Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Past Darg‘omdagi muammoni o‘rganish uchun Samarqandga bordi

Jamiyat 21:53 / 08.09.2020 11587

Kun.uz'da «Past Darg‘omda «1000 ta jo‘ja spektakli»: Bosh rollarda prokuror va o‘g‘lini kambag‘al qilib ko‘rsatgan «mahallaqo‘m» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Unda «Qo‘qoni» mahallasi raisi «Temir daftar»ga kiritilgan kambag‘al oila deb aslida o‘z oilasini ko‘rsatgani haqida so‘z borgan.

Kun.uz'da yoritilgan voqea tezda ko‘pchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘ldi. Avvaliga Past Darg‘om tumani hokimligi, keyinchalik Bosh prokuratura bu borada rasmiy munosabat bildirdi.

Mamlakatdagi ochiqlik siyosatini qo‘llab-quvvatlagan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi ham voqeaga befarq bo‘lmadi va bu borada munosabat e'lon qildi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov boshchiligidagi ishchi guruh ayni damda Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida bo‘lib turibdi. Vazir boshchiligidagi ishchi guruh masalani voqea joyida o‘rganmoqda. 

Ma'lum bo‘lishicha, bugun, 8 sentabr kuni mazkur holat bo‘yicha Past Darg‘om tumani «Qo‘qoni» mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda vazirlik rahbariyati ishtirok etdi.

Shuningdek, maqolada keltirib o‘tilgan holatlarga huquqiy baho berish bo‘yicha voqea va unda ishtirok etgan mas'ul xodimlar bilan bog‘liq tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etiladi.

O‘rganish tafsilotlari haqida tez fursatda batafsil ma'lumot beriladi.

Mahallalar «temir daftar»ga kiritilgan oilalar bilan ishlash borasida amalga oshirilayotgan ishlari bo‘yicha doimiy nazorat olib borish, shuningdek, mazkur salbiy holatlar qayta sodir bo‘lmasligi uchun fuqarolar yig‘inlari xodimlari ishtirokida tushuntirish-targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish, soha xodimlarining o‘z faoliyati yuzasidan mas'uliyatini yanada oshirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar, Toshkent shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalariga vazirlikning ko‘rsatma xati yuborilgan.

Ko‘proq yangiliklar: