O‘zbekistonda giyohvandlik moddalari iste'mol qiluvchi 6 mingga yaqin yoshlar hisobda turadi - IIV

Jamiyat 12:26 / 11.09.2020 2588

Muhokamalar davomida so‘z olgan Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aziz Ikromov giyohvandlik vositalarini iste'mol qiluvchi yoshlar statistikasini keltirdi.

«Sog‘liqni saqlash vazirligidan olingan ma'lumotga ko‘ra, hozirgi davrda giyohvandlik moddalarini iste'mol qiluvchi 5 ming 889 nafar yoshlar hisobda turibdi. Asosiy qismi – Andijon viloyatida 1232 nafar, Farg‘ona viloyatida 1093 nafar va Toshkent shahrida 1188 nafar. Qolgan viloyatlarda 500-600 nafar yoshlar hisobda turibdi.

Yoshlarimiz an'anaviy giyohvandlik vositalaridan voz kechib, psixotrop va kuchli ta'sir etuvchi moddalarni iste'mol qilishi ko‘paymoqda. Yoshlar o‘rtasida yangi paydo bo‘lgan «Tropikamid» dori vositasini iste'mol qilish kuchaymoqda. Yoshlar bunday vositalarni iste'mol qilishi tufayli og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etmoqda», dedi vazir o‘rinbosari.

Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Abduhakim Hojiboyev narkologik muassasalardagi muammolar haqida gapirdi.

«Sog‘liqni saqlash tizimidagi narkologik yordam ko‘rsatish tizimi mavjud, lekin uning oldida bir qator muammolar bor.

Hozirgi kunda mavjud narkologik tibbiyot muassasalarida 506ta narkolog-shifokor shtati bo‘lib, ularning 435tasi band. Bu 84 foizni tashkil qiladi. Ko‘pgina viloyatlarda ahvol bundan ham og‘ir. Navoiy viloyatida narkolog-shifokorlar bilan ta'minlanish 33 foiz, Sirdaryo viloyatida 47,8 foizni tashkil qiladi. Bu jiddiy muammo.

Mavjud mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha ham ishlar olib borilyapti. 2020 yilning birinchi yarmida Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida 240 nafarga yaqin shifokor-narkolog, psixolog va psixoterapevtlar o‘z malakalarini oshirgan», dedi vazirning birinchi o‘rinbosari.

Qonunda birinchi navbatda psixoaktiv moddalarning tarqalishiga va notibbiy iste'mol qilinishiga sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy, ma'rifiy hamda tibbiy-psixologik tadbirlar kompleksini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari narkologik kasalliklarga chalingan, shu jumladan, g‘ayriijtimoiy xulq-atvorga moyil shaxslarni profilaktik hisobga olishni amalga oshirishda ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlariga ko‘maklashishi belgilangan.

Qonunda narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi qaror uning yashash joyidagi yoki narkologiya muassasasi joylashgan yerdagi sud tomonidan yigirma kunlik muddatda, ushbu shaxs hozirligida qabul qilinishi ko‘rsatib qo‘yildi.

Mahalliy davlat hokimiyati, mehnat organlari davolanib chiqqanlarni ishga joylashtirish hamda maishiy turmushga moslashishida ko‘maklashish huquqiy mustahkamlandi.

Qonunga ko‘ra, davlat ambulatoriya va statsionar sharoitlarda bunday bemorlarga maslahat berish-tashxis qo‘yilishini, davolashni, psixoprofilaktik, reabilitatsiyaviy, ijtimoiy yordam ko‘rsatilishini kafolatlaydi.

Narkologiya dispanserlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida, shuningdek, mamlakatning yirik shaharlarida respublika, viloyat, shahar yoki tumanlararo darajada mustaqil davolash-profilaktika muassasalari sifatida tashkil etilishi, qolaversa, ambulatoriya sharoitlaridagi narkologik yordam tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari tuzilmasida tashkil etilgan narkologiya kabinetlari tomonidan ko‘rsatilishi belgilangan.

Senat a'zolari mazkur qonunni ma'qullash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Ko‘proq yangiliklar: