«Ketishimga qo‘yishmadi» – Messi «Barselona»da qolishini e'lon qildi

Sport 21:23 / 04.09.2020 36971

Lionel Messi «Barselona»da qoladi. Bu haqda argentinalik futbolchi rasmiy bayonoti orqali ma'lum qildi. Kataloniyalik muxlislar yengil tin olishdi, lekin 33 yoshli forvard hali ko‘k-anorranglilarning rahbariyati bilan urush holatida, qolaversa u yangi bosh murabbiyi Ronald Kuman bilan chiqishib keta olmagan.

Messi o‘z bayonotida nima dedi

Men rafiqam va bolalarimga klubni tark etish istagim haqida gapirganimda, bu shafqatsiz drama bo‘lgandi. Oila a'zolarimning barchasi yig‘lashdi, bolalar Barselonadan ketishni va maktablarini almashtirishni istamasdi. Lekin men kelajak haqida o‘ylashim kerak edi. 

Yuqori saviyada o‘ynashni, sovrinlar yutishni, Chempionlar ligasida raqobatbardosh jamoada bo‘lishni istayman. Bu turnirda har doim ham g‘alaba qozonib bo‘lmaydi, bu juda murakkab turnir, ammo hamisha yaxshi ishtirok etish kerak. Rimda, Liverpulda va Lissabondagi kabi sochilib ketish emas, kurashish kerak. Bularning barchasi meni klubni o‘zgartirish haqida o‘ylashga majbur qildi.

Keta olishimga ishonchim komil edi. Klub prezidenti hamisha istalgan mavsum yakunida ketish yoki qolish bo‘yicha o‘zim qaror qabul qilishim mumkinligini aytardi. Endi esa rahbariyat men 10 iyungacha ketishim haqida ogohlantirmaganimga yopishib oldi. Axir biz o‘sha vaqtda koronavirus tufayli mavsum davom etish-etmasligini bilmaganmizku! Bu kasallik butun mavsumni o‘zgartirib yubordi.

Shunday ekan, men qolaman. Prezident faqat 700 mln yevro to‘lansa ketishim mumkinligini aytdi. Bu esa imkonsiz ish. Boshqa variant ham bor edi — barchasini sudda hal qilish. Lekin men hech qachon «Barsa» bilan sudlashmayman, men bu klubni juda sevaman. Klub menga juda ko‘p narsa bergan. Bu klub hayotimga aylangan. Klub menga barchasini berdi, men esa faqat arzimas chaqalar qaytardim. Xayolimga hech qachon «Barselona» bilan sudlashish fikri kelmagan.

Men hamisha klubni hammasidan ustun qo‘yganman. Men ko‘p marta «Barsa»dan ketishim mumkin bo‘lgan. Pullar? Har yili men ketishim va «Barselona»dagidan ko‘proq pul ishlashim mumkin edi. Men hamisha bu mening uyim ekanini aytib kelganman.

Men Barselonani sevaman va bu yerdan yaxshiroq joy topa olmasligimni tushunaman. Lekin menda tanlov huquqi bor. Men o‘z oldimga yangi vazifalar va yangi maqsadlar qo‘yishni rejalashtirgandim. Ertagayoq qaytishim mumkin, axir «Barselona»da hammasi bor.

Men klub prezidentiga ketishni istashimni aytdim. Butun yil davomida aytib keldim. Boshqa tomonga ham qadam tashlash vaqti kelgan deb o‘yladim. Men klubni yoshartirish kerak deb hisobladim, mening klubdagi davrim poyoniga yetdi deb o‘yladim. Garchi men faoliyatimni shu yerda yakunlash haqida orzu qilgan bo‘lsamda. Men «Bavariya»dan mag‘lubiyat tufayli bu qarorga kelmadim, men ko‘p vaqtdan buyon bu haqda o‘ylab kelardim. Oxir-oqibat, klub prezidenti o‘z so‘zida turmadi.

Yil davomida men Bartomeuga ketishni istayotganimni, faoliyatimda yangi maqsadlar va yangi yo‘nalishlar izlash vaqti kelganini aytib keldim. U esa hamisha shunday takrorlardi: «Gaplashamiz, ammo hozir emas». Ammo ish aniq muhokamalarga yetib bormasdi. U hamisha mavsum yakunida barchasini o‘zim hal qilishim mumkinligini aytardi, ammo hech qachon aniq sanani belgilamasdi. Haqiqat shuki, klubda ko‘p vaqt davomida aniq loyiha bo‘lmadi, rahbariyat esa faqatgina teshiklarni yamash bilan band bo‘ldi.

Men baxsiz edim va ketishni xohlagandim, ammo bunga imkon berishmadi. Shunday ekan men qolishga majbur bo‘ldim. Bartomeu boshchiligidagi rahbariyat «Barselona»ga rahbarlik qilishi bu — falokat.

Ketishni qanchalik xohlagan bo‘lsam ham, o‘yinga bo‘lgan munosabatim o‘zgarmaydi. Maksimal darajada o‘ynayman.

Har doim g‘alaba qozonishni, raqobatbardosh bo‘lishni xohlayman. Yutqazishni yoqtirmayman. Doim klub uchun, futbolchilar uchun va o‘zim uchun eng yaxshisini istayman.

Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘lish uchun kerakli yordam ololmayapmiz, dedim. Aslida buyog‘iga ham nima bo‘lishini bilmayman. 

Yangi murabbiy keldi, uning o‘z g‘oyalari bor. Bu yaxshi, ammo jamoaning ularga munosabati qanday bo‘lishini, yangi g‘oyalar bizga eng yuqori saviyada kurashishga imkon beradimi yoki yo‘qmi, ko‘rib chiqishimiz kerak. Shuni aytishim mumkinki, «Barselona»da qolaman va bor kuchimni beraman.

Messi ketishi ehtimoli bilan bog‘liq voqealar rivoji qanday rivojlandi?
So‘nggi uch haftada Messi atrofidagi voqealar o‘tkir syujyetli filmdagi kabi rivojlandi. Bir-biriga zid bo‘lgan turli xabarlar tarqaldi, bunday xabarlardan futbol muxlislarining boshi aylandi. Ammo bir gap aniq edi – Leo Kataloniya poytaxtidan ketishga qat'iy ahd qilgandi.

Chempionlar ligasi chorak finalida «Barselona» «Bavariya»dan 2:8 hisobida mag‘lub bo‘lgach, ispaniyalik jurnalistlar Messi klub rahbariyatiga 2021 yil yozini - shartnomasi muddati tugashini kutmasdan ketmoqchiligini aytgani haqida yoza boshlashdi. Ko‘p o‘tmay, 20 avgust kuni Leo jamoaning yangi bosh murabbiyi Kuman bilan uchrashdi. Aftidan, yangi bosh murabbiy bilan suhbat unga ma'qul bo‘lmagan va bu uchrashuv uning ketish qarorini yanada mustahkamlagan. Deportes Cuatro ma'lumotiga ko‘ra, Kuman o‘zini qattiqqo‘l tutgan va u hech kimga alohida qaramasligini bildirgan.

Niderlandiyalik mutaxassis esa intervyularidan birida Messi haqida iliq fikrlar bildirdi: u jamoani Leo atrofida qurmoqchiligini aytgandi.

Argentinalik futbolchi uchun birinchi navbatdagi da'vogar – «Manchester Siti» bo‘ldi. Messi sobiq ustozi Xosep Gvardiola bilan yana birga ishlashga qarshi emasdi. Angliya klubi ushbu yulduz futbolchi uchun ko‘k-anorranglilar jamoasiga 100 mln yevro berishga tayyorligi, ushbu transfer doirasida – Erik Garsiya, Bernardu Silva va Gabriel Jyezus kabi futbolchilar ham Kataloniyaga yo‘l olishi mumkinligi haqida yozishdi. Leoning ketish istagi bildirilgan byurofaks olgan «Barselona» 25 avgust kuni direktorlar kengashining shoshilinch yig‘ilishini chaqirdi. Yig‘ilishda kengash a'zolarining ayrimlari klub prezidenti Jozep Bartomeuga ishonchsizlik bildirishga chaqirishdi. «Barsa» ofisi atrofida klub muxlislari to‘plana boshlashdi va Bartomeuning iste'fosini talab qilishdi.

Ammo ko‘k-anorranglilar klubi rahbari ketishga ham, Messini qo‘yib yuborishga ham rozi bo‘lmadi. Klub argentinalik futbolchining vakillariga u faqat shartnomasida ko‘rsatilgan 700 million yevrolik badal puli to‘langan taqdirda «Barselona»dan ketishi mumkinligini bildirdi. Rahbariyat shartnomada futbolchi istalgan mavsum yakunida erkin agent maqomida ketishi mumkinligi ko‘rsatilgan punktdan foydalanish muddati 10 iyunda yakunlanganini ma'lum qildi.

Lekin, Messi isyon qilishda davom etdi: 30 avgust kuni u «Barselona» bazasiga koronavirusga majburiy test topshirishga kelmadi. U keyin Kuman boshchiligidagi ilk mashg‘ulotlarni ham o‘tkazib yubordi. Ispan nashrlari klub argentinalik futbolchini bu harakati uchun jazolamasligini bildirdi. Bu orada Leo va Gvardiola o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilgani hamda «Manchester Siti» forvardning taqdimotiga tayyorlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Ammo sentabr oyi boshida vaziyat o‘zgara boshladi. Shu haftaning chorshanba kuni tongida Barselonaga nihoyat Xorxe Messi — Leoning ishlarini yurituvchi otasi uchib keldi. Uning kechikishiga Argentina koronavirus bilan bog‘liq vaziyat og‘ir bo‘lgan davlatlar qatorida ekani sabab bo‘ldi, shu tufayli Janubiy Amerika davlatidan Ispaniyaga va Yevropaning boshqa mamlakatlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareys yo‘q. Shu tufayli katta Messi Kataloniya poytaxtiga yetib olish uchun sabr qilishiga to‘g‘ri keldi.

Shu kuni klub bazasida u va «Barselona» vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Sport nashrining yozishicha, muzokaralarda klub nomidan prezident Jozep Bartomeu va klub direktorlaridan biri Xaver Bordas, futbolchi tomonidan — Xorxe Messi, uning o‘g‘li Rodrigo va advokat Xorxe Pekur ishtirok etdi. Uchrashuv bir yarim soat vaqt davom etdi, ammo yakunda murosaga kelinmadi.

Bartomeu yana bir marta Leoni «Barselona»dan shunchaki qo‘yib yubormasligini ma'lum qildi va transfer bo‘yicha hech qanday muzokara o‘tkazilmasligini bildirdi — u faqat shartnomada ko‘rsatilgan 700 million yevro miqdoridagi badal puli to‘lanishi evaziga ketishi mumkinligini aytdi. Klubdagilar argentinalik futbolchi jamoaning yangi bosh murabbiiy Ronald Kuman boshchiligidagi loyihaning bir qismi bo‘lishiga ishonch bildirishdi.

Xorxe Messi avvaliga o‘g‘li «Barselona»da qolmasligi haqida qat'iy aytdi, keyinroq yumshadi - endi u klub rahbariyatidan norozi ohangda gapirardi. Juma kuni tongda Lionel Messi va «Barselona» qarama-qarshiligida yana siljish kuzatildi. Argentinalik futbolchi fikrini o‘zgartirgani va Kataloniyada yana kamida bir mavsum qolishi haqida xabar paydo bo‘ldi.

Chindan ham argentinalik futbolchi o‘zining jonajon klubi bilan sudlashishni istamadi. Kamida 2021 yil yozigacha Messi «Barsa» uchun o‘ynashda davom etadi. U bu vaqt ichida fikrini o‘zgartirib, yangi shartnomaga imzo chekishi ham mumkin.

«Barselona» tarkibi bilan nimalar bo‘lmoqda?

Messining «Barselona»dagi voqealardan noroziligi sabablaridan biri – klub va Kuman uning jamoadagi eng yaxshi do‘sti Luis Suaresdan voz kechgani bo‘ldi. Urugvaylik hujumchi «Yuventus»ga o‘tmoqda. U «keksa sinora» bilan shartnoma bo‘yicha kelishib bo‘lgan va endi uning kataloniyaliklar klubi bilan 2021 yilgacha tuzilgan shartnomasi masalasi hal qilinishi  – «Barsa» Suaresga tovon puli to‘lab berishi kerak.

Boshqa bir qator futbolchilar ham jamoani qayta qurish qurbonlariga aylanishdi. Ivan Rakitich «Sevilya»ga qaytgan. 32 yoshli xorvatiyalik futbolchi transferi sevilyaliklar klubiga atigi 1,5 mln yevroga tushdi, yana 9 mln yevro bonuslar ko‘rinishida to‘lanishi mumkin.

Fransiyalik himoyachi Samuel Yumtiti va chililik yarimhimoyachi Arturo Vidal ham Suares kabi «Barselona»ni erkin agent sifatida tark etishi mumkin. Bu ikki futbolchi ham yangi bosh murabbiyning rejalaridan o‘rin olmagan. Fransuz futbolchisining kelajagi ma'lum emas, chililik futbolchi esa «Inter» bilan kelishib qo‘ygan.

Shuningdek himoyachi Jordi Alba va yarimhimoyachi Serxio Busketsning klubdagi taqdiri noma'lumligicha qolmoqda.

So‘nggi vaqtlarda Niderlandiya terma jamoasini boshqargan Kuman jamoaga o‘z vatandoshlarini yig‘moqchi. Algemeen Dagblad ma'lumotiga ko‘ra, «Liverpul» yarimhimoyachisi Jorjino Veynaldum (uning transfer qiymati 15-20 mln yevroga baholanmoqda) va «Lion» forvardi Memfis Depay Kataloniyaga kelishi kutilmoqda. Chap qanot himoyasiga bir necha nomzodlar bor – xususan, «Manchester Siti»dan Anxelino, «Valensiya»dan Xose Gayya va «Ayaks»dan Nikolas Talyafiko.

Yozgi transferlar chog‘ida Miralem Pyanich («Yuventus») va «Braga»ning yosh forvardi Fransishku Trinkau (u Krishtianu Ronalduga qiyoslanmoqda) klubga qo‘shib olingan.

«Bavariya» bilan Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan Filippe Koutino ham jamoada qolishi oydinlashmoqda. Braziliyalik futbotlchi ta'tilini barvaqt tugatib, «Barselona» mashg‘ulotlariga kelib qo‘shildi. Kuman Antuan Grizmann va Messi kabi uni ham jamoasining asosiy futbolchilari qatorida ko‘rmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: