Yil yakunigacha maktabgacha ta'lim qamrovi 59,5 foizga yetkaziladi – vazir

Jamiyat 16:51 / 10.09.2020 5998

Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin O‘zbekistonda bog‘cha yoshidagi bolalarni ta'lim bilan qamrab olish borasidagi ishlar xususida axborot berdi.

«So‘nggi uch yil mobaynida respublika bo‘yicha 1,5 mln nafar bolani maktabgacha ta'lim bilan qamrab olishga erishildi. Bu 2017 yildagi ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘proqdir. Joriy yilning oxiriga qadar qamrovni 59,5 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, maktabgacha ta'lim tashkilotlari soni ham tobora ortib bormoqda. 2017 yilda MTTlarning umumiy soni 5 mingta bo‘lgan, hozirga kelib ularning soni 14 mingtadan ortdi», dedi Agrippina Shin 10 sentabr kungi matbuot anjumanida.

Anjumanda qayd etilishicha, 2020 yil yakuniga qadar 18ta yangi bog‘cha binosi qurib bitkazilishi, 129ta bo‘sh inshootlar foydalanishga topshirilishi va 261ta davlat bog‘chalari ta'mirlanishi belgilangan. Bu 32,7 ming nafar tarbiyalanuvchi uchun yangi o‘rinlarni yaratadi.  

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sherikligi formati ham rag‘batlantirilmoqda.

«2018-2019 yillarda Maktabgacha ta'lim vazirligi umumiy qiymati 3,89 trln so‘mga teng bo‘lgan davlat-xususiy sherikligi bo‘yicha shartnomalarni imzoladi. Bulardan 1,1 trln so‘m tadbirkorlar hisobidan, 2,8 trln so‘m imtiyozli kreditlar asosida ajratilgan.

Yaqin orada quvvati 147,9 ming o‘ringa teng bo‘lgan nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. 2020 yilda 2 mingta oilaviy va 420ta DXSh doirasidagi MTTlar ochilishi rejalashtirilgan», deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: