Hasanboy Do‘smatov: «Professional boksda ham yuqori cho‘qqilarni zabt etish niyatidaman»

Sport 15:04 / 10.09.2020 8926

Kun.uz muxbiri bokschi bilan bog‘lanib, rejalari va ayni kunlarda nimalar bilan bandligiga qiziqdi.

«Mashg‘ulotlarni Andijon shahridagi 50-maktab sport zalida o‘tkazyapman. Shuningdek, jismoniy holatimni yanada yaxshilash maqsadida fitnes zalida shug‘ullanyapman. Tajribali murabbiylar Ziyoviddin Toyganboyev va O‘tkirbek Haydarov menga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, professional ringda bo‘ladigan janglarga puxta tayyorlanish bo‘yicha kerakli maslahatlarni berishmoqda», – deydi Hasanboy Do‘smatov.

Sportchi karantin sabab oilasi bag‘rida ekani, ta'tilni ikki yoshga yaqinlashayotgan o‘g‘li Muhammad Ali bilan ayniqsa maroqli o‘tkazayotganini ta'kidladi.

«Karantin talablari yumshatilib, xorijga yo‘llar ochilsa, Amerikaga jo‘nab ketaman. U yerda professional ringda o‘tadigan jangga ikki oycha tayyorgarlik ko‘raman.

«Mir boksa» klubi safiga qo‘shilganman. Menga mohir murabbiylar Joel Dias va Tono Dias ustozlik qilishadi. Ularning qo‘l ostida professional boksda ham yuqori cho‘qqilarni zabt etishga harakat qilaman», – deydi Hasanboy.

Eslatib o‘tamiz, 27 yoshli bokschi professional ringda hozircha bitta jang o‘tkazgan. 2019 yil noyabrida Meksikada debyutini o‘tkazgan Do‘smatov mezbon bokschi Xesus Servantes Vilyanuevani 2-raundda polga qulatib, professional boksdagi faoliyatini nokaut bilan boshlagan edi.

Ko‘proq yangiliklar: