Pompeo «rossiyalik yuqori martabali shaxslar» Navalniyning zaharlanishiga aloqadorligi haqida gapirdi

Jahon 16:00 / 10.09.2020 8340

Davlat kotibi AQSh bu ishga aloqadorlarning aniqlanishi uchun bor imkoniyatdan foydalanishini ta'kidlagan.

«Men o‘ylaymanki, butun dunyodagi odamlar bu ishni boricha ko‘rishadi. Dissidentni zaharlashga urinish ortida rossiyalik yuqori martabali rasmiy shaxslar turgani ehtimoli katta.

Biz bu ish takrorlanmasligi uchun o‘zimizga bog‘liq bo‘lgan barcha ishni qilamiz. O‘ylaymanki, normal davlatda bunday ishlashmaydi. Bu rus xalqiga qimmatga tushishi mumkin. Men bu Rossiya uchun yomon deb hisoblayman.

Odamlar buni ko‘rishadi va bu kuchli, muhim va xalqaro sahnada o‘z so‘ziga ega bo‘lishni istaydigan davlat emasligini aytishadi. Ular kuchli davlatlar bunday ish bilan shug‘ullanmasligini aytishadi. Buning o‘rniga ular erkinlik va demokratiya g‘oyalarini ilgarish surishlari kerak. Men o‘ylaymanki, bunday holatlar mamlakat nufuziga haqiqiy qora dog‘ bo‘lib tushadi», degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Rossiyadan bu ishda aybdorlarni topib jazolashni so‘raydi. «Biz ham bu ishga kim javobgar ekanini aniqlash uchun o‘zimizga bog‘liq barcha ishni qilamiz», deya qo‘shimcha qilgan AQSh davlat kotibi.

  • Aleksey Navalnyy 20 avgust kuni komaga tushib qolgandi. Dastlabki ikki kunni u Omskdagi shifoxonada o‘tkazdi, keyin uni Germaniyadagi klinikaga olib ketishdi. 2 sentabr kuni nemis shifokorlari tahlil natijalari Navalniyning organizmida «Novichok» guruhiga mansub zahar izlari borligini ko‘rsatayotganini ma'lum qilishdi.
  • Moskvadagilar Navalniyning zaharlanishiga aloqasi yo‘qligini ta'kidlab kelishmoqda. Omskdagi shifokorlar esa siyosatchining organizmida zaharli modda bo‘lmaganini aytishda davom etishmoqda.
  • 9 sentabr kuni Germaniyadagi Die Zeit nashri o‘z manbasiga asoslanib, Navalniy yangi, «Novichok» guruhining takomillashgan turi bilan zaharlangani, faqat tasodiflar zanjiri (uchuvchining tezkor harakati va samolyotni qo‘ndirishi, shifokorlarning bemorga juda tez atropin dorisini yuborgani shular jumlasidan.) tufayli omon qolgani haqida xabar tarqatdi.
  • Ma'lum qilinishicha, «Novichok»ning bu varianti ekspertlarga ma'lum bo‘lmagan, u «Novichok» guruhidagi boshqa ma'lum zaharlardan ko‘ra «zararli va ajalvor» bo‘lgan. Suiqasd uyushtirganlar u samolyotdayoq jon berishini rejalashtirishgandi. Die Zeit nashrining hisoblashicha, bunday yangi turdagi zahar orqali amaliyotni o‘tkazishga faqat Rossiya maxsus xizmatlari qodir.
Ko‘proq yangiliklar: