Xitoy Tayvanni «bosib olish repetitsiyasi»ni boshladi

Jahon 00:35 / 19.09.2020 19929

18 sentabr kuni Xalq-ozodlik armiyasi (XOA)ning mashg‘ulotlari boshlangan. Mashg‘ulotlar davomida XOA samolyotlari Tayvanga janubi-g‘arb, g‘arb, shimoli-g‘arb va shimol tomondan yaqinlashib kelgan.

Xitoy Tayvan bo‘g‘ozi yaqinida harbiy mashg‘ulotlar boshladi, bunga ogohlantirish emas, balki Tayvanni bosib olish bo‘yicha repetitsiya sifatida qarash kerak, deb yozadi Xitoyning Global Times nashri.

Qayd etilishicha, 18 sentabr kuni Xalq-ozodlik armiyasi (XOA)ning mashg‘ulotlari boshlangan. Mashg‘ulotlar davomida XOA samolyotlari Tayvanga janubi-g‘arb, g‘arb, shimoli-g‘arb va shimol tomondan yaqinlashib kelgan.

Tayvan mudofaa vaziri Chan Guansyunning bildirishicha, Pekin 18ta: J-10, J-11 va J-16 samolyotlaridan foydalangan. Mashg‘ulotlar AQSh davlat departamenti rahbari o‘rinbosari Keyt Krachning Tayvanga tashrifiga nisbatan javob deb hisoblanmoqda.

Gazetaning qayd etishicha, Xitoy AQSh rasmiylarining tashrifiga keskinroq javob qaytarishi lozim.

«Amerikaning yuqori martabali amaldori har safar Tayvanga tashrif buyurganida XOA qiruvchilari orolga bir qadam yaqinlashishi kerak», — deb yozadi gazeta.

Jurnalistlar AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo kelganida esa  mashg‘ulotlarni orol ustida o‘tkazish, prezident Tsay Invenning qarorgohi uzra raketa uchirishga chaqirishmoqda.

Tayvanda 11 yanvarda o‘tkazilgan parlament saylovlarida demokratik progressiv partiya, o‘sha kungi prezident saylovida esa partiya yetakchisi Tsay Inven g‘alaba qozondi. Hukmron partiya va Tsay orol mustaqilligi tarafdori hisoblanadi.

Tayvanga mustaqillik e'lon qilishga Xitoyning bostirib kirish tahdidi xalal bermoqda. 2005 yil martda Xitoyda orol mustaqillik e'lon qilgudek bo‘lsa, unga qarshi harbiy kuch ishlatish to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan. 

Pekin Tayvanni 1949 yildan buyon nazorat qilmaydi, shu bilan birga, orolni mamlakatning bir qismi deb hisoblab keladi.

Ko‘proq yangiliklar: