Rossiyada taqiqqa tushgan va taqiqqa tushish xavfi ostida bo‘lgan o‘zbekistonliklar amnistiya qilinishi bo‘yicha ish olib borilmoqda - agentlik

O‘zbekiston 14:45 / 16.09.2020 9254

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Davlatnazar Matrasulov Rossiya Federatsiyasida taqiqqa tushib qolish ehtimolidan qochib yurgan o‘zbekistonlik fuqarolar haqida gapirdi.

«Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi bergan ma'lumotga ko‘ra, ushbu mamlakatda 600 ming nafar taqiqqa tushib qolish ehtimolidan qochib yurgan, ro‘yxatda turmagan o‘zbekistonliklar mavjud. O‘tgan yillar mobaynida 421 ming o‘zbekistonlik taqiqqa uchragani uchun O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Kuni kecha Rossiya Federatsiyasiga ketgan ishchi guruhimizning kun tartibidagi eng dolzarb masalalardan biri – aynan shu fuqarolarga amnistiya e'lon qilinishiga erishish hisoblanadi.

Amnistiya e'lon qilinadigan bo‘lsa, xorijdagi fuqarolar jarimasiz, hech qanday ma'muriy jazo qo‘llanmagan holda O‘zbekistonga qaytib kelish huquqiga ega bo‘ladi. 421 ming kishi taqiqqa tushib, bu davlatga kira olmay yurgan bo‘lsa, ular ishlash uchun yana xorijga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi», deya Davlatnazar Matrasulovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshqarma boshlig‘i Azim Ahmadov O‘zbekistondan ishlash uchun qaysi davlatlarga ketishi osonligi, u davlatlarga borganda ish topish ayollar yoki erkaklar uchun oson ekanini haqidagi savolga javob berdi.

«O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy davlatlarga ishlash uchun chiqishlari oson va qiyinlik darajasi bor. Bu qaysi mezonlar bilan o‘lchanadi?

Birinchidan, ma'lum bir davlatlar borki, ularga kirib borish uchun viza talablari mavjud, ya'ni ishchi viza talablari bor. Hamda u yerda ishlash uchun ham talablar belgilangan. Shunday davlatlar borki, ularga borish uchun viza talab etilmaydi.

Bugungi kunda migrantlarning eng ko‘p soni ham shu jihatlarni inobatga olgan holda Qozog‘iston va Rossiya hududlarida, ya'ni MDH davlatlarida ko‘proq uchraydi. Bu borish osonligi, ma'lum bir vaqtda O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketib, bu davlatlarga erkin kirib borishi bilan asoslanadi.

Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston Respublikasida asosan qurilish sohasida ko‘plab fuqarolar ishlashini inobatga oladigan bo‘lsak, bu davlatlarda erkaklar soni nisbati juda yuqori. Ayollar uchun ish topishda qator qiyinchiliklar yuzaga keladi.

Kuzatilayotgan keyingi tendensiyalarga ko‘ra, uy xo‘jaligida xizmatchilik, enagalik va boshqa kasblarga talab yuqori bo‘lgani uchun Turkiya Respublikasida ayollar uchun ish topish va ishga joylashish osonroq kechadi», dedi Azim Ahmadov prezidentning «Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosiga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Ko‘proq yangiliklar: