TikTok'ga egalik qiluvchi Xitoyning ByteDance kompaniyasi amerikaliklar bilan bitim tuzilishi arafasida servisni 60 mlrd dollarga baholamoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib Bloomberg xabar tarqatdi.
Kelishuvga ko‘ra, TikTok'ni boshqarish uchun yangi kompaniya – TikTok Global tuziladi. Videoservisning AQShda ham faoliyat yuritishi uchun uning 20 foiz hissasi Amerika kompaniyalari – Oracle va Walmart'ga tegishli bo‘ladi. Mazkur kelishuvni AQSh prezidenti Donald Tramp ma'qullagan. Kelishuv kuchga kirishi uchun uni Xitoy hukumati ham tasdiqlashi zarur.
Reuters'ning aniqlik kiritishicha, TikTok'ning amerikalik foydalanuvchilari ma'lumotlari «AQSh milliy xavfsizligi talablariga muvofiq» mamlakatning o‘zida, ya'ni Oracle'ning ma'lumotlar bazasida saqlanadi.
Walmart supermarketlar tarmog‘i bayonotiga ko‘ra, kompaniya TikTok'da 7,5 foiz ulushga egalik qilishi bo‘yicha kelishib olingan. Oracle esa 12,5 foiz hissani qo‘lga kiritishi kutilmoqda.
AQShning har ikkala kompaniyasi o‘z press-relizlarida keltirishicha, 12 oy ichida TikTok aksiyalari dastlabki ommaviy sotuvga (IPO) chiqariladi, savdo Amerika birjasida o‘tkaziladi.
Tramp ma'qullagan kelishuvga ko‘ra, yangi tuziladigan TikTok Global'ning shtab-kvartirasi AQShda (ehtimol, Texasda) joylashadi. Reuters manbasiga ko‘ra, TikTok Global'ning 80 foiz aksiyasi Byte Dance'ga qoladi, ammo ayni paytda ByteDance'ning 40 foiz aksiyasi ham amerikaliklar qo‘lida.
Agentlikning boshqa bir manbasining ma'lum qilishicha, yirik kelishuv natijasida Oracle, Walmart va ByteDance'ning amerikalik hammuassislari bevosita yoki bilvosita TikTok Global'ning jami 53 foiziga egalik qilishi kutilmoqda.
Agar Oracle va Walmart servisning 60 mlrd dollarlik narxiga ko‘nsa, u holda ular 20 foizlik hissa uchun birgalikda 12 mlrd dollar to‘lashlariga to‘g‘ri keladi. Bloomberg'ning qayd etishicha, yakuniy summa bo‘yicha hali bir to‘xtamga kelinmagan.
TikTok Global'ning AQShda 25 ming nafar ishchisi bo‘lishi, kompaniya 5 mlrd dollarlik ta'lim jamg‘armasi tashkil etish majburiyatini olishi aytilmoqda.