Bog‘chalar faoliyati uchun qo‘yiladigan sanitar talablar ma'lum qilindi

Jamiyat 15:55 / 10.09.2020 4431

10 sentabr kuni o‘tkazilgan «Maktabgacha ta'lim: yangi start» mavzusidagi matbuot anjumanida pandemiya sharoitida maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyatiga qo‘yiladigan talablar ma'lum qilindi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bog‘cha tarbiyalanuvchilari va xodimlari xavfsizligini ta'minlash uchun quyidagi chora-tadbirlar ko‘riladi:

  • Kirish joyida to‘planishlarning oldini olish uchun tarbiyalanuvchilar tasdiqlangan jadval asosida kuzatib qo‘yiladi va olib ketiladi. Bolalarni tarbiyachilar qabul qilib oladi, bola tarafidan bo‘lgan vakillar bog‘cha hududiga kiritilmaydi;
  • Ochiq havodagi mashg‘ulotlar va sayrlar paytida bolalar, tarbiyachilar va ularning yordamchilarining bevosita munosabatiga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • Binolarda kuniga 3 marta tozalovchi vositalar yordamida suvli, 1 marta dezinfeksiya vositalari orqali tozalash ishlari o‘tkaziladi. Shuningdek, ko‘p muomalaga kirishuvchi yuzalar (eshik va deraza tutqichlari, romlar, stollar, elektr ulagichlar) kun davomida 4 marta dezinfeksiya qilinadi;
  • Har kuni o‘yinchoqlar, tarbiyaviy materiallar va jihozlarning sanitar tozalov ishlari, bundan tashqari, usti berk supachalar va o‘ynash maydonchalarining tozalash ishlari va dezinfeksiyasi o‘tkaziladi;
  • Kontaktlarning oldini olish uchun xodimlar ovqatni jadval bo‘yicha faqat ovqat bloklaridan oladi. Idish-tovoqlarni yuvishda dezinfeksiyalovchi vositaning 1 foizlik eritmasidan foydalaniladi.

Xususiy MTTlar o‘z rahbariyatlari qaroriga muvofiq ravishda ochiladi.

Anjumanda qayd etilishcha, bolalarning maktabgacha ta'lim tashkilotiga xavfsiz qatnovini ta'minlash uchun vazirlik tomonidan quyidagi choralar ko‘riladi:

  • Bog‘chaning pandemiya holatida ochilishga tayyor ekanligi monitoring qilinadi;
  • xodimlarning sanitar-gigiyenik va epidemiyaga qarshi qoidalarga qo‘shimcha o‘qitilishi amalga oshiriladi;
  • televideniye va internetda efirga uzatilishi uchun tarbiyaviy kontent yaratish davom ettiriladi.

Shuningdek, maktabgacha ta'lim tashkilotlari pandemiya sharoitida xavfsiz faoliyat yuritishi uchun tuman/shahar hokimiyatlari mahalliy budjet hisobidan bir qator tadbirlarni amalga oshirishi kerak bo‘ladi.

Xususan, suv ta'minoti tizimiga ulanmagan va artezian quduqlariga ega bo‘lmagan davlat MTTga uzluksiz suv zaxirasi yetkazib berilishi, dezinfeksiyalash va tozalash vositalari, qo‘llar uchun zaruriy antiseptik vositalar bilan ta'minlanishi lozim.

Ko‘proq yangiliklar: