‘lmasligi kerak. Bu talabga javob beradigan bo‘lsa, yana bir qancha keyingi talablar bor. Korxonaning moliyaviy hisobotini o‘rganib chiqish orqali bu talablarga javob berish-bermasligini aniqlash mumkin. Xususan, korxonaning qarz mablag‘lari muayyan manbadan olingan bo‘ladi. Bu korxona, kapital egalari mablag‘lari hamda qarz mablag‘lari bo‘lishi mumkin. Qarz mablag‘lari foizli qarz mablag‘lari bo‘lmasligi kerak. Zamonaviy ulamolarimiz aytadigan koeffitsiyent – korxonaga bank krediti, obligatsiyalar yoki depozit sertifikatlari kabi manbalar orqali pul jalb qilingan bo‘lsa, mana shu mablag‘larning umumiy aktivlarga nisbatan qiymati 33 foizdan oshsa, bu korxonaning aksiyalarini sotib olish mumkin emas, deyiladi.
Shunga o‘xshash yana 2-3ta koeffitsiyentlar bor. Yuz foiz «toza» korxonani topish qiyin. Xususan, Amerika birjalarida. Baribir shubhali daromadlari bo‘lishi mumkin. Mana shu shubhali daromadlarning ulushi jami daromadlarning besh foizidan oshmasligi kerak. Agar siz ana shunday korxona aksiyasini sotib olsangiz, masalan, uning uch foiz daromadi shubhali bo‘lsa, o‘sha korxonadan olgan daromadingizning uch foizini sadaqa qilib yuborishingizga to‘g‘ri keladi.
Yana boshqa talablar bor. Korxona spekulyativ korxona emasligini isbotlashi uchun uning uzoq muddatli aktivlari 75 foizdan yuqori bo‘lishi kerak, deyiladi. Ya'ni 75 foiz aktivlari pul va uning ekvivalentlari bo‘lmasligi kerak. Shunga o‘xshash talablar bor.
Bularning hammasi fond bozorida amalga oshiriladigan ishlar. Fond bozorida yana obligatsiyalar savdosi amalga oshiriladi. Islom moliyasida an'anaviy obligatsiyalar oldi-sotdisi joiz emas. Qoidalardan yana biri – aksiyalar savdosida uzun va qisqa pozitsiyalar bo‘ladi. Qisqa pozitsiya qilish ham mumkin emas. Chunki bunda aksiyalar qarzga olinib, keyin narxi tushgan vaqtda birovga sotib yuboriladi. Islom moliyasi qoidasiga ko‘ra, birovdan qarzga olingan narsani sotish mumkin emas.
To‘liq suhbatni Azon News`ning Youtube`dagi kanali orqali tomosha qilish mumkin.