Senat raisi: Giyohvandlikka qarshi kurashish faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ishi, deya qarash noto‘g‘ri

Jamiyat 12:48 / 11.09.2020 2903

«Har birimiz giyohvandlik illati va u bilan bog‘liq kasalliklarning og‘ir oqibatlarini yaxshi tasavvur qilamiz. Albatta, mamlakatimizda bunday turdagi kasallikka chalinganlarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatiladi, ularni reabilitatsiya qilish choralari ko‘riladi.

E'tibor qaratilishi zarur bo‘lgan asosiy masala – profilaktika. Birinchi navbatda giyohvand moddalar va psixoaktiv vositalarning mamlakatga kirib kelishi va iste'moliga qarshi kurashishning samarali mexanizmlaridan foydalanish lozim.

Bunday moddalar iste'molining asosiy auditoriyasi yoshlar bo‘lib, ular orasida so‘nggi paytlarda an'anaviy giyohvand moddalaridan tashqari turli sun'iy (sintetik) moddalar iste'moli ommalashayotgani hammamizni tashvishlantirishi kerak.

Yana bir jihat. Hozir yoshlarni giyohvandga aylantirish uchun ularni ko‘chalarda qidirib yurishdan ko‘ra internetdagi ijtimoiy tarmoqlar orqali yo‘ldan urish oson bo‘lib qoldi. Internetga kirib, sintetik psixoaktiv moddalar tayyorlash va ularni iste'mol qilish bo‘yicha ming xil «maslahat» topish mumkin.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, giyohvandlikka qarshi kurashish faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ishi, deya qarash noto‘g‘ri. Bunga hamma – butun jamiyat mas'ul», dedi Tanzila Norboyeva.

Ko‘proq yangiliklar: