«Tadbirni o‘tkazishga jiddiy qarshiliklar bo‘lgan» - bundan 3 yil oldin Toshkentda 8 tonnalik osh damlangan edi

Jamiyat 17:06 / 08.09.2020 16090

Poytaxt markazidagi Amir Temur xiyobonida o‘tkazilgan ommaviy tadbir xalq sayliga aylanib ketgan, unda Toshkent uchun noodatiy tarzda bir necha o‘n minglab kishilar qatnashgan edi.

Festival tashkilotchilaridan biri – Mass-media fondi rahbari Komil Allamjonov Telegram'dagi sahifasida uch yil oldingi tadbirni yodga olib, uni tashkil etish oson kechmagani, «akaxonlar» tomonidan qarshiliklar bo‘lgani, biror kor-hol bo‘lsa, uni o‘sha zahoti qamash bilan tahdid qilingani kabilar haqida hikoya qilib berdi.

«Albatta, ushbu tadbirni tashkillashtirish oson kechmagan. 8 tonnalik qozondan tortib, unga mos maxsus kapgirlar, qozon o‘chog‘i-yu, uni qizdirish uchun gaz hajmi bexato olinishi zarur edi. Aks holda, millionlab odamlar orasida sharmanda bo‘lish hech gap emas.

Yana bir masala, osh pishsa-yu, lekin rekord o‘rnatilmay qolsa, unda nima bo‘ladi, degan xavotirda edim. Yana ham dahshatlisi, kutilmaganda qozon og‘irlikka dosh berolmay, yorilib ketsa-chi, degan qo‘rquv bor edi. Nafaqat men, balki oshpazlarning o‘zi ham ozgina sarosimada. Bir sirni aytay, 8 tonna osh damlash uchun kerak bo‘lgan qozon chizmasini tayyorlab berishni so‘rab, suv havzasi (basseyn) yaratuvchi loyihachilarga buyurtma berganmiz.

Qozonni esa Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbari boshchiligidagi guruh cho‘yandan quyib bergan. Qozon tayyor bo‘lganda, tadbirdan avval unda bir necha tonna yog‘ni yaxshilab qizdirib, toblab, so‘ng o‘sha zavodning o‘zida bir marotaba osh damlab ko‘rishga qaror qildik. Birinchi osh ham juda shirin chiqdi. Endi shuncha oshni nima qilamiz, deb o‘ylab turgandik, ishonasizmi, bir necha tonna oshni zavod xodimlarining o‘zi bir soatga qolmay paqqos tushirib, tugatib qo‘yishdi.

Nihoyat, 8 sentyabrda tadbirimiz boshlandi. Kutilmaganda shahar markaziga yog‘ilib kelgan minglab, o‘n minglab odamning hammasi qozon tomon yopirildi. O‘sha lahzada meni rosmana vahima bosdi. Allohdan faqat tadbirimiz tinchlik bilan, noxushliklarsiz o‘tishini so‘radim.

Agar o‘sha paytda biror bir odamga shikast yetsa, tamom bo‘lardik. Tadbirni o‘tkazishga yaxshigina qarshiliklar ham bo‘lgan va hatti-harakatlarimni «lupa ostidan» kuzatib, xato qilishimni poylab turgan «akaxonlar» ham bor edi. «Agar biror kor-hol bo‘lsa, sizni o‘sha zahoti qamaymiz», degan gaplarni ham bir necha marotaba eshitganmiz. Yuz minglab ODAM keladi, biron favqulodda holat bo‘lib qolsa, unga kim javob beradi, degan ziddiyatli muhokamalar... (Ohhh!) Men ham «albatta, men o‘zim javob beraman!» deb qo‘rqmay gapirgan ekanman o‘shanda. Hozir eslasam, o‘zim vahimaga tushib ketaman.

O‘sha paytda menga kuch bergan inson bu – prezidentimiz edilar. Ular menga ishondilar. Xullas, nihoyat tarixiy voqea yuz berdi. O‘zbek palovi Ginnessning rekordlar kitobiga kiritildi», – deb yozadi Komil Allamjonov.

U tadbirga oshpaz Bahriddin Chustiy va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev bosh-qosh bo‘lganini ta'kidlagan; rekord miqdordagi palov damlash g‘oyasi Bahriddin Chustiydan chiqqanini eslab, ayni kunlarda koronavirusdan davolanayotgan taniqli restoratorga salomatlik tilagan.

Ko‘proq yangiliklar: