Malayziya O‘zbekistonda halol mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ilg‘or tajriba markazi tashkil etadi

O‘zbekiston 11:31 / 09.09.2020 1249

Joriy yilning 8 sentabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari S.Umurzoqovning Malayziya bosh vazirining birinchi o‘rinbosari - xalqaro savdo va sanoat vaziri Muhammad Azmin Ali bilan videokonferensiya shaklida muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, suhbat chog‘ida ikki mamlakat hukumatlari tomonidan koronavirus pandemiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va iqtisodiyotga ta'sirini kamaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan birga qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirish, shuningdek, investitsiya, savdo-iqtisodiy, transport-logistika, madaniy-gumanitar va turizm sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar ikki mamlakat mahsulotlar yetkazib beruvchilari va buyurtmachilari o‘rtasida mustahkam aloqalar o‘rnatish orqali o‘zaro savdo hajmini yanada oshirishga bo‘lgan qiziqishlarini qayd etdilar. Savdo bo‘yicha Qo‘shma savdo qo‘mitasining yig‘ilishini o‘tkazish maqsadida Malayziya Xalqaro savdo va sanoat vazirligi bilan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi sa'y-harakatlarini birlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Qo‘mita yig‘ilishi doirasida ikki mamlakatning kimyo, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, to‘qimachilik va elektrotexnika tarmoqlarining yetakchi kompaniyalari ishtirokida O‘zbekiston-Malayziya biznes-forumi o‘tkaziladi.

Savdoni raqamlashtirish sohasida Malayziyaning tajribasini jalb qilish istiqbollari ta'kidlandi - shu nuqtayi nazardan, Consumption Union kompaniyasining CU Rewards elektron savdo maydonchasi mahalliy eksportchilarga o‘z mahsulotlarini Janubiy - Sharqiy Osiyodagi iste'molchilarga sotish imkonini beradigan samarali mexanizm bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Malayziya islom taraqqiyoti departamenti (JAKIM) va “O‘zstandart” agentligi hamkorligida O‘zbekistonda halol mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ilg‘or tajriba Markazini tashkil etish rejalari muhokama qilindi. Markazning tashkil etilishi Respublikada Malayziyaning ilg‘or tajribasi asosida halol mahsulotlar ishlab chiqarishni joriy etishga, shuningdek, o‘zbek eksport qiluvchilariga Janubiy – Sharqiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga hamda ishlab chiqaruvchilar mazkur sertifikatga ega bo‘lishlari majburiy bo‘lgan boshqa mamlakatlarning bozorlariga chiqish imkonini beradi.

Ko‘proq yangiliklar: