#FootWeek: Farg‘onada bolalar futboli qay holatda?

Sport 08:22 / 10.09.2020 3424

O‘zbekistonda eng ommaviy sport turi – futbol! Ana shu sport turi bilan nafaqat professional darajada, balki havaskor darajada ham ko‘plab kishilar shug‘ullanishadi. Mustaqillikning ilk yillarida futbol bo‘yicha milliy chempionatimizda Farg‘ona futboli alohida ahamiyatli o‘rin tutardi. Viloyatning bosh jamoasi «Neftchi» ko‘p marta mamalakat chempioni, Osiyo va MDH miqyosidagi turnirlarda yurt sharafini himoya qilgan katta klub edi.

To‘g‘ri, ayni paytda «Neftchi» avvalgi mavqeini birmuncha boy bergani holda Pro-ligada ishtirok etyapti. Biroq, Farg‘onada professional klublar soni ko‘payib bormoqda. Yaypanning «Turon», Farg‘onaning «Istiqlol», Qo‘qonning «Qo‘qon-1912» klublari Superliga va Pro-ligada muvaffaqiyatli ishtirok etishyapti. Ularning ambitsiyalari ham yuqori.

Viloyatda azaldan futbolga, xossatan, bolalar va yoshlar futboliga e'tibor yetarli darajada bo‘lgan. Bu zamin o‘zbek futboliga yetkazib bergan iqtidorlar talay. Hozir-chi, hozir ahvol qanday? Viloyatda futbolga, ayniqsa bolalar futboliga e'tibor qay darajada? Qanday loyihalar amalga oshirilish arafasida?

Biz odatda #FootWeek loyihasi doirasida imkon qadar barcha hududlardan reportajlar qilishga va muammolarni olib chiqishga o‘rganganmiz. Biroq futbol va uning atrofi muammolardangina iborat emas. Futbolning pozitiv jihatlari ham yetarli. Bu daf'a mini-intervyumizda Farg‘onada amalga oshirilayotgan yaxshi ishlar borasida gaplashgimiz keldi. Buning uchun Farg‘ona Futbol Assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, sobiq futbolchi Nosir Otaqo‘ziyevga yuzlandik. U bizni viloyatda yagona bo‘lgan Futbol markazi bilan tanishtirdi.

«Markazda 4 ta sun'iy maydon mavjud», deya gap boshladi Otaqo‘ziyev. «Markaz 5 gektarga yaqin maydonni egallagan. Bu yerda, shuningdek, futzal musobaqalarini o‘tkazishga mo‘ljallangan 28x48 o‘lchamli zamonaviy zal bor. 100 kishilik majlislar zali, 50 kishilik oshxona, 50 kishiga mo‘ljallangan yotoqxona. Kommunikatsiya joyida – suv, issiq suv, isitish tizimi, elektr ta'minoti. Davlat rahbarining farmoyishi, Vazirlar Mahkamasining qarori va Viloyat hokimi qarori bilan mana shu Futbol markazi FFA balansiga o‘tkazib berildi. Futbolga va yoshlarga bo‘lgan e'tibor bu. Turli yoshdagi terma jamoalar o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishadi. Avvallari yopiq turgan inshoot endi futbolchilar ixtiyoriga berildi.

Biror bir to‘lovlarsiz turli yoshdagi, toifadagi jamoalar o‘ynashlari, mashq o‘tkazishlari mumkin. Atrof mahallalardagi yoshlar o‘rtasida musobaqa tashkil qilmoqchimiz, ularni barcha inventarlar bilan ta'minlaymiz. Shu joyning o‘zida seleksiya ishlarini o‘tkazyapmiz. 50 nafardan ortiq bolalarni seleksiya qilib, tanlab oldik. Ushbu ro‘yxatni klublarga, sport maktablariga berdik. Bu yigitlar orasidan istalganini tanlab olinglar, dedik.

O‘zim futbolda katta bo‘ldim, faoliyatim maydonda o‘tdi. Endi murabbiylik qilib ko‘rmoqchiman. Sharoit bor. Murabbiylikda qo‘limdan nimalar kelishini o‘zim uchun ham ko‘rib olmoqchiman. Barcha istovchilarni yig‘ib, kuniga bir marta ovqatlanishini tashkil qilib, kerakli sharoitlarni taqdim qilib, liboslar bilan ta'minlab, ularni sinovdan o‘tkazamiz va iqtidorlarni tanlab olamiz», deya rejalari bilan o‘rtoqlashdi sobiq futbolchi.

Biz esa uning bu ishlarida omad tilaymiz. Viloyatdagi futbol bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan istalgan bola Otaqo‘ziyev qoshiga kelib, o‘zini sinab ko‘rish imkoniyati bor. Farg‘onaga katta futbol qaytishi, qaytganda ham mahalliy klublar mamlakatda yetakchilar rolida bo‘lishini istar edik.

Ko‘proq yangiliklar: