Koronavirus: Angliyada favqulodda vaziyat yetishib kelmoqda, Madridda norozilik

Jahon 22:14 / 21.09.2020 22576

Jahon bo‘yicha hozirgacha Covid-19 kasalligiga chalingan 31 milliondan oshiq bemor qayd etilgan, vafot etganlar soni millionga yaqinlashmoqda. 

Britaniya: ilmiy maslahatchilar xalqqa murojaat qilishdi
Hukumatning sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha bosh maslahatchisi, odatda balandparvoz bayonotlar bermaydigan  professor Kris Uitti Britaniya xalqiga murojaat qildi. Unga bosh ilmiy maslahatchi ser Patrik Uollans ham qo‘shildi. 

Professor Kris Uitti lokdaun vaqtida britaniyaliklar orasida eng taniqli shaxslardan biriga aylandi

O‘sib borayotgan koronavirus statistikasi grafikalarini ko‘rsatib, Uitti raqamlar hozirda har yetti kunda taxminan ikki baravar ko‘payib borayotganini ta'kidladi. Olimning taxminlariga ko‘ra, oktabr oyi o‘rtalariga borib Britaniyada kuniga 50 mingta yangi holat kuzatilishi mumkin, bu esa noyabr oyi o‘rtalarida kuniga 200dan ortiq o‘limga sabab bo‘ladi.

Uollansning qo‘shimcha qilishicha, yangi holatlarning ko‘payishi barcha yosh guruhlarida kuzatiladi va bu esa koronavirusga qarshi testlar imkoniyati ko‘paygani bilan bog‘liq emas. 

Shuningdek, virus apreldagi holatidan ko‘ra kuchsizlanishi taxmin qilingandi, ammo unday bo‘lib chiqmadi. 

Uollansning so‘zlariga ko‘ra, Britaniyada yil oxiriga qadar koronavirusga qarshi vaksinaning cheklangan miqdori paydo bo‘lishi va undan xavf guruhidagilar foydalanishi mumkin. 

Uitti britaniyaliklarni qo‘llarni tez-tez yuvishga, alomatlar aniqlanganda o‘zini yakkalashga va boshqa-boshqa oilalar a'zolarining sababsiz to‘planishini to‘xtatishga chaqirdi, chunki virus eng ko‘p shu tarzda tarqaladi.

O‘tgan hafta oxirida Britaniya bosh vaziri Boris Jonson mamlakatda koronavirusning ikkinchi to‘lqini  boshlanayotgani va buning muqarrarligini e'lon qilgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat to‘liq lokdaun holatiga tushmaslik uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda, ammo, katta ehtimol bilan ijtimoiy masofa saqlash qoidalari kuchaytirilishiga zarurat tug‘iladi.

Yakshanba kuni Britaniyada koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 3899ta yangi holat qayd etildi. So‘nggi kunlardagi ko‘rsatkich may oyidan beri kuzatilmagan darajada yuqorilagan. Kasalxonalarga yotqizilayotgan bemorlar soni ham o‘smoqda va rasmiylar o‘lim ko‘rsatkichi ham ortishidan xavotirda. Yakshanba kuni koronavirus bilan bog‘liq o‘lim holatlari soni 18tani tashkil etdi. 

Madridda «tanlangan» lokdaun
Ispaniya poytaxti Madridda dushanba kuni Covid-19’ning ko‘plab yangi holatlari va o‘limlar soni ortishi sababli yangi cheklov choralari kuchga kirdi.

Juma kuni Madrid avtonom hamjamiyati rahbari Isabel Dias Ayuso ushbu hududning qariyb 850 ming aholisi dushanba kunidan boshlab uyda qolishi va faqat o‘ta zarurat bo‘lganda - masalan, ishlash yoki shifokorga borish uchun ko‘chaga chiqishi mumkinligini e'lon qildi.

Ushbu cheklovlar poytaxtda norozilik to‘lqinini keltirib chiqardi: hukumat «sinfiy yondashuv» va kambag‘al hududlarni kamsitishda ayblanmoqda. 

Yakshanba kuni 37ta tumandan 12tasida yuzlab odamlar ko‘chaga chiqdi. Ular tanlangan lokdaunga qarshi chiqishdi va hozirgi epidemiologik vaziyatga muhojirlar turmush tarzini aybdor deb aytgan Dias Ayusoning iste'fosini talab qilishdi. 

«Boy hududlarda yashovchilarning ko‘chaga chiqishi mumkinligi, Vallekasedagilar esa uyda qolishi zarurligi haqidagi g‘oyada mantiq yo‘q. Yuqtirish xavfi bir xil», deydi namoyishchilardan biri Reuters agentligiga.

Madrid janubida asosan ishchilar sinfi vakillari istiqomat qiluvchi Vallekase tumanida shahar bo‘yicha eng yuqori kasallanish ko‘rsatkichi qayd etilmoqda. Uning aholisi ishdan chiqqan sog‘liqni saqlash tizimi va daromadlarini yo‘qotishdan qo‘rqishlari haqida gapirishadi.

Madrid sog‘liqni saqlash rahbari OAVda agar tanlangan lokdaun natija bermasa, butun shaharni yopishga to‘g‘ri kelishini aytdi.

Ispaniya hozirda Yevropada koronavirus bilan kasallanganlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi, ularning uchdan bir qismi Madridga to‘g‘ri keladi.

Ayni paytda, Niderlandiyaning yirik shaharlarida kafe, restoran va barlar 100 kishining o‘rniga ko‘pi bilan 50 nafar mijozga xizmat ko‘rsatishi mumkin va rasmiylar ish vaqtini ham qisqartirgan.

Islandiya, Daniya va Fransiya ham o‘tgan hafta cheklov choralari e'lon qilindi. 

Chexiya: Sog‘liqni saqlash vaziri tanqidlarga javoban ishdan ketmoqda
Chexiya sog‘liqni saqlash vaziri Adam Voytex koronavirusga qarshi kurash strategiyasi tanqid qilinganidan keyin iste'foga chiqayotganini ma'lum qildi. Chexiya hozirda yangi holatlar soni o‘sish sur'ati bo‘yicha Yevropada Ispaniyadan keyingi ikkinchi o‘rinda turibdi. So‘nggi ikki hafta ichida u yerda mamlakatning har 100 ming aholisiga o‘rtacha 193ta holat qayd etilgan.

May oyi oxirida Chexiyada Covid-19’ning birinchi to‘lqini paytida kiritilgan deyarli barcha cheklov choralari bekor qilingandi. 

Bosh vazir Andrey Babish iste'foga ketayotgan Voytexga xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirdi va agar u butun kuchini koronavirusga qarshi kurashga sarflamaganda, mamlakat tarixidagi eng yaxshi sog‘liqni saqlash vaziri sifatida qolishi mumkin bo‘lganini ta'kidladi.

Fransiyada vaziyat yomonlashmoqda
Shimoliy yarimsharda joylashgan ko‘plab davlatlar qish yaqinlashishi bilan ikkinchi to‘lqinga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Foto: Reuters

Fransiyada yakshanba kuni kunlik kasallanish holatlari bo‘yicha yangi rekord ko‘rsatkich qayd etildi - 13 498 holat. Shu vaqtgacha aniqlangan jami holatlar soni 453 mingga yaqin, 31 mingdan ortiq kishi koronavirus qurboniga aylangan. Kasallanganlar orasida moliya vaziri Bryuno Le Mer ham bor. Bir necha shaharlar, shu jumladan, Marsel va Nitssada qat'iy cheklovlar joriy etildi.

Fransiya hukumati o‘tgan hafta boshidan buyon yangi kasallanish holatlari soni uzluksiz ortib kelayotganini qayd etgan. O‘tgan haftada mamlakatda o‘nlab maktablar koronavirus tarqalishi tufayli yopildi.

Bu vaqtda fransuz kasaba uyushmalari Fransiya hukumatini pandemiyaning iqtisodiy oqibatlariga qarshi yetarli chora ko‘rmaganlikda ayblab, odamlarni ko‘chalarga chiqishga chaqirdi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘plab hududlarda cheklov choralari qaytadan joriy etilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

«Bu epidemiyaning tarqalish sur'atini pasaytirish, maktablar ochilishi va jamiyatimizning zaif qatlamlarini muhofaza qilish uchun ko‘p ish qilish kerak», - degan JSSTning sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda holatlar bo‘yicha dasturi rahbari, doktor Mayk Rayan.

Rossiya: o‘sish davom etmoqda, lekin hech kim karantinga qaytmoqchimas
Rossiyada qatorasiga sakkizinchi kun yangi holatlar bo‘yicha yangi rekord qayd etildi, so‘nggi bir kunda - 6196ta yangi holat, shundan 900ta holat Moskvada aniqlangan. Pandemiya davrida Rossiyada kasallik yuqtirib olganlar soni 1,1 milliondan oshgan, shundan 19,5 mingga yaqin kishi kasallik qurboni bo‘lgan.

Koronavirus qurboni bo‘lgan tibbiyot xodimlari uchun yodgorlik, Sankt-Peterburg
Foto: EPA/Vostock-photo

Moskva rasmiylari yangi holatlar soni oshishi iyunda bekor qilingan karantin choralarini qaytarish uchun asos bo‘lmasligini ta'kidlamoqda. Rospotrebnadzor ham xavotirlanishga va karantinga qaytishga hojat yo‘qligini aytmoqda.

Moskva meri Sergey Sobyanin JSSTning mintaqaviy byurosi rahbari Hans Klyuge bilan uchrashuvda tashkilot tavsiyalariga amal qilinishiga va'da bergan.

Rossiya ta'lim vaziri Sergey Kravsov dushanba kuni maktablardagi epidemiologik vaziyat barqaror ekanini ma'lum qildi. «Umumta'lim muassasalarida qandaydir kasallik avj olishi holatlari kuzatilmadi. Vaziyat barqaror», degan u.

JSSTning Rossiyadagi vakili Melita Vuynovich ham shu kunlarda koronavirus tufayli qat'iy karantin choralarini joriy etishga zarurat ko‘rmayotganini aytgandi.

Yangi Zelandiya deyarli barcha cheklovlarni bekor qildi

So‘nggi 24 soat ichida Covid-19’ga chalinish bilan bog‘liq birorta ham yangi holat qayd etilmagan Yangi Zelandiya, mamlakatda aholi eng zich joylashgan Oklenddan tashqari, barcha hududlarda cheklovlarni butunlay bekor qilmoqda.

Oklendda chorshanba kuni tayyorgarlik darajasi 2,5 darajadan 2 darajaga tushirildi - endi 100 kishigacha yig‘ilishga ruxsat beriladi. Agar ikki hafta ichida yangi holatlar kuzatilmasa, Oklend ham boshqa hududlar singari barcha cheklovlarni olib tashlashi mumkin. 

Besh million aholiga ega Yangi Zelandiyada butun pandemiya davrida Covid-19’dan atigi 25 o‘lim qayd etilgan.

Olimlar: koronavirus nihoyatda chidamli, pandemiya esa tushkunlikni kuchaytirdi

Vengriyalik olimlar koronavirusning ajablanarli darajada elastikligi va yuqori haroratga chidamliligini aniqlashdi.

Budapeshtdagi Zemmelveys universitetining bir guruh tadqiqotchilari Sars-CoV-2’ni eng ingichka igna bilan teshishga qaror qilishdi. Olimlar zarrachaning shar kabi yorilishi uchun qancha kuch talab qilinishini sinab ko‘rmoqchi bo‘lishgan. Ammo zarra shunda ham yorilmagan.

Zarrachaning diametri 80 nanometr, ignaning uchi esa undan ham kichikroq edi. Olimlar ignani zarrachaning yuqori qobig‘iga olib kelib, oxirigacha tushirishdi. Zarra yassilangan, ammo uni tesha olmagan.

Olimlar ushbu harakatni 100 marta takrorlashgan va natija o‘zgarmagan. 

Olimlar, shuningdek, zarrachani 10 daqiqa davomida Tselsiy bo‘yicha 90 darajada qizdirib ko‘rishdi. Ammo uning tashqi ko‘rinishi va tuzilishi deyarli o‘zgarishsiz qoldi - atigi bir necha «tikanlar» tushgan. 

biorxiv.org veb-saytida nashr etilgan tadqiqotda olimlar koronavirus zarrasi qanchalik moslashuvchan va termal barqaror bo‘lib chiqqanidan hayratlarini yashirishmadi.

«Uning mexanik xususiyatlari va o‘z-o‘zini tiklash qobiliyatlari virus turli atrof-muhit sharoitlariga moslashishiga imkon beradi», deydi olimlar. 

Yaqinda nashr etilgan yana bir tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, pandemiya amerikaliklarda stress, xavotir va tushkunlikni kuchaytirdi - xususan, bunga OAV ham ta'sir ko‘rsatgan. 

Irvayn shahridagi Kaliforniya universiteti olimlari tomonidan 2020 yil mart-aprel oylarida o‘tkazilgan tadqiqotda 6500 nafar amerikalik ishtirok etgan. Olimlar pandemiya odamlarga real vaqtda qanday ta'sir qilishini baholashgan.

Science Advance jurnalida e'lon qilingan natijalar shuni ko‘rsatdiki, ortib borayotgan stress, xavotir va depressiyaga oxir-oqibatda koronavirus bilan bog‘liq mediakontentni iste'mol qilishdan tashqari, ish yoki maoshdan ayrilish kabi omillar ham sabab bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: