DXX korrupsiya va firibgarlik bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘ydi

Jamiyat 09:50 / 12.09.2020 21139

Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanidagi umumta'lim maktablaridan birining matematika fani o‘qituvchisi yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 4 nafar abituriyentni Samarqand tibbiyot institutiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qiladi va ularning har biri uchun 12 ming AQSh dollaridan, jami 48 ming AQSh dollari talab qiladi.

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida mazkur shaxs kelishilgan puldan 40 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Samarqand pedagogika kollejida o‘qituvchi bo‘lib ishlovchi, 1975 yil Ishtixon tumanida tug‘ilgan shaxs esa aldov yo‘li bilan mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, uni Qozog‘iston Respublikasining Chimkent shahrida joylashgan “Miras” universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun undan 5500 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Jizzax shahridagi oilaviy poliklinikalardan birida bolalar shifokori bo‘lib ishlovchi, 1993 y.t. shaxs mahalliy fuqaroni Jizzax davlat pedagogika instituti “Maktabgacha ta'lim” yo‘nalishining sirtqi bo‘limiga o‘qishga kirishiga yordam berishini aytib, evaziga 8 ming AQSh dollari olayotgan vaqtida DXX Jizzax viloyati boshqarmasi va Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi. 

Dastlabki surishtiruv davomida, u ushbu pul mablag‘ini Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida shifokor bo‘lib ishlovchi, 1988 yil Buxoro viloyati Romitan tumanida tug‘ilgan hamtovog‘iga berishi lozimligini ma'lum qildi.

Shundan so‘ng tezkor tadbir Toshkent shahrida davom ettirilib, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi shifokori jinoiy sherigidan 8 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Qo‘qon davlat pedagogika institutining yoshlar masalalari bo‘yicha mas'ullaridan biri mahalliy fuqarodan uning tanishini mazkur oliy o‘quv yurtining “Jismoniy madaniyat” fakultetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilib, 3000 AQSh dollari olgan vaqtida DXX Farg‘ona viloyati boshqarmasi va Departamentning viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.

Dastlabki surishtiruv davomida, u ushbu pul mablag‘ini institut fakultetlaridan birining dekaniga berishi lozimligini aytdi va tezkor tadbir davom ettirilib, fakultet dekani ham 3 ming AQSh dollarini olgan paytida qo‘lga olindi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, ushbu ishlarga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: