Voqeani o‘rgangan organlar “uchastkavoy”ning tanobini tortib qo‘ymagani ham Samarqandda qonunlar ishlamayotganidan darak bermoqda.
Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan videotasvirda “Equinox”ni boshqargan IIB xodimi soniyalar ichida bir nechta qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygani ko‘rinib turibdi. Biroq, oqibatda ikkinchi avtomobil - “Vaz 2107” egasi aybdor bo‘lib chiqqan. “Equinox”ning haqiqiy egasi esa tovon pulini inspektor to‘lab berishini talab qilyapti.
“Vaz 2107” haydovchisi O‘rol Saidov biz bilan suhbatda o‘ziga nisbatan adolatsizlik bo‘layotganini bildirdi.
Saidovning aytishicha, u joriy yilning 20 yanvar kuni 9.30 larda “Samarqand-Juma” yo‘nalishida kelayotib, mashinasini chap tomonga burgan. O‘sha vaqt kutilmaganda “Equinox” kelib unga urilgan va pastlikka tushib ketgan. Saidov o‘sha vaqt chamasi yetmish metr narida bir nechta avtomobil qizil chiroqda kutib turganini ko‘rgan. “Equinox” esa qarama-qarshi harakatlanib, o‘sha mashinalarni quvib o‘tgani va katta tezlikda kelgani uchun ko‘rmaganini aytmoqda.
YTH sodir bo‘lganidan so‘ng “Equinox”dan “formali yigit” (Past Darg‘om tumanidagi Mang‘itobod mahallasi profilaktika inspektori Salohiddin Pardaqulov) tushgan va aybiga iqror bo‘lgan. Zararni to‘lab berishini aytgan.
Biroq bir necha kun o‘tib voqealar butunlay teskari tus olgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toyloq tuman sudida O‘rol Saidovning aybi bilan YTH sodir etilgan, degan xulosaga kelingan. “Equinox”ga yetkazilgan 62,5 million so‘m zararni Saidov to‘lab berishi ko‘zda tutilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan. Profilaktika inspektori bu paytga kelib hamma aybni Saidovning bo‘yniga ag‘dargan.
Saidov IIB xodimi Pardaqulovning bir kun avval spirtli ichimlik iste’mol qilganini tasdiqlovchi guvohlar, YTH sodir etilgunga qadar ham bir nechta qoidabuzarlik qilganini isbotlab turgan tasvirlar sud jarayonlarida inobatga olinmayotganidan norozi bo‘lmoqda.
Voqeaning o‘ziga xos tomoni shundaki, “Equinox”ning asl egasi bo‘lgan Fozil Normurodov sud qaroriga ko‘ra O‘rol Saidovdan zararni undirib olishni istamayapti. U biz bilan suhbatda inspektor Pardaqulov YTHdan bir kun avval uning o‘g‘li Mansurdan Samarqand shahriga olib borishni so‘raganini aytmoqda. Shaharda ular birgalikda spirtli ichimlik iste’mol qilgan va inspektor uning o‘g‘lini qoldirib, mashinani hech qanday hujjatsiz haydab ketgan.
Mashina videoregistratoriga tushib qolgan tasvirlarda profilaktika inspektori bir nechta joyda to‘xtaydi. Noma’lum shaxslar bilan suhbatlashib, Past Darg‘om tumanida ishlash unga qulayligi, hududda tanish-bilishi ko‘pligi, istalgan ishni bittada bitirishi bilan maqtanadi.
Bir sutka davomida “Equinox” Pardaqulovning xizmat uyida qoladi. Ertasi kuni, YTH sodir bo‘lishidan oldin ham svetoforlardan “qizil”da o‘tadi. Natijada, avtomobillar to‘qnashuvidan oldin ham qarama-qarshi tomonga o‘tib gazni bosadi va falokatga sababchi bo‘ladi.
“Equinox”ning egasi Fozil Normurodov hodisa joyiga yetib borganida inspektor Pardaqulov organ xodimi bo‘lgan tanishlarini chaqirayotganiga guvoh bo‘lgan. O‘sha paytdayam undan spirt hidi kelib turganini aytmoqda. Normurodov mashinasini hujjatsiz boshqargan inspektordan YTH paytida rulda o‘tirgani bo‘yicha tilxat talab qiladi. “Men formadagi odamman, bunday qilolmayman. Kameraga ham tushishim mumkin emas”, — deya e’tiroz bildiradi. Ayb o‘zidan ekanligini tan olib, mashina egasiga ham zararni qoplab berishni bo‘yniga oladi.
Inspektor Pardaqulov o‘zining xatti-harakatlari avtomobil videokamerasiga tushib qolganini bilmaydi yoki bu narsa uning xayoliga kelmaydi. Natijada falokatdan so‘ng Normurodov videoyozuvlarni mashinasidan yechib oladi va asl holat yana ham oydinlashadi.
Fozil Normurodov ushbu voqeaga qadar “Vaz 2107” haydovchisi O‘rol Saidovni hech qachon ko‘rmagani, uni tanimasligini aytmoqda. “Biroq asl haqiqatni ko‘ra turib, bir bechoraga jabr qilishni istamayman. Davlat odami bu darajada qonundan ustun bo‘lishiga ham toqat qilmayman. Mening inspektorda ham eski adovatim yo‘q, mard bo‘lib zararni qoplab berishi kerak”, dedi u.
Ikki tomon ham endi Oliy sudga murojaat qilib, haqiqat qaror topishiga umid bildirayotganini aytib o‘tdi.
Biz profilaktika inspektori Salohiddin Pardaqulov hozirgi vaqtda qayerda ishlayotgani bilan qiziqdik. Samarqand viloyati IIB axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, u hozir boshqa mahallaga ko‘chirilgan va inspektor vazifasini davom ettirmoqda.
Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.