Yoshlar ishlari agentligiga ayrim OAVning ulushlari beriladi, «Yoshlar media xoldingi» tashkil etiladi

O‘zbekiston 09:12 / 16.09.2020 1124

Vazirlar Mahkamasining “Yoshlar media xoldingi” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining:

“Yoshlar” teleradiokanali” aksiyadorlik jamiyatining, “Yosh kuch” jurnalining, “Yoshlar ovozi” – “Molodyoj Uzbekistana” gazetalarining, “Yoshlar” nashriyot uyining 100 foizlik ulushlarini;

“Ozod yurt to‘lqinlari” mas'uliyati cheklangan jamiyatining 61 foizlik (“Mening yurtim” (MY5) telekanali), “Yoshlar ovozi” mas'uliyati cheklangan jamiyatining (“Yoshlar ovozi” radiosi) 49 foizlik ulushlarini O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligiga berish va ular negizida aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “Yoshlar media xoldingi”ni (Media xolding) tashkil etish haqidagi takliflari ma'qullanadi.

Ayrim ommaviy axborot vositalarining O‘zbekiston Respublikasi

Yoshlar ishlari agentligiga berilayotgan ulushlari

RO‘YXATI

Belgilanishicha:

O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi davlat nomidan Media xolding muassisi hisoblanadi;

Media xolding mazkur qarorning birinchi bandida keltirilgan yuridik shaxslarning huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Media xolding faoliyati davlat budjeti mablag‘lari, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan ajratiladigan mablag‘lar, homiylar va reklama mablag‘lari, shuningdek, qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

Media xolding markaziy apparati xodimlariga yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari 1,8 baravar miqdorda qo‘llaniladi.

Quyidagilar Media xolding aksiyadorlik jamiyati faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

bugun jahonda yuz berayotgan hodisalar, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va ayniqsa yoshlar hayotiga oid o‘zgarishlar va yangilanishlarni, ularni o‘ylantirayotgan muammo va kamchiliklarni xolis va haqqoniy yoritish;

yoshlar sohasida yagona davlat siyosati, strategik yo‘nalishlar va davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish jarayonlarini yoritishda asosiy axborot hamkori sifatida ishtirok etish;

ommaviy axborot vositalari uchun yosh kadrlar tarbiyalashning tizimli mexanizmini yo‘lga qo‘yish, kadrlar zaxirasini yaratish, yoshlar hayotini tengdoshlari tomonidan zamonaviy qarashlar va rang-barang formatlarda yoritib borishni ta'minlash;

respublika, ayniqsa mamlakatimizning chekka hududlarida istiqomat qiluvchi yosh iste'dodlarni ommalashtirish, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish;

yoshlarda Vatanga sadoqat, uning taqdiri uchun mas'ullik hissini qaror toptirish, ularda yot g‘oya va qarashlarning salbiy ta'siriga nisbatan mafkuraviy immunitetni shakllantirishga qaratilgan ma'naviy-ma'rifiy va tarbiyaviy ishlarda faol ishtirok etish;

yoshlarning bilimi, salohiyati, aql-zakovati va iste'dodini Vatan ravnaqi yo‘lida birlashtirish, har bir yosh fuqaroda o‘z hayoti va taqdiri uchun mas'uliyat hissini oshirishga qaratilgan ko‘rsatuvlar tayyorlash va turkum risolalar chop etish;

xalqimizning tarixi, qadimiy davlatchiligi, tili, beqiyos ilmiy va madaniy merosi, o‘lmas qadriyatlarini asrab-avaylash va rivojlantirish, ularning yoshlar tarbiyasidagi ahamiyatini oshirishga qaratilgan sa'y-harakatlarni keng yoritish;

buyuk alloma, aziz-avliyolarimizning bebaho merosini, atoqli davlat va jamoat arboblari, yengilmas sarkardalar, zamondoshlarimiz jasoratini yoshlarga yetkazish, ularning qalbida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini kuchaytirish;

yangicha va mustaqil fikrlaydigan, mas'uliyatli, tashabbuskor, ilg‘or boshqaruv usullarini puxta o‘zlashtirgan, vatanparvar, yuqori malakali, halol va sadoqatli yosh kadrlar to‘g‘risida ko‘rsatuv va eshittirishlar tayyorlash, risolalar chop etish;

mamlakatimizda yoshlarning iste'dodi, ilm-fanga bo‘lgan intilishlari, ilg‘or va zamonaviy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar samaradorligi bilan keng jamoatchilikni yaqindan tanishtirib borish;

yoshlarning jamiyat hayotidagi roli va faolligini oshirish, ularning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan televizion dasturlar yaratish;

yoshlarda vatanparvarlik, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘usini qaror toptirishga qaratilgan, ular uchun ma'naviy namuna bo‘lib xizmat qiladigan zamonamiz qahramonlari obrazlarini yaratish;

yosh avlodni madaniyat, san'at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning axborot texnologiyalari bo‘yicha savodxonligini oshirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish va xotin-qizlar bandligi vazifalarini qamrab olgan 5 ta muhim tashabbusni joriy etishga qaratilgan ishlarni keng yoritish.

Quyidagilar belgilanadi:

Media xolding emissiya qimmatli qog‘ozlarni chiqarishni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va qimmatli qog‘ozlarni chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun yig‘imlar to‘lashdan ozod etiladi;

Media xolding va uning tarkibiga kirgan tahririyatlarni davlat budjetidan moliyalashtirish bosqichma-bosqich tarzda kamaytiriladi 2023 yilga qadar o‘zini o‘zi to‘liq ta'minlashga o‘tkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: